14:17 / 14.08.2017
7 165

Mana, dabdaba! Samarqandda yigit qizning qo‘lini so‘rash uchun tramvayni ijaraga oldi (Video)

Mana, dabdaba! Samarqandda yigit qizning qo‘lini so‘rash uchun tramvayni ijaraga oldi (Video)
Dunyo mamlakatlarida yigit va qizlar turmush qurish olidadan bir-biriga tayyorlagan turli kutilmagan, hayratli darajadagi “syurpriz”lar uyushtirgani haqida eshitganmiz. So‘nggi yillarda bu odat O‘zbekistonda ham urfga aylanmoqda. Avvallari yigit va qizning amma va xolalar bilan bo‘ladigan uchrashuvlari bugun faqat yoshlarning o‘zi bilan o‘tmoqda. Bundan tashqari, qizning roziligini olish uchun bo‘lajak kuyov qiziqarli va yoqimli hadyalarni tayyorlamoqda.

Ko‘pchilik odatda restoranda joy buyurtiradi, stol atrofini shamlar, gul yaproqlari, pufaklar bilan yasatadi. Qarabsizki, romantik muhit yaratiladi. Bu kimgadir yoqadi, kimga esa yo‘q. Albatta, hammaning didi har xil. Yaqinda ana shunday “romantik” hodisaning antiqa ko‘rinishi tasvirlangan video internet tarmog‘i orqali tarqaldi deb xabar berdi Qalampir.uz.
Tramvaydagi muhabbat izhorini ko‘rganmisiz? Unda quyidagi videoni tomosha qiling.

Bu Samarqand shahrida bo‘lgan voqea. Bunday deyishimizga sabab – Toshkentda tramvaylarning yo‘qligi va bu transport vositalari Samarqand viloyatiga ko‘chirilganligi. Aprel oyida mazkur tramvaylarning ilk yo‘lovchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lgan edi.

Videoda aks etganidek, tramvay ichi gullar, pufaklar, chiroqlar bilan bezatilgan. Tramvay ichida yigit va qiz hamda haydovchidan boshqa hech kim yo‘q. Demak, yigit buni qiz uchun atay uyushtirgan. Bu qizga qanchalik ma’qul kelganini bilmaymizu, lekin tramvay o‘tib ketayotgan vaqtda ko‘chadagi yo‘lovchilardan biri tasvirga olgan video ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalganidan so‘ng, turli fikrlar bildirildi.

Ayrim foydalanuvchilar videoni Shavkat Mirziyoyevning 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi chog‘ida to‘y-hashamlardagi ortiqcha dabdaba va sarf-harajatlarni qisqartirish borasidagi fikrlari bilan bog‘lashdi.
Yana bir guruh foydalanuvchilar bu hodisani keskin tanqid ostiga oldi. Tramvayni faqatgina ikki kishi uchun ajratish, bundan tashqari, uni bezatish va shaxsiy manfaat uchun foydalanish “quyushqondan chiqqan” holat, deb baholandi.

Ayrimlar buni amaldorlar va mansabdor kishilarning yaqinlari qilishga qodir ekanligini, ya’ni tramvayni turargohdan chiqarish uchun ularning bir og‘iz qo‘ng‘irog‘i kifoya qilganligini ta’kidlashdi. Mamlakatda sodir bo‘layotgan bunday “o‘zboshimchaliklar”ni oldini olish uchun avvalo ana shunday yuqori mansabni egallagan amaldorlarning o‘zlarini “tarbiya qilish” lozimligini qayd etishdi.

Bu fikrga mutlaqo qarshi chiqqan foydalanuvchilar ham topildi. Ayrimlar buni ijobiy baholab, shunchaki “romantik muhit” ekanligini yozishdi. Bir necha kishi voqea kechasi bo‘layotganligini ta’kidlab, bu vaqtda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi va bu orqali hech kimga halaqit bermayotganligini e’tirof etdi. Bundan tashqari, tramvayni shaxsiy maqsadda harakatlantirish uchun amaldorlarning yaqin qarindoshlari bo‘lish shart emasligi borasidagi fikrlar ham bildirildi. Hazil aralash “Ortiqcha harajatsiz “marry me” tomoshasi” degan ta’riflar ham bildirildi.

Biz bu videoni taqdim etish orqali kimnidir “oqlash” yoki “qoralash” tarafdori emasmiz. Bu borada sizning fikringiz qanday?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mana, dabdaba! Samarqandda yigit qizning qo‘lini so‘rash uchun tramvayni ijaraga oldi (Video)