Internet saytlari «uyg‘on»di, onda-sonda bo‘lsa ham milliy televideniyemiz kasal odamday «ko‘zini ochib» qarayapti, matbuot ham nimalarnidir duduqlanyapti, ammo... Bu «uyg‘onish» unchalik ham ko‘ngilga taskin bermayotgandek! Kimningdir turtkisi bilan uyg‘onish «uyg‘oqlik»mi? Haq olinsa, ko‘ngil to‘ladi! Berilgan haq bilan maqtanish ojizlikdir! O‘zing uyg‘onsayding, o‘zing haqqingni so‘rashni bilsayding, hech bo‘lmasa, haqqini so‘raganlar yonida tura olsayding! Yanayam pastroq tushay, haqqini so‘raganlarga indamasayding!
Prezident Angrenga borib, xalqning nochor ahvoli haqida juda qattiq gapirdi. Ertasi kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan bir jurnalist yozdi: «Biz shundoqqina biqinimizda turgan muammoni ko‘rmagan ekanmiz, qarang, Prezidentimizning donoligini!» «Xizmat ko‘rsatgan» haliyam otda, haliyam birovga gap bergisi kelmaydi! Qani endi bir til bo‘lsa-yu, «Hazrat, siz ana shu biqiningizdagi muammoni ko‘rmaganingiz uchun rahbar bo‘ldingiz, xalqqa xizmat qilmaganingiz uchun «xizmat ko‘rsatgan» oldingiz-da», desa! Deganda endi nima o‘zgaradi?!
Shu odamdan ko‘p dakki eshitganman: «Hayotga qora ko‘zoynak bilan qaraysan! Prezident siyosatiga qarshimisan?!» O‘n yil oldin bu gapning nimaligini bilarmidingiz? Shu atrofda yurgan bo‘lsangiz, albatta bilardingiz. Bilmay ko‘ring-chi! Bu shunday tahdid ediki, eshitgan odam beixtiyor «biz hech kimdan kam emasmiz», devorardi.
Ha, shunaqa deb yuraverdik. O‘tgan yili qarasak, biz hammadan kam ekanmiz! Ta’lim tizimi izdan chiqib ketgan, sog‘liqni saqlash ayanchli ahvolda, qishloq xo‘jaligi nochor, yoshlar qarovsiz, diniy savodsizlik avjiga chiqqan! Biz nima qildik o‘zi?
Hech narsa qilmadik desak, insofsizlik bo‘ladi. Juda ko‘p ishlar qilindi, lekin aksariyati xato yo‘ldan ketdi. Nima uchun shunday bo‘ldi, bilasizmi? Jamiyatdan ERKIN FIKR quvib chiqarildi! Fikr aytgan odam dushmanga aylantirildi. Matbuot «bo‘lmaydi» degan so‘zni lug‘atidan o‘chirib tashladi. «Hammasi zo‘r, hammasi bo‘ladi»ga chiqib ketdi! Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib fikrlaydigan bo‘ldik. Shunaqa qo‘ling urgulsin kadrlar ishlab chiqdikki, biri qo‘yib, biri «Vatanni sevadi»!
Bir odam hech qachon xato qilmasligi, mutlaq haqiqatni gapirishi mumkin emas. G‘oyibdan keladigan vahiyning to‘xtataganiga 15 asr bo‘lgan axir! Yo‘q, biz buni tan olmadik, «sizniki ma’qul» dedik.
Erkin matbuot, erkin fikr yashaydigan joyda hukumat quturib ketolmaydi. Hukumatning ko‘ziga matbuot ko‘zgu tutib turishi kerak. U «ko‘zgu»ga qarasin, o‘zini tuzatsin! Bir hafta ko‘zguga qaramagan odamning basharasini ko‘rganmisiz? 25 yil qaramagan odamnikini-chi?! Biz «ko‘zgu»ga qaramadik, uni «sindirib» tashladik. Hukumat bilan o‘rtamiz uzilib qoldi. Shunaqa bir «devor» paydo bo‘ldiki, oshib o‘tishning hech iloji yo‘q! Paxtani terib, g‘allani yig‘ib, gaz, neft, oltinni qazib olib «devor»dan oshirib tashlaymiz. Biz qora botirlarning maqsadimiz: «ombor»ni to‘ldirish! Lekin bu o‘lgur hech to‘lmaydi. To‘ldirolmadik! Natijada, «don» izlab har tomonga uchib ketdik. Shunda ham hech kim «shuncha mehnat qilding, uzr, qorningni to‘yg‘azolmadik», demadi. Ortimizdan: «dangasalar», «xoinlar», «vatangadolar» deb so‘kib qoldi.
