17:32 / 21.01.2018
6 035

Musofirni ayblashdan oldin tushuning!

Musofirni ayblashdan oldin tushuning!
Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlarni «noshukr», «orzu-havas quli», «yengil pul topishga ketgan dangasalar» deyayotgan insonlarga:

Men onaman! O‘g‘lim 4 yildan beri Rossiyada. Uch xonali, chala bitgan bir qavatli uyim bor.
Turmush o‘rtog‘imning bittagina shalog‘i chiqqan velosipedi bor.

O‘g‘lim uylanadigan yoshda, qizim uzatiladigan. Orzu-havas bilan, dang‘illatib to‘y qilish niyatim yo‘q, chunki to‘ydan keyin ham hayot bor.
To‘rt qavatli tugul ikki qavatli uy qurish niyatimiz ham yo‘q, chala uylarimni bitirib olsam shunisigayam Xudoga shukr qilaman.
Bolamni bag‘rimdan yulib o‘zga yurtlarga jo‘natish havas emas edi. Sharoit majbur qildi.

Turmush o‘rtog‘imni topgani to‘lovlardan ortmadi, ro‘zg‘orga yetmadi. O‘g‘lim maktabda o‘qib yurgan chog‘idayoq hunar olgan, mashina tuzatadi, non yopishni biladi. Lekin hunarlari bilan ham bu yerda non topa olmadi. Mashina tuzatish uchun ustaxona, non yopish uchun nonvoyxona, ularni qurish uchun joy va hammasiga otni kallasiday pul kerak.

Qiynalganga kim yordam berdi va beryapti?
Ish boshlash uchun joy so‘rasangiz «ortiqcha yer yo‘q» degan hokimlarmi? Yashash sharoitimizni ko‘rib «shunchalar ham dangasa, boqimanda bo‘lasanmi, uy-joyingni remont qilib, odamday yashasang o‘lasanmi» degan xotin-qizlar qo‘mitasi raislarimi? Yaxshiki birortasiga tishimni oqini ko‘rsatib yordam so‘ramadim, or qildim.

Majburan kollejga joylangan o‘g‘limni yo‘l kirasi-yu, tushligi uchun pul topib berolmaganimdan, hunarini ishlatishga imkoniyat yaratib berolmaganimdan bolam o‘qishni tashlab Rossiyaga ketdi. O‘yinqaroqlikdan emas, havas uchun emas, ishlagani ketdi. 19 yashar o‘g‘lini begona yurtga jo‘natgan ona tinchgina dollar sanab o‘tiradi deb o‘ylasangiz adashasiz. Jonini yarmi, es-yodi o‘sha begona yurtlarda bo‘ladi. Har gal dasturxon ustida o‘tirganda har chaynayotgan luqmasini bolasiga ilinib o‘tiradi. Siz buni tushunmaysiz.

To‘rt yildan beri chetda ishlab, yashashimizga kifoya qiladigan uy-joy qura oldi xolos, o‘g‘lim. Lekin o‘zimizda ishlaganda shu ham yo‘q edi. O‘tgan yili mahallada bir million pul tikib, kichkinagina do‘koncha ochgandi. Dadam qarib qoldilar, mardikorchilik qilmasinlar endi deb. Kuniga 70-80 ming savdo bo‘ladi, shundan 10-15 ming foyda tushadi. Endi shu kichkinagina do‘konni solig‘i oyiga 300 ming so‘m. Undan tashqari elektr to‘lovi ham aholidan qimmatroq to‘lanadi. U yog‘ini o‘zingiz hisoblab ko‘ring.

Bularni noshukrlikdan, bir nima umidida yozmayapman. Sizning malomatlaringiz jon-jonimni o‘yib yuborganidan, shundoq ham kunda ming bora eslab, Xudodan panoh tilayotgan farzandimni qiynalib topayotgan pulini anchagina qismini dori-darmonimga ishlatib qo‘yayotganimdan, o‘zimni aybdor sanayotganimdan yozyapman. Rossiyaga ishlashga ketganlar orzu-havas ilinjida ketmayaptilar. Bu yerda topolmaganlarini chetdan qidirib ketyaptilar.

Bir tumandan shuncha yigit bir kunda chetga chiqib ketishi o‘sha tumanda sharoit og‘irligini bildiradi. Bizning qishloqda ham 450 xonadon bo‘lsa, shundan 200 ta xonadonni bolasi Rossiyada. Xotin-bola-chaqasini olib ketganlar ham bor. Ular qaynog‘asini uylanishi uchun uy bo‘shatishi kerak, ko‘chib chiqqani uyi yo‘qlar. 300 ming so‘m oylik maoshini na ro‘zg‘orga, na to‘lovlarga, na orzu-havasiga yetkaza olmaganlar.
Bundan ortiq yozolmayman. Musofirlarni ayblashdan oldin ularning onalaridan bir hol so‘ranglar.
Dilafzo- Umida Karimova

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Musofirni ayblashdan oldin tushuning!