15:08 / 21.07.2017
10 848

Opa-singil baxtiga zomin bo‘lgan aka-uka kuyovlar

Opa-singil baxtiga zomin bo‘lgan aka-uka kuyovlar
O‘z farzandidan voz kechgan otalar mavzusi, afsuski, siyqasi chiqqan, ammo jamiyatimizning eng og‘riqli muammosiga aylangan mavzudir. Toshkentda sodir bo‘lgan ushbu voqea kimlargadir saboq bo‘lishi mumkin.

Bundan bir necha yillar oldin 17-20 yoshli opa-singilning baxti bir kunda ochilib, aka-ukaga kelin bo‘lib uzatildi. Oradan ko‘p o‘tmay, ular homilador bo‘lishdi. Oy kuni etib, opa o‘g‘il, singil esa qiz ko‘rdi. Go‘daklarning biri, aniqrog‘i, opaning o‘g‘li tug‘ma nuqson bilan dunyoga keldi. Shifokorlarning tashxisi butun oila a’zolarini larzaga soldi. Kelinlaridan mamnun qaynonaning jilmaygan yuziga tundlik soya soldi. Buning ustiga irsiy kasallik tufayli yuzaga kelgan tug‘ma yurak xastaligi go‘dakning yashab ketishiga imkon bermasligi mumkin edi.

“Ne-ne orzu-umidlar bilan qudanikiga qovurdoq olib borgan kunim janjal ustiga chiqib qoldik. Qarindosh-urug‘im oldida yuzim shuvut bo‘ldi. Katta kuyovim qizimga taloq beribdi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla aralashib, otinlik qilib ayollarga islomdan dars beradigan ayol qudamga insof so‘rashdi”, deydi Vasila opa (ismlar o‘zgartirildi).

Qaysar qaynona xasta nevarani tan olishni istamadi. Azbaroi oilani asrab qolish maqsadida kelinchakka chaqaloqni “topshirib yuborish”ni taklif etishdi. Ammo onalik mehrini his etib bo‘lgan kelinchak o‘z farzandidan voz kechishdan ko‘ra ota uyiga qaytib borishni afzal bildi. Bag‘ritosh qaynonaning qarori bilan katta o‘g‘il o‘z farzandidan voz kechdi.

Opasining qismatidan qattiq kuyungan singil ham ko‘p o‘tmay, ota uyiga qaytib keldi. Qizlarining baxtsizligi, nevaralarining achchiq qismati ota qaddini bukdi. Qudalarga yalindilar, yolvordilar. Foydasi bo‘lmadi. Chaqaloqlarning otalari aka-uka kuyovlar ham osongina ajrashish yo‘lini tanlashdi. Vaholanki, singilning sog‘lom tug‘ilgan qizalog‘i ham bunga qarshi dalil bo‘la olmadi. Negaki, qaynona uchun irsiy nuqson bilan tug‘ilgan go‘dak kelinlarning “sog‘lom emasligi”dan darak edi go‘yo.

Shu kunlarda o‘sha yuragi xasta, yashashi dargumon bo‘lgan bolakay to‘rt yoshga to‘ldi. Uning beg‘ubor kulgisi, sho‘x-shodonligi har qanday toshbag‘irni o‘ziga rom etishga qodir. Bolaning zaif yuragiga shifokorlarning dori-darmoni emas, mehribon onasining muhabbati kuch bag‘ishlab turibdi. Birdaniga ikki qizining baxtsizligidan qattiq kuygan ota-ona ota etim nevaralarini bag‘riga olib, ularni mehr bilan parvarishlamoqda. O‘z farzandlaridan voz kechgan aka-uka esa kimlarningdir baxtiga zomin bo‘lib, yana uylandilar.

“Ishlashim kerak. Ammo bolamni ixtisoslashtirilgan bog‘chaga joylashtirishning o‘zi bo‘lmadi. Poliklinikamizda (40-OP) bolalar kardiologi, lagoped-defektolog, bolalar endokrinologi yo‘q. Ortoped va psixonevrolog haftada ikki kun ishlaydi. Nafaqaga va bog‘chaga hujjat yig‘ishda, ayniqsa, psixonevrologga ko‘p murojaat etishimga to‘g‘ri keladi. Har safar bir pachka oq qog‘oz, ikkita daftar, ruchka, elim kabi kanstovarlar so‘ragani etmaganidek, pul ham talab qiladi. O‘g‘limda tug‘ma yurak xastaligi borligi uchun har olti oyda mana shu shifokorlarning ko‘rigidan o‘taman. Bog‘chaga har olti oyda qayta-qayta hujjat yig‘aman. Bunaqada qachon ishga joylashaman, hayronman. Axir ota-onamga moddiy jihatdan ozgina bo‘lsayam yordamim tegishi kerak-ku!”, deydi Munisa.

O‘zbekistonda tibbiy genetika sohasining oqsoqlashi oqibati oilalar ajrimida aks etmoqda. Ushbu holatda kim aybdor, qizlarini erta turmushga bergan ota-onami, nevaralaridan voz kechgan qaynona, farzandiga befarq otalar yoki oilaning shaxsiy ishlariga “aralashishni” istamagan genetik-shifokor?

Tug‘ma nogironlik kamda-kam, ammo uchrab turadigan tibbiy muammo. Chunki bolalarning nogiron bo‘lib tug‘ilishi sabablari va omillari hanuz to‘liq o‘rganilmagan. Zamonaviy tibbiy uskunalarda o‘tkaziladigan erta tashxis ko‘rigini esa nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olishda samarali vosita, deb bo‘lmaydi. Chunki homiladagi irsiy yoki nasliy nuqsonlarning ba’zilarini faqat olti oylikdan keyingina aniqlash yoki taxminiy tashxislash mumkin. Bunday vaziyatda homilani olib tashlash eng beshafqat, ammo yagona echim bo‘lib qolmoqda.

Faqat bir narsa ko‘ngilga taskin beradi: biz o‘zbeklar bolajon xalqmiz. Tug‘ma nogiron farzandini asrab-ardoqlab, butun mehrini berib voyaga etkazayotgan ota-onalar ham bor. Hatto kechalari go‘dagining nafas olayotganidan boxabar bo‘lib turish uchun kaftini jajji yurakchaga qo‘yib, bedor uxlovchi onalar, kasali xuruj qilgan bolasini bag‘riga bosib, tong otishini umid bilan kutib, tunlarni bedor o‘tkazuvchi otalar bor oramizda.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Opa-singil baxtiga zomin bo‘lgan aka-uka kuyovlar