-1-
“Petro” paromi uch yuzga yaqin yo‘lovchini olib Misrdan Iordaniyaga qarab suza boshladi. Bugun yolg‘iz safar qilyapman. Na yo‘lboshchi, na tarjimon bor yonimda. Hammasi yolg‘iz xudoga tavakkal. Palubaga chiqaman. Garchi qizil deyilsada, dunyodagi barcha dengizlardan musaffo, tiniq suvi bo‘lgan va chuqur ekani uchun to‘q moviyrang, to‘lqinlari mayin, ozonga to‘yingan shabbodasi yoqimli dengiz meni tamomila maftun etgan edi. Shu payt parom radio karnayidan berilayotgan arab musiqasi to‘xtab, kema kapitani inliz tilida e’lon qiladi: “Biz geometrik nol nuqtada suzib boryapmiz. Chapda Misr, o‘ngda Saudiya Arabistoni, yuqorida esa Isroil va Iordaniya. Shu nuqtadan barcha to‘rt davlat xududiy qirg‘oqlarigacha masofa bir xil”. Ha, bu ham Qizil dengiz ajoyibotlaridan biri edi.
Iordaniyaning Al Aqaba shahri porti g‘oyat go‘zal. U menga Marsel, Monako, Sidney portlarini eslatdi. Binolar biri biridan jozibador. Yo‘l, yo‘laklar turfa gullarga burkangan. Bandargohdagi xususiy suv laynerlar chiroyi ko‘zni qamashtiradi. Mana, ulardan biri tizginlangan joyga qora jip kelib to‘xtadi. Undan xijobdagi 2 ayol, 3-4 quvnoq bolakaylar va po‘rim kiyingan ikki yigit tushdilar. Men shundoq yonlarida ularni kuzatib tursamda go‘yo sezishmayotgandek bepisand o‘tib ketdilar. Oq mundirli kapitan mehmonlarni iltifot bilan kutib oldi. Ikki – uch daqiqa o‘tmay uch qavatli suv kemasi dengiz sari yengilgina suzib ketdi. Shu payt ularga xavasim kelidimi, xasadim kelidimi bilmay qoldim.
-Janob Obidov sizmisiz?
Ovoz kelgan tomonga o‘grildim. Qarshimdagi kulib turgan yigitcha uzr so‘rab yo‘l boshladi.
-Sizni italiyalik sayyoxlar guruhiga kiritganmiz. Petroga ular bilan borasiz. Sizni kutishyapti.
Avtobusga chiqishim bilan gid menga birinchi qatordan joy ko‘rsatdi.
-Vы iz Kazaxstana? – so‘radi u.
Omadni qarang. Sayyohlar guruhboshisi arab bo‘lsada rus tilini yaxshi bilar ekan.
-Net, ya iz Uzbekistana, — dedim quvonchimni yashirmay.
Biz Al Aqaba bo‘ylab qisqa sayrdan so‘ng katta yo‘lga chiqdik. Bu qadim Petroga boradigan tog‘ va dovonlardan o‘tadigan g‘oyat murakkab, ayni choqda takrorlanmas manzarali yo‘l edi.
Mening ismim Muhammad ekaniga shubha qilgan yangi do‘stimga pasportimni ko‘rsatgan edim, u meni quchoqlab oldi.
-Mening ham ismim Muhammad!
Italiyalik sayyohlar Muhammadning xikoyalarini eshitar, lekin savol berishmas edi. Men esa uni joni xoliga qo‘ymay savolga ko‘mib tashlardim.
-Men Iordaniyadagi haqiqiy arab beduinlari avlodi bilan uchrashmoqchiman. Petroga shuning uchun kelyapman.
Adashim taajub bilan bir qarab qo‘ydiyu, indamadi.
Buning sababini safarimiz yakunida bildim.
-2-
Petro grekcha so‘z bo‘lib “tosh” degan ma’noni birdirar ekan. Aslida, olimlarning ta’kidlashicha bu shaharga eramizdan avvalgi to‘qqizinchi – yettinchi ming yilliklarda asos solingan. Lekin shahar haqida ma’lumot beruvchi yozma manbaalar eramizdan avvalgi ikkinchi, birinchi asrlarga tegishli. Bu yerda nabateylar yashagan davrlar haqidagi tosh bitiklar saqlanib qolgan va uni zamonamiz olimlari o‘qiganlar. Ularda yozilishicha nabateylar davrida Yamandan chiqqan karvonlar gullab yashnagan Petroda to‘xtab, dam olib, so‘ng O‘rtayer dengizi tomon yo‘l olgan. Evaziga ular nabateylarga xaq to‘laganlar. Bu yerda savdo sotiq rivojlangan, xunarmandlik ustaxonlari paydo bo‘lgan. Eramizdan avvalgi birinchi asrdan eramizning dastlabki yuz yilligi davrida Petro nihoyatda rivojlangan. Yaxlit tog‘ qoyalarida shu qadar go‘zal me’moriy inshoatlar barpo etganlarki, uni bugungi texnik imkoniyat bilan ham qurish mushkul. Savdo karvonlari tosh shaharda jazirama issiqdan ham, cho‘l bo‘ronidan ham muhofazada bo‘lgan. Hashamatli saroyoldi maydonlarida oltin, kumush, mis, qimmatbaho toshlar bilan savdo qiladigan, ayriboshlaydigan bozorlar ishlab turgan. Hozir ham Peroning bosh maydonida qadimiy chizgilar, nushalar asosida tayyorlagan kumush taqinchoqlar sotiladi.
