21:22 / 24.11.2017
7 060

Shavkat Mirziyoyev: Seul, Koreya va uning xalqiga bo‘lakcha mehr qo‘ydim

Shavkat Mirziyoyev: Seul, Koreya va uning xalqiga bo‘lakcha mehr qo‘ydim
24 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi poytaxti meriyasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbarini Seul shahri meri Pak Von Sun kutib oldi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turgani alohida ta’kidlandi.

«Biz O‘zbekistonda sizlarning muvaffaqiyat tarixingizni sinchiklab o‘rganmoqdamiz. O‘zbekistondagi islohotlar ham o‘z vaqtida Koreyada bo‘lgani kabi, shunday intensiv sur’atda ketishiga harakat qilmoqdamiz», - deya aytib o‘tdi prezident Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidentining ta’kidlashicha, Seul, uning arxitekturasi, transport tizimi, tozaligi juda ham yoqqan. «Shu kunlar davomida men Seul, Koreya va uning xalqiga bo‘lakcha mehr qo‘ydim», - deya aytib o‘tdi prezident.

O‘zbekiston prezidenti davlat tashrifining ikki kuni davomida juda ko‘plab muhim uchrashuvlar va muzokaralar bo‘lib o‘tganini ta’kidladi. U koreys xalqi o‘zining uzoq yillik mehnati bilan dunyoda «Koreya iqtisodiy mo‘’jizasi» deb tan olingan iqtisodiy farovonlikka erishgani uchun katta hurmatga loyiqligini qayd etib o‘tdi.

«Ushbu tashrif davomida biz hamfikrlar, ko‘plab yangi sheriklar va do‘stlarni topdik», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida Toshkent shahrida Seul ko‘chasini tashkil qilish taklifini bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning taklifi bilan ushbu mamlakatda davlat tashrifini amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya Shavkat Mirziyoyevning Seulga davlat tashrifi birinchi kuniyoq 8,9 milliard dollarlik hujjatlar hamda kelishuvlarni imzoladi.

23 noyabr kuni esa davlat rahbari Seulda ikki mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirokidagi Janubiy Koreya –O‘zbekiston biznes-forumida qatnashdi. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqot qilishdagi xalqchil uslubi mezbonlarda katta taassurot qoldirgan. «Biz sizdan rahbar va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot uslubini o‘rganamiz. Bugun siz bizga master-klass o‘tdingiz», dedi Koreya delegatsiyasi vakillaridan biri.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: Seul, Koreya va uning xalqiga bo‘lakcha mehr qo‘ydim