Hozirda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida, aholiga zamonaviy, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga juda katta e’tibor berilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham joriy yilning avvalida ushbu soha vakillari bilan uchrashib, videoselektor majlisida davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga borish va buning uchun katta mablag‘ sarflashni qattiq tanqid qilgandi.
Lekin, afsuski, bugungi kunda Samarqand viloyatida kattalar uchun yagona hisoblangan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi shtatlari joriy yilning 1 martidan keskin qisqardi. Bu haqda “Qalampir” Fuqarolar qabulxonasiga murojaat va videomurojaatlar kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2016 yilning 27 dekabr kuni tibbiyot birlashmasi Bosh shifokori tomonidan Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limidagi shtatlar qisqarilishi bildirilib, 2017 yil 27 fevraldan muassasaning ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinib, ular shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasiga o‘tkazilgan.
1953 yilda tashkil etilgan va Samarqand tibbiyot tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bo‘limda bosh vrach tomonidan 1.0 shtat birligida yuz-jag‘ jarrohligi mutaxassisligiga ega bo‘lmagan LOR shifokor bo‘lim boshlig‘i sifatida qoldirilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Moliya va Mehnat (hozirgi Bandlik va mehnat munosabatlari) vazirliklari bilan kelishilgan 2016 yil 16 maydagi (06-3/356-, 12-03-02/975-sonli tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining tibbiyot, farmasevtik va boshqa xodimlarning vaqtinchalik shtat me’yorlarini tatbiq etish to‘g‘risidagi bo‘yrug‘iga ko‘ra, 30 o‘ringacha bo‘lgan jarrohlik profildagi bo‘limda bo‘lim boshlig‘i 1.0 shtat birligida bo‘lim mutaxassisi bo‘lishi kerak.
Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi shifokorlarining shtatlari ko‘payish o‘rniga, aksincha, qisqarishi mahalliy bemorlarning markazga, ya’ni Toshkentdagi tibbiy muassasalarga murojaat qilishlari, bir dardining o‘n dardga aylanishiga olib kelmoqda. Bemorlar va ularning yaqinlari uchun ortiqcha sarf-xarajat, ovoragarchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
O‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlamayotgan toifali, viloyatda bilim va tajribasi bilan tanilgan shifokorlar viloyat va shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlariga masalaning ushbu jihatlarini og‘zaki va yozma tushuntirishga harakat qilishdi, lekin murojaatlariga qoniqarli javob olishmadi.
Ushbu holat yuzasidan shifokorlarning murojaatlaridan so‘ng jurnalistik surishtiruvi o‘tkazildi va “Mening yurtim” telekanalining ijodiy guruhi ahvolni o‘rganib, tasvirga oldi. Biroq, mana, 4 oydirki, shtat qisqarishiga asosli sabab ham keltirilmadi, nomutaxassis bo‘lim boshlig‘i ham o‘z o‘rnini mutaxassisga bo‘shatib bermadi.
Murojaatdan ayon bo‘lishicha, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limida nomutaxasis vrach 2014 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Demak, odamlarning sog‘ligi ishonchsiz qo‘llarda qolmoqda. Jag‘i singan bemorga qulog‘ingizni tozalating, deyishsa, u bemor dodini yana kimga aytsin, masalan-da. Yo hamma Toshkent shahriga uchib kelsinmi?!
Ushbu muammo yana qachongacha paysalga solinadi? Mutaxassisligi LOR shifokori bo‘lgan vrach nima sababdan bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritayotganiga kimdir izoh beradimi? Yoki Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i Samarqand shahar tibbiyot markazi Bosh shifokori uchun ahamiyatga ega emasmi?
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi