12:02 / 04.09.2017
6 507

IIV YHX Bosh boshqarmasi haydovchilarga murojaat bilan chiqdi

IIV YHX Bosh boshqarmasi haydovchilarga murojaat bilan chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilarga murojaatnoma bilan chiqdi, deb xabar qildi Kun.uz nashri.

«Yo‘l intizomni yoqtiradi. Intizomli haydovchilarning esa yo‘llari hamisha ravon bo‘ladi. Ammo afsuski, so‘nggi vaqtlarda ayrim haydovchilarimiz, ayniqsa, yuk avtomobillari haydovchilari tomonidan dam olmasdan, charchoq holatlarini, ob-havo sharoitlarini inobatga olmasdan, yo‘l harakati xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzib, tungi vaqtda uzoq muddat transport vositasini boshqarish kabi mas’uliyatsizliklar insonlar o‘limiga sababchi bo‘layotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarmokda», - deyiladi murojaatnomada.

Jumladan, qayd etilishicha, 2017 yil 24 avgust kuni soat 02:00larda, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri hududida, haydovchi, Qarshi tumanida yashovchi I.A. “GAZ-53” rusumli yuk avtomobilini boshqarayotib, shu yo‘nalishda yo‘lning o‘ng tomonida to‘htab turgan, haydovchi, Qarshi tumanida yashovchi Ch.T. boshqaruvidagi “ZIL MMZ-554” rusumli yuk avtomobilini orqa chap tomoniga urilib, to‘qnashuv sodir etgan.

2017 yil 25 avgust kuni soat 19:45larda, Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududida, haydovchi Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashagan R.Sh. shaxsiy «NEKSIYa» rusumli avtomobilini boshqarayotib, shu yo‘nalish bo‘ylab oldinda orqaga qayrilmoqchi bo‘lib to‘xtab turgan, haydovchi Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi V.O. boshqaruvidagi «ZIL-130» rusumli yuk avtomobilini orqa tomoniga urilib to‘qnashuv sodir etgan.

2017 yil 27 avgust kuni soat 07:00larda, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hududida, haydovchi Qoraqolpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi D.B. shaxsiy «ISUZU» rusumli yuk avtomobilini boshqarayotib, qarshisidan harakatlanib kelayotgan, haydovchi Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashagan T.E. boshqaruvidagi «NEKSIYa» rusumli avtomobilini yo‘liga chiqib to‘qnashuv sodir etgan.

2017 yil 29 avgust kuni soat 03:30larda, Samarqand viloyati Samarqand tumani hududida, haydovchi Pastdarg‘om tumanida yashovchi B.Sh. «KamAZ-5410» rusumli yuk avtomobilini boshqarayotib, boshqaruvni yo‘qotib yo‘lning o‘rta qismiga o‘rnatilgan beton to‘siqqa urilib, to‘xtagan vaqtida, shu yo‘nalish bo‘ylab orqasidan harakatlanib kelayotgan, haydovchi Nurobod tumanida yashagan B.M. «DAMAS» rusumli avtomobili bilan ushbu yuk avtomobilini orqa tomoniga urilib to‘qnashuv sodir etgan.

Bu mas’uliyatsizlik natijasida kelib chiqayotgan bir nechta holatlar xolos. Achinarlisi ushbu hodisalar tez-tez sodir bo‘lib, begunoh insonlar o‘limiga sababchi bo‘layapti.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda yukoridagi kabi turli baxtsiz holatlarning oldini olish maqsadida yuk avtomobillari haydovchilaridan quyidagi talablarga amal qilishlarini so‘raydi:

• Yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qiling.
• Transport vositangizni yo‘l chetida qarovsiz qoldirmang. Uni faqat maxsus belgilangan joylarda saqlang.
• Transport vositangizni doimo texnik soz bo‘lishiga, ayniqsa tashqi yoritqichlarning sozligiga alohida e’tibor qarating.
• Yo‘lga chiqishdan oldin tegishli hujjatlaringizni ko‘zdan kechirishni unutmang.
• Tog‘li dovon yo‘llarida harakatlanganda hushyorlikni oshiring.
• Horg‘in paytingizda rulga o‘tirishdan o‘zingizni tiying.
• Tungi vaqtda harakatlanish noqulayliklar tug‘dirishini inobatga olgan holda imkon darajasida kunning yorug‘ qismida harkatlanishni odat qiling.
• Oraliq masofa xavfsizlik darajasida bo‘lishiga alohida e’tibor qarating.
• Og‘ir yuk ortilgan transport vositasini birdan to‘xtatish mumkin emasligini yoddan chiqarmang.
• Mehnat va dam olish tartibiga amal qiling.
• Ish kuningiz amaldagi mehnat qonunchiligida belgilangan (olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim) talablardan oshmasligini ta’minlang.
• Sizni oilangiz, farzandlaringiz kutayotganligini unutmang. Ana shu mas’uliyat Sizni doimo hushyorlikka chorlasin.
• Doimo namunali haydovchi bo‘lishga intiling va boshqalarni ham shunga da’vat qiling.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV YHX Bosh boshqarmasi haydovchilarga murojaat bilan chiqdi