Sirdaryoda kundoshini va uning qizini o‘ldirgan ayolga hukm chiqarildi

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida erkakning qonuniy rafiqasi va uning qizlariga hujum qilgan ayol 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Millar» dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli ayol olti yil davomida bir erkak bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelgan. Biroq erkakning qonuniy oilasi ham bo‘lgani sababli ular o‘rtasida tez-tez nizolar yuzaga kelgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, janjallarga ayolning farzandli bo‘lish istagi ham sabab bo‘lgan. G‘azablangan sudlanuvchi oshxona pichog‘ini olib, erkakning uyiga borgan va uning qonuniy rafiqasi hamda ikki nafar qiziga hujum qilgan.
Hodisa oqibatida erkakning rafiqasi va 6 yoshli qizi vafot etgan. Ularning 3 yoshli qizi ham og‘ir jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Jinoyat ishi Shirin shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga bir nechta jinoyat uchun jazo tayinlash qoidalari qo‘llanilib, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Hukmga ko‘ra, mahkuma jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.






























Izohlar 0
…