20:50 / 21.01.2018
10 177

Ro‘mol o‘ragan ayol huquqbuzarmi?

Ro‘mol o‘ragan ayol huquqbuzarmi?
Bir jumla borki, u barcha muhokamaga nuqta qo‘yadi, zabon ham haqli so‘zlarni aytishdan to‘xtaydi. Bu jumlaning qudrati jamiyatimizda shu qadar ulug‘ki, o‘z mulking yo joning himoyasi uchun ikki og‘iz haqiqatdan iqtibos keltirish ham «jinoyat»ga aylanib ketishi hech gap emas. Bu jumla - «sen prezident siyosatiga qarshimisan?!» ohangi bilan jaranglaydi.

Hayotning ne qismati va sinovini boshdan kechirgan o‘zbek millati Sovet Ittifoqi parchalangach, barcha sohada erkinlikni qo‘lga kiritishga katta umid bog‘ladi. Savdo-iqtisodiy rivojlanish, ketma-ket qad rostlagan zavod va korxonalar xalqning bir necha yillik azaliy orzusini ro‘yobga chiqarishidan dalolat berardi. MUSTAQILLIK...

Ammo, har sohada bo‘lgani kabi diniy yo‘nalishda ham sohaning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari bilan hisoblashmay, ma’muriy buyruqbozlikka berilib ketdik. Oqibatda, jamiyatda biroz bo‘lsa-da, islomofobiya jarayonini tezlashtirib yuboruvchi hodisalar yuz berdi. Bularning barchasi o‘tmishda qoldi, «sehrli jumla» bilan muhokamaga o‘rin qoldirmaganlarga qarata aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bugun aytmoqda: «sof Islom aqidalarini targ‘ib etishimiz, farzandlarimizga Buxoriy hadislarini o‘rgatishimiz lozim».

Hukumatdagi siyosiy iroda ustunlik qilib, islohotlar shamoli diniy sohaga ham kirib keldi: respublika bo‘ylab Qur’on Karim kitobini o‘qish musobaqasi, yangi diniy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ish faoliyatini boshladi, aholiga diniy ta’lim berishni nazarda tutgan o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘zbekistondagi eng muhtasham masjidda katta tanaffusdan so‘ng, azon ovoz kuchaytirgichlar bilan aytilmoqda. Bu barcha mo‘min musulmonlar orzu qilgan davr yaqin ekanligidan bir darak.

Ammo, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»​gi qonunning 14-moddasida diniy urf-odatlar va marosimlar haqida so‘z boradi va bu band barcha o‘zgarishlarni chipakka chiqarishga xizmat qilmoqda. Unda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tabiiy savol paydo bo‘ladi: aslida ibodat libosi nima? Kishining jamoat joyida qanday kiyimda yurgani qaysi mezon asosida aniqlanadi? Kimdir bu savolga javob berganmi o‘zi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, «bunisi - islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid, degan tushunchalar yo‘q».

«Muayyan bir dinlarda ayrim rasm-rusumlarni bajarish uchun kiyiladigan kiyimlar belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Aholimizning 94 foizidan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi. Islom dinida ibodat qilish uchun «​bunisi - islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid»​, degan tushunchalar yo‘q. Boshqa dinlarda esa ibodat marosimlarini o‘tkazish uchun alohida liboslar kiyiladi. Islom dinida esa ibodat uchun diniy kiyim, degan mulohazalar noo‘rin. Din ishlari qo‘mitasi, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham ro‘molni hech qachon diniy libos sifatida e’tirof etmagan. Agar ro‘molni diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz», deya qayd etdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Bir tarafdan barchasi risoladagidek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari qat’iyat bilan «uzun ko‘ylak va ro‘molning ibodat libosi» emasligini ta’kidlamoqda. Ammo Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani, Oq oltin shaharchasida istiqomat qiluvchi N.Sh. jamoat joyida ro‘mol o‘rab yurgani uchun huquqbuzar sifatida ma’muriy javobgarlikka tortilganini so‘zlab berdi.

«Hadichai Kubro bilim yurtida o‘qish niyatim bor edi, shu tufayli kerakli hujjatlarni yig‘ishni boshladim. Taassufki, Ichki ishlar xodimidan «​hech qanday oqimga a’zo emasligi»​ haqidagi ma’lumotnomani olish uchun borganimda, «​jamoat joyida diniy libosda ko‘rinish berdi»​ deya ma’muriy javobgarlikka tortishdi. Avvaliga sudya oilaviy sharoitim va menga berilgan xarakteristikaga asoslanib, jazodan ozod etdi. Ammo prokurorning protest harakati bilan sud ishni qayta ko‘rib chiqdi. Natijada, 2017 yil 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 184(1)-moddasi bo‘yicha aybdor, deb topildim», deb so‘zlarini yakunlaydi u.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan boshqa bir muslima ayolning (o‘z iltimosiga ko‘ra, ismi oshkor etilmaydi) so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar xodimi ayol ishlaydigan joyga tinimsiz tashrif buyurib, uning ish joyida ro‘mol o‘rab o‘tirganini aniqlagan holda, suhbatdoshimizni javobgarlikka tortishi aytib tahdidlar qilgan.

«Bu hol ko‘p marta takrorlandi, yetti marta (!) jazoga tortildim. Axir yolg‘iz onaman, topgan maoshim ham bolamning rizqi. Har safar qanchadir miqdorga jarima yozib berishadi, ishdan ham bo‘shatishmoqchi bo‘ldi. Shu harakatlardan so‘ng, majburlik yoqasida ro‘molni ortdan o‘rashga (bo‘yin qismini to‘smagan holda - tahrir.) qaror qildim», deya pushaymon bilan o‘sha vaziyatni esladi u.

Bejiz maqola boshida «sehrli jumla» haqida eslab o‘tmadik: davlat rahbari sof Islomni targ‘ib eting, degan bir paytda, jamiyatda yuz berayotgan bunday anglashmovchilikning kelib chiqish omili qayerda? Ana endi dangal gapning po‘stkallasini ayta qolay, xalqning uyg‘ongan ishonch va umidi puchga chiqadimi? Din ishlar bo‘yicha qo‘mita vakillari «faqat arablarga xos kiyinib, yuzni niqob qilishdan asranish, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib kiyinish»​ni tavsiya etmoqda. Ammo, amalda nimalar yuz bermoqda?

Vaziyatni chuqur tahlil qilarkanmiz, anglashmovchilikka huquqni muhofaza etuvchi organ xodimlarining harakati sabab bo‘lyapti, deyishdan yiroqmiz. Balki, bunga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining harakatsizligi sabab bo‘lmoqda. Negaki, Ichki ishlar xodimi va sudya qonunga asoslanib ish ko‘rmoqda. Agar vaziyat shunga borib taqalsa, bundan 20 yil avval qabul qilingan qonunga o‘zgartirish kiritish vaqti kelmadimi? Qonunda bo‘shliq tashlab ketish, diniy libos aslida nima ekanligiga izoh bermaslikdan maqsad nima?
O‘ylaymizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari bu masalaga e’tibor qaratib, atroflicha o‘rganib chiqadi. Vaholanki, qonun amalda jamiyatga ziyon yetkazmasligi lozim.​

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ro‘mol o‘ragan ayol huquqbuzarmi?