-3-
Petro arxitekturasiga qadim yunon uslubi kirib kelishida shaharni eramizning 106 yilida bosib olgan Rim imperatori Troyanning xizmati bor deb yozadilar, olimlar. Ularning ta’kidlashicha, Petro arxitekturasi shakillanishida dinning ta’siri katta bo‘lgan. Nabateylar otashparast edi. Ular marxum jasadini yoqib, kulini hashamatli binolar ichiga ko‘mib qo‘yganlar. Keyinroq, xristianlik kirib kelgach bu qasr va saroylarga yanada tantanavor bezak va jilo berilib, ibodatxonalarga aylantirilgan. Petroni eramizning yettinchi – sakkizinchi asrida arablar egallagan. Islom dini hukumronlik qilgan o‘sha davrlarda bu binolar yana ahamiyatini yo‘qotgan. Eng achinarlisi, dengiz savdo sotiqning qulay, bexatar va arzon yo‘liga aylangach, Petroga keladigan karvonlar asta kamayib – kamayib, oxir oqibatda shahar savdo va ma’rifat markazi maqomini boy bergan. XII asrdagi zilziladan so‘ng esa Petro umuman xuvvilab, o‘lik shaharga aylangan. Tarixiy manbalarga asoslanib, mutaxassislar Petro o‘shandan buyon beduinlar maskaniga aylangan deb xisoblaydalar. Tashlandiq tosh saroy, ibodatxona, bino va g‘orlar beduinlar uchun qrorgoh bo‘lib qolgan. Tarixning kajraftorini ko‘ringki, XIX asrga qadar Iordaniyaning Sinay yarim oroliga tutash tog‘lar oralig‘ida, o‘n minglab yillar ilgari qurib kolgan dengizning, uch yuz metr chuqurlikdagi ostida Petro shahri bo‘lganini ulardan boshqa xech kim bilmagan. Aniqrog‘i beduin qabilalari avloddan avlodaga qoldirilgan bu sirni yashirib kelgan. 1812 yilda shvetsariyalik olim Yogan Burkgxard islom dinini qabul qilib, ismini Ibrohim deb o‘zgartirib ko‘chmanchi beduinlarni uni Petroga olib borishiga ko‘ndiradi. Lekin bu yerdagi arxeologik qazishma ishlari 1924 yildagina, oradan yuz yil o‘tib boshlangan. Nihoyat sobiq dengiz ostidagi shahar ko‘chalari, bino inshootlari ko‘mib qolgan qumdan tozalangach, 1985 yildagina YuNESKO tomonidan xalqaro madaniy me’ros sifatida e’tirof etiladi. Iordaniya xukumati esa beduinlarni Petrodan chiqarib yuboradi. Shundan buyon Petro dunyo mo‘jizalari safiga qo‘shilib olim-u sayyohlar uchun hayrat hamda tarixning ochilmagan sir sinoatiga aylandi. Baland baland qoyalardan qanday qilib xashamatli saroylar yaratilgan? Uch yuz metr chuqurlikdagi tosh shahar suv ta’minoti qanday xal etilgan? Nega qoyalar, tog‘lar, g‘or ichlari kamalak rangda? Va yana o‘nlab jumboqlar xanuz yechilmagan muammo bo‘lib qolmoqda.
-4-
Petrodagi katta va kichik, xashamatli va kamtarona inshootlarning xar biri o‘qilmagan kitob, sharxlanmagan tarix. Ular haqida birgina maqolada ma’lumot berib bo‘lmaydi. Shuning uchun siz bilan ikki nuqta taassurotlarimni baham ko‘rmoqchiman xolos. Ularning biri shaharga tushaverish (kiraverish emas, chunki u chuqurlikda) dagi Sik yo‘lagi. Bu balandligi 80-90 metr bo‘lgan ikki qoya oralig‘idir. U esa 3-5 metrni tashkil etadi. Yo‘lak torligi shaharga dushmanni kiritmaslikda qo‘l kelgan. Men kamida ikki ming yil avval Rim imperatori terdirgan tosh yo‘lakdan hayrat bilan o‘tib boraman. Qoyalar bir biriga intilgan bo‘lib, kamalakning yetti xil rangida. Quyoshning salgina nuri tushsa, ranglar jilosidan ko‘zingiz qamashadi. Petro “darvozasi” dan son – sanoqsiz savdo karvonlari, dushman lashkarlari, beduinlarning “yovvoyi” otlari, so‘nggi 20 yil ichida esa millionlab sayyohlar o‘tgan. Ammo silliqlanmagan marmar tosh yo‘lak, tabiatdagi barcha ranglarni o‘zida mujassam etgan qoyalar hamon o‘zligini yo‘qotmay insonlar ongini jumboqlarga “bog‘lab” turibdi. Sik darvozasidan xazina saroyigacha yana o‘nlab mo‘jizalarni yoqalab o‘tasiz.
