Odilxon qori apellyatsiya sudidan so‘ng ozodlikka chiqarildi

Joriy yilning iyul oyida 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Odilxon qori Ismoilov ozodlikka chiqdi. Bu haqda uning yaqinlari QALAMPIR.UZ nashriga ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudida Odilxon Ismoilovga oid ish apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Sud qaroriga asosan, u sud zalidan ozod qilingan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida «Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon qori Ismoilov va boshqa sudlanuvchilarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan edi.
Sud hukmi bilan jami yetti nafar sudlanuvchi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi hamda hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Odilxon qori Ismoilovga 8 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qolgan olti nafar sudlanuvchiga esa qilmishlaridan kelib chiqib, turli muddatlarda qamoq jazosi belgilangan.
Odilxon qori Ismoilov ko‘p yillar davomida Toshkent shahridagi bir qator yirik masjidlarda faoliyat yuritgan. U Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi, shuningdek, «Ko‘kcha» (Shayx Zayniddin) masjidi imomi sifatida ham ishlagan.






























Izohlar 0
…