So‘nggi kunlarda eng muhim voqealaridan biri bo‘lib kelayotgan Gulnora Karimovaga doir mavzuning yana bir qirrasi yarq etib shu’la sochdi. Eslatib o‘tamiz, 28 iyul sanasida Respublika Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan ochilgan jinoiy ish tafsilotlarini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Gulnora Karimovaning mamlakatga etkazgan moddiy zararini hisob-kitob qilganlar, u bilan yonma-yon turib, faoliyatiga chetdan baho berganlar ham bo‘ldi. Endi esa mazkur mavzudagi navbatdagi maqolani e’tiboringizga havola etamiz. Fayzbog.uz nashri e’lon qilgan jurnalist Abror Zohidovning mazkur maqolasida mavzuga yangicha yondashishni kuzatamiz.
Gulnora Karimova… Yulduzlarni jam qilgan “Asrlar sadosi”, muhtasham, saxovatli “Fond Forum”, ko‘zni qamashtirguvchi Guli brendi…
Gulnora Karimova… U kimlarnidir baxtiyor qildi – zotan, opaning qalbi pokligiga, odamlarga ezgulik ulushmoqchi ekaniga astoydil ishonar edik. Balki soddadillik qilgandirmiz, balki boshqachadir… Bugun u haqida tamizdan yiroq so‘zlar ko‘paydi. O‘rtada xalq lol – axir bu oilaga, xususan, Gulnoraga adoqsiz hurmat-ehtirom, cheksiz mehr bilan yashagan ham biz emasmidik?..
Quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan maqola ham ana shunday qarama-qarshi o‘ylar ta’sirida yozilgan bo‘lib, unda olchoq va ikkiyuzlamachi qarsakbozlarga qarata aytilgan iztirobli so‘zlar bor.
Gulnora Karimova… Albatta, jazoning muqarrarligi tamoyili mavjud. Bunga hech kim qarshi chiqolmaydi. Istak va umid shulki, bu kunning madhiyabozlari, mehrsotar kimsalar vaziyatdan xulosa chiqaradilar…
Fayzbog tahririyati
****
O‘tgan haftaning eng muhim, eng shov-shuvli yangiligi bosh prokuraturaning Gulnora Karimovaning jinoyatlari aks etgan axboroti bo‘ldi. Hamma Googoosha tomonidan davlat va xalqqa etkazilgan zarar ko‘lamidan hayratga tushdi, uning trillionlab so‘m hamda milliardlab dollarlari, dunyoning turli burchaklariga sochib yuborilgan hadsiz boyliklari hisobiga nimalar qilish mumkinligi erinmay hisoblab chiqildi.
Endi bularning birortasi yangilik emas. Gap boshqa tomonda. Gulnora Karimova deyarli o‘n yildan ortiq yurtimiz siyosati, madaniyati va endi bemalol aytish mumkinki iqtisodida salmoqli rol o‘ynadi. U tomonidan asos solingani ta’kidlangan jamg‘armalar yirik loyihalarni amalga oshirdi, “opa”ning o‘zi muntazam diqqat markazida bo‘ldi. Tabiiyki u yolg‘iz emasdi: mashhurman deganning deyarli hammasi Gulnora Karimovaning atrofida aylandi, yonida turdi, uni muntazam madh etib yashadi.
“Opaniki” deya hazillashib aytilgan biznes ham gullab yashnadi, “opa”ning davrasida olinib qolingan suratlar xonaning to‘ridan joy egalladi, uning biror loyihasida qatnashib qolganlar ancha vaqt ko‘krak kerib yurdilar.
Charxi kajraftor ekanda. Birinchi Prezidentimiz naqadar prinsipial odam ekanligi mana shu nuqtada ham namoyon bo‘ladi. U quyushqondan chiqqan har qanday odam singari o‘z qizini ham ayab o‘tirmadi. Gulnora Karimovaning biznes imperiyasi bir lahzada quladi va uning o‘zi yo‘qlikka yuz tutdi. Bu orada birinchi prezidentimizdan ayrildik, butun xalq motam tutdi. O‘shanda ko‘pchiligimiz hayron bo‘lgandik: “Opa”ning qanday gunohi bor ekanki hatto otasini so‘nggi yo‘lga kuzatishga ham ruxsat berilmasa?..
So‘nggi ma’lumotlar bu savolga ham oydinlik kiritdi.
Bo‘lar ish bo‘ldi, buyog‘i sindi, endi hamma jo‘rovoz bo‘lib kechagina ko‘klarga ko‘tarilgan “opa”ni yomonlashga tushib ketdi. Mayli, bunga ham etarli asos bordir.
Lekin kechagina uning soyasiga salom berganlar, nafosati, nazokatini kuylaganlar (boshqa jihatini bilmadimu, lekin menimcha ham aynan mana shu tomonlama “opa” havas qilgulik edi), aqlu-zakovatini shig‘irga solib muvashshahlar bitganlar, rangtasvirda suratiga jon kirgizib yuborganlar, giryon aylanib sibizg‘ayu g‘ijjakni ingratganlar, har bir loyihasidan hayratga tushib, ko‘zlariga yosh olganlar, shaharning markazida yo‘llar to‘silib uyushtirilgan chopag‘onlikda qorin silkitib yugurganlar, biznesiga chang solishini sharaf bilganlar, kimdir andak tanqid qilib qo‘ysa, ko‘ksini qalqon qilmoqqa shay bo‘lganlar, qayoqdasiz? “Opa”ngiz faqat ot ustidaligida “OPA” edimi, holi voy bo‘lganda qochmog‘u, lab burmoqmi ishingiz?
E qoyilman sizga!
Maddohlikning salbiy jihati mana shu holatda yaqqol namoyon bo‘ladi. Aminman, birortangizga “Maqtamasang, ko‘kka ko‘tarmasang kallang ketadi!” degan shart qo‘yilmagan. O‘sha payt ham yaltoqlanishni haddan oshirayotganingiz to‘g‘risida shivirlaganlar bo‘lgan, lekin siz ularni talab tashlagansiz. Eng qizig‘i, siz bugun o‘sha kunlaringizdan xijolat ham emassiz. Hattoki deputatlar yillarni behuda o‘tkazib yuborganlarini tan olib, bayonot berganlarida ham siz jimsiz. Ne tongki, ko‘zingizga quyosh ko‘ringan valine’matingiz bugun shu kuyga tushganida uzoqdan bo‘lsada, bir bor hol so‘rashga yaramaysiz, tarafini olmoqni o‘zingizga ep bilmaysiz!
Siz bugun atrofida yaltoqlanib aylanmoq uchun o‘zingizga yangi ustun qidirmoqdasiz. Tez orada topasiz ham, balki topgandirsiz ham. Chunki bu sizsiz! O‘sha o‘shasiz! “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...