-5-
Petroning bugungacha nisbatan yaxshi saqlangan saroylaridan biri – Hazina. Bu nomni unga beduinlar qo‘ygan. Ular shaharga birinchi bor kelganlarida bu saroy quyosh nurida oltinrang taratib toblangan. Beduinlar uning devorlariga oltin qoplangan deb o‘ylaganlar va darxol Hazina, Hazina deb qichqirganlar. Lekin quyoshni baland qoyalar to‘sib qolgach bilganlarki, bino yaxlit tosh qoyaga o‘yib ishlangan. Sayyohlar qatori men ham uning qarshisida suratga tushdim.
Hazina saroyi kiraverishida oltita marmar ustun peshtoqdagi gungurador bezaklarni, undan yuqorida yana uch juft ustunlarga o‘rnatilgan uchta shiftni ko‘tarib turadi. Eng yuqori – o‘rtada sharsimon tosh. Nabateylar uni yil deb ataganlar. Uning ostida, ikki shiftning ikki yonida to‘rtta xayvon tasvirlangan. Bu – fasllar. Ikkinchi qavat o‘rtadagi ikki ustun shiftidan 12 ta barmoq chiqarilgan. Bu – oylar. Hazinaning har ikki qavati peshtoqlarida 365 ta to‘rtburchak bezaklar bor. Uni Nabateylar kunlar deb izohlaganlar. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, 8-10 ming, balki undan ham ilgaritdan yashagan Nabateylar ilmli xalq bo‘lgan. Aks xolda tog‘ bag‘riga geometriyadagi parralel, simmetrik kabi qoidalar asosida biron bir nuqsonsiz tosh saroylar bunyod etolmasdilar.
-6-
Petroda inson aqlini “o‘g‘irlaydigan” tog‘ni kesib yasalgan (qurilgan emas) bir butun uch ming o‘rinli amfiteatr, odamlar va otlarning shakli tushirilgan tosh xaykallar, mozaika bilan zeb berilgan xilxonalar, aylanma zinalar, uy o‘rnida foydalanilgan g‘orlar… exeye, qancha yodgorliklar bor, sanab sanog‘iga yetmaysan. Kamina tog‘u – toshda yuraverib oyog‘i qavarishi, issiqdan (men bu yerda bo‘lgan sentyabr oyi oxirgi kunlarida xarorat 45 darajadan yuqori edi) tomoq qurishi, charchoqdan xolsizlanishiga qaramay ko‘proq, ko‘proq narsa ko‘rgisi, bilgisi kelardi.
Petro beduinlarining taqdiri –chi, dersiz. 1980-1990 yillarda bu yerga asta – sekin sayyoxlar kela boshlagach xukumat ularni shahardan 10-15 chaqirim nariga chiqargan. Lekin Petroda beduin chavandozlari mag‘rur arab otlarini yetaklab kelib Sizga taklif etadi. Axir shahardan yuqoriga chiqish uchun yana 4-4,5 kilometr piyoda ko‘tarilish kerak. Shunda 40 dollar to‘lab yo‘lning birinchi yarmini ot aravada, yana 20 dollar to‘lab ot choptirib yuqoriga yetib olish mumkin. Siz – chi, deb so‘rayapsizmi? Shu yerga kelganda xasisligim tutdimi, yoki avval iqtisod keyin halovat dedim-mi, bir soat–u qirq besh daqiqada avtobusimiz turgan maydonga piyoda yetib bordim va … kechki ovqatsiz qoldim.
Ochig‘i, bir necha kunlik sayoxatda ko‘chmanchi arab beduinlar hayoti bilan yaqindan tanishib bo‘lmasligiga ishonch xosil qildim. Agar yaratgan umr va salomatlik bersa, kelgusi safar bir muddat ular bilan birga yashab ko‘raman, degan maqsad paydo bo‘ldi ko‘ngilda.
Misr va Iordaniya cho‘llaridagi taassurot va ichki kechinmalarim bitilgan satrlar bilan toqat qilib tanishgan aziz o‘quvchilarga minnatdorchilik bildirib,
Muhammadjon Obidov
Daxob, Taba(Misr), Petro (Iordaniya)
sentyabr, 2017 yil. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi