22:45 / 19.09.2017
5 105

Bahriddin Chustiy rekord palov, taxallus va oshpazlik haqida

Bahriddin Chustiy rekord palov, taxallus va oshpazlik haqida
O‘zbek milliy taomlari dunyodagi eng hayratlanarli va mazali oshxona sifatida ko‘p bora tilga olingan. Albatta, bunda oshpazlarimizning ham o‘rni beqiyos. Zero, aynan ular tufayli milliy taomlarimizni bir bora tatib ko‘rish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradigan sayyohlar soni ko‘p.

Bugungi kunda milliy taomlarimizning eng mohir oshpazlaridan biri sifatida e’tirof etiluvchi Bahriddin Chustiy haqida eshitmagan insonning o‘zi yo‘q. «Oshxona.uz» brendi ostidagi umumiy ovqatlanish tarmog‘i: «Oshxona.uz» (Toshkent, Namangan), Chustiy’s Cuisine, Tez Food kafelariga egalik qiluvchi mashhur oshpaz ko‘plab taniqli davlat arboblari, siyosatchilar uchun o‘zbek milliy taomlarini tayyorlab bergan, turli xalqaro tanlovlarda bir necha marta g‘olib chiqqan.

KUN.UZ tahririyati Bahriddin Chustiy bilan intervyu uyushtirish maqsadida uchrashdi. Muloqot davomida turli dolzarb masalalar bo‘yicha ajoyib suhbat bo‘lib o‘tdi.

Rekord palov haqida
O‘zbek palovini Ginnessning rekordlar kitobiga kiritish fikri 2010 yil xayolga kelgan edi. Harakatlarni 2011 yilda Xushnudbek Xudayberdiyev bilan birga boshlagandik. U paytda men Turkiyada, u Toshkentda edi va ingliz tiliga tarjima qilib, Ginness rekordlar kitobining tashkilotchilari bilan aloqaga chiqqan edi. Oradan 4-5 oy o‘tib, birinchi javob xatini oldik. Unda shunday shartlar bor ediki, tayyorlanadigan taom guruchli bo‘lishi shart, palov degan nominatsiya yo‘q, u bir idishda qilinishi shart va taomning 80 foizi guruchdan iborat bo‘lishi kerak edi. Biroq, o‘shanda bu narsa biroz to‘xtab qoldi. 2014 yoki 2015 yilda Ginnessda shartlar biroz o‘zgardi: guruchli taom nominatsiyasi qoldi, lekin xohlagancha mahsulot solishga ruxsat berildi. So‘ng yana maktub yozdik. Javobni olganimizdan so‘ng, O‘zbekistondagi oshpazlar, tadbirkorlar, sarmoyadorlar bilan ko‘rishdik hamda bu narsani amalga oshirish ustida maslahatlashib oldik. Ular uncha e’tibor qilishmadi. Iyul oylarida Milliy telekanal bilan «O‘zbegim» nomli loyiha qilgan edik. So‘ng o‘sha loyiha asosida milliy festivalni tashkil etishga hozirlikni boshlab yubordik.

Rekord bilan bog‘liq turli mish-mishlar

Bunday har xil gap-so‘zlardan boshida biroz ranjidim, tushkunlikka tushgan holatlarim ham bo‘ldi. Sababi Olmaliqda ilk marotaba repetitsiya qilganimizda shunday munosabatlar boshlangan edi. Shunday bo‘lishi taxmin qilingandi va shuning uchun repetitsiya paytida bunga e’tibor qilmadim. Bu narsa isrof bo‘lgan, degan fikrdan tamomila yiroqman. Chunki tadbir kuni Sayilgoh ko‘chasiga norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 150 ming odam kelgan. Oshimiz esa birma-bir tarqatganda 20 ming kishiga yetardi, xolos. Shunday o‘lchamdagi yana 7ta qozonda osh qilinganda ham isrof bo‘lmasdi. Undan tashqari, palov muruvvat va saxovat uylari, nuroniylar uylariga tarqatildi. Bu degani – shunday qozondan yana 10ta bo‘lsa ham ketardi. Odamlar juda ko‘p keldi, hamma osh bilan ta’minlangan bo‘lardi. Isrofga umuman yo‘l qo‘yilmadi. Qozon balki o‘zbek oshxonasiga oid muzeydan joy olar. Aminmanki, kelasi safar yana shunday tadbirni mukammalroq qilib uyushtirib, balki pullik qilib, oldindan dasturlarni e’lon qilinsa, turli davlatlardan ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradi. Ko‘pincha «Xalqqa bundan nima foyda?» deyishadi. To‘g‘ri, xalqqa qandaydir moddiy yoki ma’naviy foyda bo‘lmasligi mumkin, lekin bundan birinchi navbatda davlat, yurt manfaatdor bo‘ladi. Qachonki davlat manfaatdor bo‘lsa, shundan keyingina xalqqa manfaat bo‘ladi. Ko‘chat o‘tqazilgandan so‘ng, u ertasigayoq meva bermaydi. Bu ekilgan nihol, qadalgan urug‘, u meva beradi.

Chustiy taxallusi haqida
Bundan 12-13 yil muqaddam turli ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmasdi, u paytlarda forumlar bor edi. O‘sha yerlarda ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lganimda, barcha tanlagan nikneymlar band edi. So‘ng shunday taxallusni olish haqida fikr paydo bo‘ldi. Oradan ma’lum bir vaqt o‘tgach, shu taxallus bilan qoldim. Aslida, bunga Chustdan bo‘lganim sabab. Odamlarga Bahriddin deyilsa, ko‘pchilik tanimaydi. Chustiy deyishsa darhol bilib olishadi. Internet ham bunga turtki bo‘lgan.

Oshpazlik

Men hech qachon va hech yerda oshpazlik sohasida ideallik, yetakchilikka da’vogarlik qilmagan va qilmayman ham. Faqat, boshqa oshpazlardan ozgina yutuqli tomonim – internetda o‘zbek oshxonasi haqida gapirish, yozishni sal oldinroq boshlaganim. Gohida oshpazlik faqat ayollar xos, degan gaplarni eshitib qolamiz. Shuni qo‘shimcha qilib aytgan bo‘lardimki, oshpazlik bilan pazandalikning farqi bor. Pazandalik bekalar va kundalik yumush uchun, oshpazlik esa bu – kasb.

Bahriddin Chustiy bilan suhbat yana ancha uzoq davom etdi. Mijozlar eng ko‘p tashrif buyuradigan vaqtda KUN.UZ muxbiri bilan muloqot o‘tkazgan mashhur oshpazimiz bilan turli qiziqarli mavzular ustida dildan suhbat qurildi. Oshpazga o‘zbek milliy oshxonasi obro‘sini yanada oshirish bo‘yicha ishlarida omad qilab qolamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bahriddin Chustiy rekord palov, taxallus va oshpazlik haqida