Biz soddalar bilmadikki, «ombor»imizga «kalamushlar» tanda qo‘yishgan ekan! Buyog‘i Los-Ándjelesu, buyog‘i Shveysáriyada million-millon dollarlik saroylar quribmiz, villalar sotib olibmiz, shaxsiy samolyotlarimiz bor ekan, Ostrogorskiy degan opaning bolalarini eng zo‘r universitetlarda o‘qitibmiz... Lekin biz bilmabmiz, bilolmasdik ham-da! Chunki «ko‘zgu» singan edi, sindirishgan edi.
Endi nima bo‘ladi? «Ko‘zgu»ni butlay olamizmi?
Yo‘q, chunki «ko‘zgu» singan kuni o‘quvchining ishonchi ham qo‘shilib singan.
Yaqinda bir «otaxon» gazeta ta’lim tizimining 10 yillikka qaytishi kelajak uchun muhim qadam bo‘lganini yozib, isbotlab berdi. 3-4 yil ilgari «Kollejlar bizning kelajagimiz» deb yozib, uni ham isbotlab bergandi. Xalq bu gapning qaysi biriga ishonsin?
Televideniyeda ko‘rganmisiz, yoshi saksondan oshgan bir onaxonni zalning o‘rtasiga to‘rg‘azib qo‘yib, tuman prokurori boshchiligida bir zal odam «talayapti»:
— Xoinning onasi!
— Shunaqa bola tarbiyalaysanmi?!
— Yurtning yuzini yerga qaratdi!
— Tumanimizga isnod keltirdi!
Haqoratning chek-chegarasi yo‘q. Bu haqoratlarga onadan boshqa hech kim chiday olmaydi! Ona bolasi uchun chidaydi-da! «Bu sho‘rlik nima qipti?» deng, o‘g‘li Rossiyaga ishlashga ketib, o‘sha yurtlardan Turkiyaga o‘tib ketibdi. Muammo shu, shunga ona aybdor! 20 yil oldin uni Turkiya o‘tib ketmaydigan qilib tug‘ishi kerak edi.
Endi plastinkani almashtirdik. «Tuman huquq-tartibot idoralari, mahalla faollari bilib-bilmay xato yo‘lga kirib qolgan yoshlarimizni sog‘lom hayotga qaytarish uchun uylariga borib suhbatlar o‘tkazishyapti. Natijada, odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi tiklanyapti».
Ayting-chi, zalda qon yutib turgan 80 yoshli o‘sha onaxon bu gaplarni eshitib nimalarni o‘ylayotgan ekan? Televideniyening qaysi gapiga ishonsin? Ertaga yana boshqacharoq gap o‘rtaga chiqib qolsa-chi!
Demak, matbuot ko‘rsatma asosida ishlashni bas qilishi lozim. Matbuot hukumatning og‘ziga qaramasin, tishlab o‘tirgan mumini tuflab tashlab, o‘zining og‘zini ham ishlatsin! Bugungacha kelayotgan yo‘lini o‘zgartirsin, o‘quvchining ishonchini qozonadigan yo‘lga o‘tsin. Bu yo‘l — mustaqil fikrlash, o‘z SO‘ZI va o‘z FIKRIni ayta olish yo‘li bo‘lsin. Shunda bizning jamiyatimizda ham ShAXSlar paydo bo‘ladi. Shaxslar — millat lokomotivlari! Butun boshli millat kitobxon, ziyoli, buyuk bo‘lib ketishi mumkin emas. Millatning buyukligini ana shu «lokomotivlar» ko‘rsatadi.
Biz shaxslarga yo‘l bermadik. Bolalarimizni shaxs qilib tarbiyalashga intilmadik. Yoshlarimizdan biri hukumatimizdan «faxriy yorliq» olgan ekan, quvonchdan: «endi qanday yashayman» deb izillaydi. Hoy, sening iste’dodingning narxi bitta «faxriy yorliq»midi hali?! Bittasi chiqib, «mamlakatmizda yoshlarga berilayotgan e’tibor dunyoning hech bir davlatida yo‘q», deydi. Chinozdan nariga o‘tmagan qizaloqning gapini qarang! Chunki u nima qilsin, o‘zining gapi yo‘q, bu gapni qayerdandir eshitib olgan. Aniq biladi, zararsiz gap!
Xullas, umumiy gaplardan, shablon gaplardan, eng muhimi, yolg‘on gaplardan voz kechib, real hayotga qaytish vaqti allaqachon keldi.
Alisher Nazar
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda