Farzand balog‘atga yetganidan keyin uni uyli-joyli qilish: yigitni uylantirish, qizni turmushga berish ota-ona zimmasiga yuklatiladi. Shu bilan ularni mustaqil hayotga kuzatiladi. Odatimizga ko‘ra, nikohdan keyin yigit bilan qiz haqiqiy halol yo‘l bilan turmush qurishganini bildirish uchun bitta qo‘y so‘yib to‘y qilinadi. To‘y qilish mustahab ishlardandir. Ya’ni, qilsa yaxshi, qilmasa gunoh bo‘lmaydi.
To‘yga asosan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla kambag‘allari chaqiriladi. Hozirgi ayrim boyvachchalarga o‘xshab yetti mahallaga jar solinmaydi, kimo‘zarga o‘ynalmaydi, isrofgarchilik qilinmaydi. Faqat boylar chaqirilib, haqdorlar e’tiborsiz qoldiriladigan marosimlar eng yomon yig‘in sanaladi. Zero, to‘ydan ko‘zlangan asosiy maqsad kambag‘allar qornini to‘ydirish, ularni xushnud etish, duolarini olish.
Kambag‘allar qatorida boylar ham chaqirilsa, durust bo‘ladi. Ammo faqat boylar taklif etilsa, u to‘y haqiqiy to‘y emas, xo‘jako‘rsinga qilingan marosimga aylanib qoladi. Bunday to‘ylarda boylar: “Men falonchi boydan oshiraman”, deb dasturxonni turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirib tashlaydi, isrofgarchilik qiladi. Buyam yetmaganidek, dasturxonga harom ichimliklar qo‘yadi. Hozirgi kunda ko‘p to‘ylarda bo‘layotgan achinarli holatni Asri saodat davridagi to‘ylar bilan solishtirsak, din-diyonatdan, Islomdan qanchalik uzoqlashib ketganimiz yaqqol ko‘rinadi.
Afsuski, musulmonlar orasida dinsizlarga taqlid qilish keng tarqaldi. Xususan, bu hol to‘y-hashamlar borasida ko‘proq yoyildi. To‘ylar harom-xarish ishlarni pisand qilmaslik, aroqxo‘rlik, boshqa tubanliklar qilinadigan marosim bo‘lib qoldi…
Binobarin, shu o‘rinda to‘ylar qanday bo‘lishi lozimligini eslatib qo‘ymoqchimiz. Zero, to‘y ham Parvardigorga itoat etishning bir ko‘rinishidir. To‘y nikohni e’lon qilish uchun, odamlar falon yigit falon qizga uylanganini bilishlari, shubha-gumon bartaraf bo‘lishi uchun yo‘lga qo‘yilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom nikohni e’lon qilishni, odamlar orasida yoyishni buyurganlar. To‘ydan maqsad kishilarni taomga da’vat etish. Ya’ni, taom pishirib odamlarni chaqirish. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, qo‘y so‘yib to‘y qilish afzal. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Safiya onamizga uylanganlarida bo‘tqa, xurmo bilan, Zaynab bint Jahsh onamizga uylanganlarida esa qo‘y so‘yib to‘y o‘tkazganlar.
Musulmonlar to‘ylarni halol-haromni farqlab, ma’siyatsiz holatda o‘tkazishlari shart. Bu unchalik qiyin ish emas. Biz to‘ylarimizni dinimizga muvofiq o‘tkazish bilan katta balodan, ortiqcha sarf-xarajatdan, isrofgarchilikdan, eng muhimi axloqsizlik oqibatida kelib chiqadigan ulkan gunohlardan qutulamiz.
Shu o‘rinda to‘ydan oldin beriladigan to‘yona haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsak. Yoru birodarlar beradigan to‘yona beminnat ko‘rsatiladigan yordamdir. To‘yona qarz emas. Shuning uchun to‘yona berayotganda niyatni xolis qilish kerak. To‘yona egasi: “Uyam menga to‘yona qilar”, deb niyat qilsa yoki to‘yonasi kattaroq bo‘lib qaytishini umid qilsa, bergan yordami uchun savob olmaydi. To‘yona olgan kishi vaqti-soati kelib, to‘yona bergan kishinikiga to‘yona olib borsa, uyam savob oladi. Odamlar orasida: “Men unga to‘yona bergandim, u menga qaytarmadi yoki kichikroq narsa qaytardi”, deb xafa bo‘ladigan, hatto janjal chiqaradiganlar ham bor. Bunday qilish noto‘g‘ri. Chunki to‘yona “chin dildan”, deb berilgan. Shunday bo‘lgandan keyin uning qaytishini kutish ma’qul emas.
Yana bir masala – to‘ylarni to‘yxonada o‘tkazish masalasi bor. Imkoni bo‘lsa, to‘yni xonadonda o‘tkazgan afzal. Chunki buning fayzi bo‘lakcha. Halol, pok tarzda o‘tgan to‘ylarda kelin-kuyov haqiga duolar qilinadi. Alloh zikr qilingan joyga rahmat, baraka yog‘iladi. Shu bilan birga to‘yxonalarda ham to‘y qilish joiz ekanini eslatib o‘tamiz. Biroq bunda poklikka, halol-haromga e’tibor berilsa bo‘lgani.
Biz nega poklikka bot-bot urg‘u beryapmiz? Chunki ikki yosh baxtli bo‘lishi, tup qo‘yib palak yozishi, qo‘sha qarishi to‘ylar qay tarzda o‘tkazilishiga bog‘liq. To‘yda ko‘ngilsiz holatlar bo‘lishi, harom ichimliklar (aroq, konyak, pivo) ichilishi, noma’qul xatti-harakatlar sodir etilishi kelin-kuyovning keyingi hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ustiga-ustak begona erkagu ayollarning birga raqsga tushishlari, nopok ichimliklarni ichib, mast holda “duo” qilishlari sog‘lom inson aqli ko‘taradigan holat emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: duo qabul bo‘lishi uchun insonning luqmasi halol, kiyimi, badani, qolaversa, qalbi pok bo‘lishi kerak.
Endi savol tug‘iladi: og‘zidan badbo‘y hid anqib turgan kimsaning, nomahram erkaklarga o‘zini ko‘z-ko‘z qilib o‘yinga tushayotgan hayosiz xotinning duosi qanday qabul bo‘lsin?!
Bu ayanchli ahvolni to‘g‘rilash o‘zimizga bog‘liq. Biz isrofgarchilikdan, manmanlikdan xoli to‘ylarni niyat qilgan, farzandlarimiz baxtli bo‘lishini istar ekanmiz, to‘ylarimiz haqida chuqurroq mushohada qilishimiz, har jihatdan foydali yo‘lni tanlashimiz, kelin-kuyovning kelgusi hayotiga rahna soladigan nopok ishlardan saqlanishimiz talab etiladi.
Ziyovuddin RAHIM
Manba: azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi