(Voqeiy hikoya)
Esimni tanibmanki, uyimizdan katta-kichik mol arimagan. Otam (Norsafar Mahmadaliyev) uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan bo‘lsalar-da, biror katta xarajati bo‘lsa mol boqardilar. Bizga hovli, uylarni ham, o‘qish puli, to‘ylarimizni ham shu halol mehnatlari evazidan qilib berishgan. Haj safarlariga ham nafaqalarini yig‘ib, olti-yetti yil davomida mol boqishib, halol pullari evaziga borib kelishdi. 45 yil bank bosh hisobchisi, bank rahbari lavozimlarida ishlagan odam istasa hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi, ammo bunday yo‘l tutmaganlar. Yursalar, tursalar biz, farzandlarining kelajagiga soya solmaslikka harakat qilganlar. Farzandlarimning odamlar oldida men sabab yuzi shuvut bo‘lmasin, deganlar.
Mamlakat endigina mustaqil bo‘lgan, og‘ir damlar edi. Bozorga chiqdik. Tanlab- tanlab otamga juda ko‘rkam bir sigir yoqdi. Bichimi xuddi otnikidek kelishgan sigir ekan. Sotib olib uyga qaytdik. Otam nevaralarining og‘ziga oq tegishidan xursand. Ammo yomonning bir qilig‘i ortiq deganlaridek, sigirimizning ham qilig‘i chiqib qoldi. Sigir o‘zini o‘zi emib qo‘yar ekan. Egasi ham nomardlik qilib, molining aybini aytmapti. Sotib olayotganimizda e’tibor bermagan ekanmiz, sigirning burnining ichi yara edi. Avvalgi egalari ham sigirning yeliniga hatto tayoqchalar qo‘yib ham o‘zini yemib qo‘yishning oldini olishga harakat qilishgan ekan. Ammo sigir burniga cho‘p kirib, ozor bersa ham tarki odatni amri mahol bilgan. Bizning ham qilmagan birorta choramiz qolmadi, sutini asray olmadik. O‘zini o‘zi emib qo‘yaverdi.
Bunday sigir kimga kerak? Agar siz og‘ir bir damda pulingiz kuyib, shunaqa sigir olsangiz qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Sigirni qassobga bersangiz, suv tekin ketadi. Hatto sotib olgan pulining yarimi ham bo‘lmaydi!
-Nima bo‘lsa bo‘ldi, sigirni qassobga topshiramiz,-dedi otam.
Endigina ro‘zg‘orimizni oyoqqa qo‘yayotgan biz farzandlar esa otamga qarshi turdik.
-Yemay, kiymay ne bir mashaqqatda yiqqan pulimizni bir tullakka qo‘sh qo‘llab tutqazdik, qolganini qassobning og‘ziga tutamizmi?-dedik.
Onamga umidvor tikildik.
-Dadangiz nima desa, shu,-dedilar onam.
Bir hafta davomida otam ko‘nmay, biz ham unamay yurdik. Nihoyat, biz, bolalar ustun keldik. Molni bozorga olib chiqdik. Molni otamning o‘zlari sotadigan bo‘ldi. Ilgari hech bunday qilmas, bizlarga qo‘yib berardi. Negadir otam molga juda katta baho qo‘ydi. Tushmadi ham, savdolashmadi ham. Nima uchun bunday qilayotganini keyinroq angladik. U kishi xaridor ushlamoqchi emas, ya’ni otamning molni sotish istagi yo‘q edi.
Molga tanish bir yigit xaridor bo‘ldi.
-Aka, aytgan pulingizni beraman, menga sigir yoqdi, menga soting!-dedi yigit.
Otam unamadi.
-Nevaralaringiz sut-qatiq so‘rashayapti. Shular uchun olmoqchiman!
Otam unamadi. Xaridor ham ketmay oyoq tirab turib oldi. Ammo boshqa bir xaridor bilan juda quyuq so‘rashib, sigirni unga sotadigan bo‘ldi. Xaridorning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Xaridor yigit ham kulimsirab nimadir dedi. Bor-baraka bo‘ldi. Otam pulni sanab ham o‘tirmadilar.
-Uka, sizga ishonaman!-dedi.
Xaridor sigirni yetaklab ketdi.
-Aka! Men bu yigitdan oldin kelgandim, nimaga molni menga emas, unga sotdingiz?-ranjidi haligi yigit. –Kerak bo‘lsa undan ham ko‘proq berardim, essiz, juda yaxshi mol edida.
-Xafa bo‘lmang, inim, bu molni sizga sota olmasdim, -dedi otam.
Yigit norozi bosh chayqaganicha bizdan uzoqlashdi.
-Xudoga shukur, o‘zi mushkulimni oson qildi!
-Ammo molni u yigitga sotdingiz-ku?-dedim ajablanib.
-Bu yigitni yaxshi taniyman, ukaxondamiz bo‘ladi. Unga molning aybini aytib sotdim. O‘zi qassob, fermasi bor, semirtirib, so‘yib sotar ekan.
Bozordan qaytar ekanmiz, otam juda mamnun edi.
Erkin Norsafar
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...