23:00 / 23.11.2017
13 405

Samarqandlik o‘quvchi qizlar ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilgani rostmidi?

Samarqandlik o‘quvchi qizlar ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilgani rostmidi?
Hafta davomida ayrim xorijiy OAVlarda “Samarqandda 7–8 sinf qizlari “ersiz homilador bo‘lgani” aniqlandi, viloyat bo‘ylab o‘quvchi qizlarning bokiraligi tekshirilmoqda”, degan mazmunda maqolalar e’lon qilingan edi.

Ochig‘i, qiz farzand tarbiyalayotgan har qanday ota-onani bunday xabarlardan so‘ng bir daqiqa bo‘lsa-da dovdirab qolishi hech gap emas. Tahririyat xodimlari ham bundan “shokka” tushdi, desam ishonavering...

To‘g‘risi, bunaqa soxta yoki “oshirib ko‘pirtirilgan” xabarlardan so‘ng savollar girdobida qolasan kishi... Aniqrog‘i, bunday g‘urur va sha’nga tegadigan “ayblovlarga” javob topolmaysiz, o‘zingizcha turli xayollarga borasiz va bir qancha taxminlarni ilgari surasiz, ammo baribir javob topa olmaysiz. Xullas, tushuntirib berish mushkul holatda qolasiz... Menda ham shunday bo‘ldi!

Rosti, bu masalani ikki kun uylab yurdim. Baribir bo‘lmadi! Tahririyatga keldimu hamkasblarim bilan maslahatlashdim. Telefonni olib Samarqand viloyati hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildim...

Telefonga javob bergan Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Boliyev Nuriddin aka gapimni eshitib turib “Ukajon, bunaqa ishlar bo‘lmagan, bo‘lishi ham mumkin emas”, dedilar.

Men qaysarlik qilib” Nuriddin aka, balki bo‘lgandir, siz bexabar qolgandirsiz, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash boshqarmalari aniqroq bilishadi, keling, aniqlik kiritaylik” dedim. Negaki, gap o‘zbekistonlik yoshlar, xususan samarqandlik qizlar sha’ni ustida ketmoqda edi!

Nuriddin akaga rahmat! Meni to‘g‘ri tushundilaru darhol ishga kirishdilar...

Ko‘p o‘tmay viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining matbuot xizmati rahbari Eldor Muhammadiyev bilan aloqaga chiqdik. Eldor aka darhol maqsadga o‘tdi va “Mana shunday yolg‘onlarga tushunmayman, bu balki viloyat sha’niga dog‘ tushirish maqsadida qilingan “zakaz” bo‘lsa kerak”, dedi.

Eldor Muhammadiyevning kuyunchaklik bilan “Aka, kollejlar va o‘rta maktablarning yuqori sinf o‘quvchi qizlarini ginekolog tekshiruvidan o‘tkazish mumkinmas, bunga hech kim ruxsat bermaydi, mumkin emas bu” degan gapi menga tassalli berdi.

To‘g‘ri-da, bunday tekshiruvlar yosh qizlarga ruhiy jarohat yetkazmaydimi? Buni eshitgan ota-onalar nima ahvolga tushishadi? O‘spirin qizlarga tengdosh yigitlarning munosabati o‘zgarmaydimi? Keyin bu kabi tekshiruvlarga ne hojat? Bunday tadbirlarga asos nima? Umuman, bu aqlga sig‘mas ish-ku!

To‘g‘ri,balki bitta-yarimta tarbiyasiz oilaning farzandi, aniqrog‘i qizi allaqanday axloqsizlikka jur’at etgan bo‘lishi mumkin. Bunisi bizga qorong‘u... Biroq ko‘pming sonli yoshlarni bir-ikkita “holat” uchun axloqsizlikda ayblashga hech kimning haqi yo‘q!

Eslatib o‘tishim kerak, suhbatimiz davomida Eldor Muhammadiyev yuqorida sha’ma qilingan “tekshiruvlar” bo‘lganini qat’iy tarzda inkor qildi.

Reproduktiv salomatlik markazi tomonidan 2017 yil 18 oktyabr kuni “Sartepo turizm-maishiy xizmat kasb-hunar kolleji”da, “Erta nikoh va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar oqibatida kelib chiqadigan salbiy oqibatlar”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Reproduktiv salomatlik” mavzularida o‘quvchi yoshlarga ma’ruzalar o‘qib berildi, dedi Eldor Muhammadiyev.

Shuningdek, u Markaz tomonidan yil davomida maktab, kollej, mahalla, idora va tashkilotlarda reja asosida muntazam ravishda yuqoridagi mavzularda uchrashuvlar tashkillaashtiriladi, deb qo‘shimcha qildi.

Eldor Muhammadiyev ma’lumot uchun ana shunday uchrashuvlardan olingan fotosuratlarni bizga yubordi va, ko‘rish mumkinki, ushbu yig‘ilishda nafaqat qizlar, balki ta’lim maskanidagi o‘quvchi yigitlar ham ishtirok etgan.

Bundan tushunish mumkinki, Reproduktiv salomatlik markazi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvlar ayrim nashrlar tomonidan “tekshiruv” deya ta’riflangan bo‘lishi mumkin.

Ishondim. Lekin...

Balki ular o‘z ayblarini berkitish uchun tekshiruv bo‘lmagan deyishdi-yu qutulishdi, deb uyladim va endi o‘z manbalarimga tayanib viloyatdagi maktablar bilan aloqaga chiqdim.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Bahriddin Shohvaliyev bilan ham gaplashdim. “Yo‘q, bo‘lmagan” degan javob oldim. Buni boshqa rasmiy va norasmiy manbalar ham tasdiqladi.

Endi savol tug‘iladi... Xorijda yashab, ayrim tashkilotlar manfaati uchun ishlaydigan, o‘zi qolib “o‘zgaga qayg‘uradigan” ayrim jurnalistlar qayerdan olishdi bu ma’lumotlarni?

O‘zlarining “tillarida” aytilganda “o‘z ismini oshkor qilishni istamagan mutassaddi”danmi yoki “ovozi yozib olinishini xohlamagan vakil”danmi? Balki “o‘ta ishonchli manbalaridan” olishgandir?!

Nima bo‘lganda ham ma’lum ma’noda maqsadga erishdim, deb uylayman. Boshqacharoq aytganda, millat sha’niga befarq bo‘lmagan jurnalistga bir necha kundan beri tinchlik bermay kelayotgan ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi.

Farzand tarbiyasida, ayniqsa qiz tarbiyasida dunyoning xohlagan davlati andoza olishi mumkin bo‘lgan, havas qilishi mumkin bo‘lgan “o‘zbek tarbiyasi” hali yo‘lidan og‘ishgani yo‘q...

Hurmatli (o‘zini hurmat qilganlari nazarda tutilmoqda) xorijlik jurnalistlar, bu masala siz yashayotgan davlatda (balki “yangi vatanangizda”) hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Lekin bizda bu narsalar or-nomus, sha’n, g‘urur va qadr-qimmat yana bir qancha so‘zlar bilan ataladigan tuyg‘uni anglatadi. Bir-ikkita “betarbiya oilaning” farzandlarini deb butun boshli bir viloyat oilalarini haqorat qilmang!

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandlik o‘quvchi qizlar ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilgani rostmidi?