22:30 / 25.11.2017
6 717

Cho‘z, ho cho‘z!

Cho‘z, ho cho‘z!
He, cho‘zmay ket! Cho‘zmay har balo bo‘lgur! Iloyo, cho‘zmay cho‘zilgur! Nima qilarding cho‘zib-cho‘zib, nima qilarding cho‘zishga o‘rgatib? Oxir-oqibat o‘zing ham cho‘zilding, cho‘zdirish kasaliga yo‘liqqan cho‘zmachi boshliqni ham o‘lik ilonday cho‘zding. Shu cho‘zilganicha cho‘zilib yotibdi cho‘zilgur!

Cho‘zish ham kasallik, cho‘zdirish ham. Birov qog‘ozga o‘rab cho‘zadi, birov konvertga solib cho‘zadi. Birov sovg‘a usulida, boshqa birov to‘yona qilib cho‘zadi. Yana birov bildirib cho‘zadi, boshqasi sezdirmay cho‘zadi. Bittasi uzun-uzun qilib, bittasi qisqa-qisqa, yana bittasi lo‘nda-lo‘nda qilib cho‘zadi. Avvaliga mushtday-mushtday, keyiniga g‘ishtday-g‘ishtday cho‘zadi. Birovi butun cho‘zadi, boshqasi lag‘monday cho‘zib-cho‘zib cho‘zadi. Bittasi yotib cho‘zadi, bittasi sotib cho‘zadi. Biri yonboshlab, biri achomlashib cho‘zadi. Birisi panada cho‘zsa, biri vannada cho‘zadi…

Endi cho‘zdirishning ham usullari mo‘l, yo‘llari benihoya serob. Bu shunday dahshatli rusumki, cho‘zmasang o‘zing majbur bo‘lasan cho‘zishga. Istasang-istamasang cho‘zdirishadi. Eng yomoni cho‘zganingni o‘zing ham bilmay qolasan. Oshxonada cho‘zasan, bojxonada cho‘zasan, kasalxonada cho‘zasan, dorixonada cho‘zasan. Bozorda cho‘zasan, yetmay qolsa nahorda cho‘zasan. Goh bezdirib, goh bezdirmay cho‘zasan. Ortib qolsayam, yetmay qolsayam cho‘zasan, holing yetmasada cho‘zasan. Ba’zan uyqusirab, ba’zan bosinqirab, ba’zida uyg‘oq holda ko‘rib-bilib cho‘zasan. Goh oshna-og‘ayni yordamida, goh tanish-bilish ko‘magida cho‘zasan…

Qachon qutilamiz cho‘z-cho‘z ofatidan, qachon cho‘zdirish kasali barham topadi? Nahotki, cho‘z-cho‘zning ziyoni o‘zimizga tegayotganligini bilmasak, nahotki, cho‘z-cho‘z tufayli harom-harish ko‘chalarda cho‘zilib yurganimizni sezmasak? Katta-kichik cho‘z-cho‘zlar, mayda-yirik cho‘zdirishlar dillar boyligini yemiradi, talon-taroj qiladi.

Keling, aql-farosatni yig‘aylik, tezroq cho‘z-cho‘z kasalidan forig‘ bo‘laylik. Avlodlarimizga bunday yaramas illatni meros qoldirmaylik. Cho‘z, ho cho‘zni cho‘zdirmaylik, pok vijdonni to‘zdirmaylik, insof uyin buzdirmaylik.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011 yilgi 4-sonidan olindi

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Cho‘z, ho cho‘z!