14:43 / 26.01.2018
9 913

Prezident shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish bo‘yicha qaror imzoladi

Prezident shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish bo‘yicha qaror imzoladi
Kecha, 25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati huzurida tashkil etilgan Press-hall’da Prezidentning Davlat maslahatchisi Rustam Qosimov ushbu qarorni sharhlab, OAV vakillariga yetkazgani haqida xabar bergan edik. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning sog‘liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlash, fuqarolarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining barcha qatlamlari tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun sharoit yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2017 yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va bu hududlarning ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini berdi, tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash esa 2 baravar ko‘paydi.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatining tashkiliy asoslari shakllantirilganiga qaramay, hanuzgacha uning samaradorligi zamon talablariga javob bermaydi, tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi yetarli emasligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4985-sonli Farmoniga muvofiq hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan, tez tibbiy yordam xizmatining tezkorligi, samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, mulkiy shakli va boshqaruvidan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko‘rsatiladi;

hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanadi.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018 yilda shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (bundan buyon – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tez tibbiy yordam xizmatining sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalari bilan samarali integratsiyasini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish orqali tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (bundan buyon –RShTYoIM), uning filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

tez tibbiy yordam xizmati ixtisoslashtirilgan avtotransportini zamonaviy tibbiy uskunalar va raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) bilan jihozlash va qo‘shimcha jihozlash;

shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal rivojlantirishni ta’minlaydigan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari hamda ilg‘or texnologiyalarni hisobga olgan holda tibbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi va RShTYoIM hududiy filiallari tez tibbiy yordam stansiyalari negizida butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga mo‘ljallangan tunu kun ishlaydigan yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydigan Call-markazlar tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

4. Tez tibbiy yordam tizimini ixtisoslashtirilgan avtotransport bilan jihozlash normativlari va ulardan foydalanish muddatlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati ko‘chma brigadasini tibbiy uskunalar va inventarlar bilan jihozlash tabeli 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rnatilgan tartibda:

bir oy muddatda tez tibbiy yordam to‘g‘risida nizom hamda tez tibbiy yordam brigadalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashning yangilangan normativlarini tasdiqlasin;

mazkur qaror qabul qilinishini inobatga olgan holda bir oy muddatda bemorlarni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga shoshilinch yotqizilishini talab etuvchi kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar Ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar to‘liq va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlasin;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Call-markazlar faoliyatini tashkil etish uchun shifokor, o‘rta tibbiy va texnik xodimlar lavozimlarini joriy etish yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmatining yangilangan shtat me’yorlarini qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek, ularni aholiga samarali va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan malakali tibbiy kadrlar bilan qo‘shimcha ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 1 fevralidan tez tibbiy yordam brigadalari haydovchilariga ularga bemorlarni tashish bo‘yicha qo‘shimcha ravishda yuklatilgan funksiyalarni bajargani uchun, agar sanitar shtati mavjud bo‘lmasa, tarif stavkasida 30 foiz miqdorida ustama to‘lashni joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili zarur byudjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari tez tibbiy yordam tizimining avtogaraj xo‘jaligiga doir talablarga rioya etilishi, uning moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlanganligi, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadasi ixtisoslashtirilgan avtotransportining uzluksiz ishlashi uchun shaxsan javobgardirlar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini (zayomlarini) va grantlarini hamda boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish yuzasidan zarur choralar ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda tibbiyot muassasalari rahbarlarini mazkur muassasalar tomonidan shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish asossiz ravishda rad etilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 21 maydagi “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-1114-son qarorining 2-bandi va uning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018 yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi bajarilishining tahlillariga asosan 2019 yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi kompleks tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 25 yanvar

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish bo‘yicha qaror imzoladi