11:30 / 16.12.2017
5 779

YPX xodimida ayb yo‘q! Hamma ayb «Telefon»da...

YPX xodimida ayb yo‘q! Hamma ayb «Telefon»da...
Dekabrning ilk haftasi, kun judayam sovuq edi. Samarqandning katta ko‘chalaridan biridagi bekatda xayol bilan avtobus kutib turgan edim. Shu payt YPX xodimining hushtagidan xayollarim chalg‘idi. «Damas» avtomashinasini to‘xtatgan xodim haydovchiga o‘zini tanishtirib, undan hujjatlarni taqdim etishini so‘radi.

Taxminan elliklardan oshgan mashina haydovchisi avtoulovidan tushib YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etdi va «bir safar kechiring, komandir», deya uning ortidan ergashdi.

«Qoidaga barcha birdek amal qilish lozim, otaxon!», — deya bayonnoma rasmiylashtirgan inspektor haydovchining so‘zlarini e’tiborsiz qoldirdi. Voqea bekatga yaqin joyda sodir bo‘lganligi bois men ularning suhbatlarini eshitib turardim.

Ha! Haqiqatan ham, yo‘l qoidasiga amal qilish lozim. Garchi yoshi ulug‘ otaxonga rahmim kelgan bo‘lsa ham xayolimdan o‘tgan fikr shu bo‘ldi. Bayonnoma rasmiylashtirildi va haydovchi afsuslanganicha mashinasiga o‘tirib, yo‘lida davom etdi. Afsuslanishga hojat yo‘q edi. Aslida ham shunday, qonun-qoida barcha uchun bab-barobar. Chunki mashina boshqarayotgan har qanday shaxs u, avvalo, haydovchi, shuni yoddan chiqarmaslik kerak.

Sovuq shamol kuchaygandan kuchayar edi. Men-ku, avtobusim kelsa — tezroq minib, manzilimga yetib boraman. Lekin YPX xodimi kun bo‘yi yo‘lda turib qoidabuzarlarni ushlash bilan ovora bo‘ladi. O‘z kasbining fidoyisi shunday bo‘lishi kerak, deb o‘ylab qo‘yaman ichimda.

Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas yana bir qoidabuzar to‘xtatildi. Bu gal «Lacetti» bexosdan adashib qizil chiroqdan o‘tib ketgan edi. Inspektor rasamadini keltirgancha, o‘zini tanishtirib, haydovchidan hujjatlarni so‘radi. Taxminan 25 yoshlardagi haydovchi bamaylixotir hujjatlarni taqdim qildi, mashinadan tushdi va qo‘lidagi uyali telefonini qulog‘iga qo‘yib «najot farishta»siga sim qoqdi hamda unga vaziyatni tushuntirdi-da, telefonini inspektorga uzatdi.

Avaliga inspektor telefondagi «xaloskor» bilan gaplashishga unamadi va bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida qog‘oz-qalamini shayladi. Biroq haydovchi bo‘sh kelmadi, u bor kuchi bilan kurashdi. YPX xodimi gapga unamayotgani telefonda «xaloskor»ga yetib bordi shekilli, oradan ko‘p o‘tmay YPX xizmat mashinasi kelib to‘xtadi va yo‘lda turgan inspektorga «haydovchining hujjatlarini berib yubor», deb buyurdi va haligi haydovchini chaqirib uning qo‘l telefoni orqali o‘sha sirli shaxs bilan iliq suhbatlashdi. Shundan so‘ng mashinasini g‘izillatganicha jo‘nab qoldi.

Qoidabuzar va inspektor xuddi qalin do‘stlardek kulib gaplashib mashina tomon yurib ketishdi. Yo‘l-yo‘lakay haydovchining saxiyligi tutib ketdimi cho‘ntagidan sigaret chiqarib inspektorga uzatdi va u bilan quyuq xayrlashganicha mashinasiga o‘tirib yo‘lida davom etdi. Cho‘ntagidan yondirgich olib qo‘lidagi sigaretani tutatgan inspektor uni chuqur-chuqur tortdi.

Inspektor qo‘lidagi sigaretini chekib bo‘lar-bo‘lmas ratsiyadan xabar keldi. Bundan oldingi ko‘chada qoida buzgan, xorijda ishlab chiqarilgan avtomashina darhol to‘xtatildi. Men azbaroyi qiziqqanimdan emas, balki kutayotgan avtobusim kelmayotganligi bois ushbu holatning ham beixtiyor guvohiga aylandim.

Mashinani boshqarayotgan yoshgina yigitcha avtomobilni chetga olib, darhol ulovidan tushdi va inspektor hali o‘zini tanitishga ulgurmasidanoq, uning qo‘liga uyali telefonini tutqazdi. Men haydovchining chaqqonligiga hayron qoldim. Telefonda kim bilan gaplashdi bilmadim-u, lekin inspektorning bugun omadi kelmayotganligi aniq edi. Yana yuqoridagi kabi holat. Haydovchi «rahmat, komandir», deya minnatdorchilik bildirib, mashinasiga o‘tirib ketdi. Inspektor qo‘lidagi jezlini o‘ynatib, hushtagini cho‘ntagiga solib qo‘ydi.

«Xaloskor»larning qudratini qarang. Kim o‘zi ular?! Nahotki xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimi telefon orqali kimlarningdir dag‘dag‘asi yoki iltimosini bajarsa?! Unday bo‘lsa yuqoridagi «Damas» haydovchisi qancha yalindi, yalinganda ham og‘zaki murojaat bilan yalindi, hech kimga qo‘ng‘iroq qilmadi. Nahot o‘sha otaxonning iltimosli iltijosi inobatga olinmasa? Darvoqe, uning uyali telefoni bo‘lsa ham, «najotkor»i bo‘lmaganligi rost.

Xo‘sh, shunday ekan, boya yuqorida ta’kidlaganim, qonun-qoida barchaga birdek barobar degan so‘zlarim, inspektorning «qoidaga barcha birdek amal qilish lozim, otaxon», — degan gaplari qayerda qoldi? Aybni kimdan izlaymiz endi, bosh qotadi. Ha, mayli, sovuqda matonat bilan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlab turuvchi YPX xodimida ayb yo‘q! Hamma ayb «TELEFONdagi najot farishtalari»da!

Davronbek Jamolov,
jurnalist.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » YPX xodimida ayb yo‘q! Hamma ayb «Telefon»da...