09:03 / 24.01.2018
5 939

Bolangizga qo‘y demang...

Bolangizga qo‘y demang...
Iltimos, ota-onalar, bolangizga qo‘y demang. Mayli sho‘xlik qilsin, ehtimol bezorilik qilar, gapingizga kirmas, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgandir, ammo, nima bo‘lganda ham unga qo‘y demang. Unday qilma, u bilan do‘stlashma, bu yo‘ldan borma, deng, mayli, biroq «qo‘y» degan so‘zni ishlatmang, iltimos. Odam bir so‘zni hadeb eshitaversa u butun vujudiga singib, hatto hujayralarida ham u aks-sado berarkan. Bolaga hadeb qo‘y deyverib uni qo‘yga o‘xshatib qo‘ymang, iltimos!

Hurmatli ota-onalar! Sizlardan iltimos, farzandingizni qo‘zichog‘im deb erkalamang, qo‘chqorim deb maqtamang! Arslonim, deng, qoplonim, deng, mayli, ayiq polvonim, deng, ammo qo‘zichog‘im deb uni qo‘y qilib tarbiyalamang, kelajakda qo‘ymijoz bo‘lishiga izn bermang.

Aziz ota-onalar, bolangizga hadeb qo‘y deyvermang, iltimos! Uni o‘z fikri, o‘z so‘zi, o‘z qaroriga ega bo‘lmagan «latta» qilib tarbiyalamang! Ertaga kimdir uning haqini yesa «qo‘y» deb jim turavermasin, haqini talab qilishni bilsin, og‘zidagini oldirib qo‘ymaslikka o‘rgating.

Andishaning otini qo‘rqoq deyishadi. Hayotimizdagi ko‘plab muammolarimiz aslida «qo‘y» deb qo‘l siltab ketishimiz, «qo‘y» deb ko‘z yumishimiz, «qo‘y» deb tilimizni tiyishimiz, «qo‘y» deb mas’uliyat, javobgarlikni zimmamizga olishdan qochishimizdan bo‘lmayaptimi? Nega nohaq, nomunosib odam siz yoki farzandingizning o‘rnini egallasa jim turaverasiz, nega zolim qo‘lingizdagi aslida sizga tegishli narsani olsa ber deb kurashmaysiz?

Hurmatli ota-onalar, farzandingizni qo‘ydek yuvosh, qo‘ydek kaltabin, qo‘y kabi farosatsiz qilib tarbiyalamang, iltimos! Kalta fikrlaydigan, faqat o‘z joni, o‘z tinchligi, o‘z manfaatini o‘ylaydiganlar «podasi»da na millat, na din, na Vatan qayg‘usi bo‘ladi. Ular o‘z oilasiga ham aslida xiyonat qilayotgan bo‘ladi. Qo‘shnisi, hamkasbi, yurtdoshi duch kelgan muammoga ko‘z yumgan «qo‘ymijoz» bir kun o‘sha tashvish uning ham boshiga kelishini o‘ylab ko‘rmaydi. Pul ber desa beradi, obuna bo‘lasan deydi, obuna bo‘ladi, temir olib kel desa uyidagi yaroqli matohlarni bo‘lsa ham olib boradi, oyoq kiyimimni art desa artadi, paypog‘imni yuv desa yuvadi, o‘l desa o‘ladi…
Sanjar Said

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolangizga qo‘y demang...