12:36 / 28.02.2018
4 651

Shavkat Mirziyoyevning islohotlari sabab AQSH Markaziy Osiyoning yangi qirralarini kashf etmoqda

Шавкат Мирзиёевнинг ислоҳотлари сабаб АҚШ Марказий Осиёнинг янги қирраларини кашф этмоқда
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Elis Uells “Amerika ovozi” teleradiosiga intervyu berdi.

– Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga borib keldingiz. Tashrif taassurotlari, Donald Tramp Prezident bo‘lganidan keyin bu mintaqaga nisbatan siyosatda qanday o‘zgarishlar yuz bergani haqida so‘zlab bersangiz.
– Ikki jihatni ta’kidlamoqchiman. Hozirgi muhim yangiliklardan biri shuki, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev olg‘a surgan tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun yangi imkoniyatlar yuzaga kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev davlatni tashqi dunyo uchun ochar ekan, qo‘shnilarga do‘stlik qo‘lini cho‘zib, chegara muammolarini hal etish yo‘lida harakat qilar ekan, biz ham Markaziy Osiyoning yangi qirralarini kashf etayapmiz va yangicha hamkorlik haqida o‘ylayapmiz.

Ikkinchi jihat – prezidentimizning Janubiy Osiyo strategiyasidir. O‘tgan yilning avgustida e’lon qilingan bu strategiya “Afg‘onistonda barqarorlik va xavfsizlik ta’minlanmaguncha, biz u yerni tark etmaymiz”, degan va’daga asoslanadi. Bu O‘zbekiston uchun, Afg‘onistonning boshqa qo‘shnilari uchun juda muhim qaror. Mintaqa rahbarlari bu qarorimizni olqishlamoqda. Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Toshkentga kelib ketdi. Qator bitimlar imzolandi. U o‘z davlatini Markaziy Osiyoning bir qismi, deb atadi. Mintaqadagi hozirgi manzara bizni umidlantiradi. Bu yerda ikki tomonlama aloqalar jonlanmoqda, xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoga yangi nazar bilan qaramoqda. Bu holat Afg‘onistonda tinchlikka erishish umidini kuchaytiradi.

– Toshkent uchun Afg‘oniston bo‘yicha mart oyida o‘tkazish rejalashtirilgan anjuman juda muhim.
– Gapingizga to‘liq qo‘shilaman – bu anjuman O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lida tarixan muhim o‘rin tutib kelgan.

– Afg‘onistondagi vaziyat o‘zingizga ma’lum. Anjuman nimani o‘zgartira oladi?
– Bu anjuman muzokara uchun yo‘l ochiq ekanini ko‘rsatadi. Bu g‘oyat ahamiyatli. Qon to‘kishni to‘xtatib, Afg‘oniston konstitutsiyasiga rioya etgan holda, kam sonli millatlar va xotin-qizlar huquqlarini hurmat qiladigan kuchlar bilan murosaga kelish yo‘llari bor. Mintaqadagi har bir davlat, AQSH va Afg‘oniston faqat tinchlik va barqarorlik istaydi. Tinchlik muzokaralari ish bersin, deydi.

Kobulda sodir etilayotgan xurujlar xalqaro hamjamiyatga tinchlikning dushmani aslida kim ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Bu – “Tolibon”. Shu bois butun e’tiborimizni mana shu yovuz kuchga qaratayapmiz. Uning tarkibida qurol tashlamoqchi bo‘lganlar ham bor. Shunday ekan, murosa umidi so‘nmaydi. Hukumat toliblar bilan til topisha olishiga ishonadi.

– Markaziy Osiyo davlatlari AQSH bilan aloqalar mustahkam bo‘lishini xohlaydi. Biroq Vashington mintaqaga Afg‘oniston orqali qaraydi.
– Bu noto‘g‘ri talqin. Afg‘oniston, shubhasiz, muhim davlat. Lekin mintaqa davlatlari bilan aloqalarimiz, siyosatimiz hamisha o‘zaro manfaatlarga asoslangan. Hamisha uni qanday shakllantirish, iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash haqida bosh qotirib kelganmiz. Mustaqillikning ilk yillarida bu davlatlarga oyoqqa turib olishi uchun yordam ko‘rsatganmiz. Endi manzara boshqacha. Biz O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar samara berishini istaymiz. Konvertatsiya ochilgani AQSH xususiy sektorida qiziqishni oshirdi. Kompaniyalarimiz uchun bu mamlakatda ishlash imkoniyatlari kengaydi. Hozirgi vazifa – biznes targ‘iboti. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirishiga tarafdormiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘qib chiqdim. U ko‘p sohalarda o‘zgarishlar qilishni istaydi. Davlatni taraqqiy ettirish borasida o‘z rejalariga ega. Uzoq yillar amalga oshmagan maqsadlar mana endi ro‘yobga chiqishi mumkin.

O‘zbekiston mintaqada muhim o‘rin tutadi. Biz har bir jabhada bu mamlakat bilan yaqindan ishlashga bel bog‘laganmiz. O‘zbekiston va butun mintaqa davlatlari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilishiga ishonamiz.

– Vashington O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayonini qanday baholaydi?
– O‘zbekiston o‘zi o‘zgarishlarni amalga oshiryapti. Tashqi ta’sir ostida emas. Biz katta qiziqish bilan kuzatyapmiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Yordamlashishga ham tayyormiz. Toshkentga borganimda tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri, Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil, senatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muloqot qildim. Hamma yangi imkoniyatlar haqida gapirdi. Maqsadni aniq belgilab, reja asosida amalga oshirish kerak. Bu murakkab jarayon. Nafaqat AQSH, balki BMT, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘maklashish tarafdori.

Afv haqidagi qaror, majburiy mehnatga qarshi choralar, axborot maydonining ochila boshlagani, adliya tizimini isloh qilish borasidagi qadamlarning ahamiyati katta. AQSH biznesi ko‘pdan buyon O‘zbekistonga qiziqqan, lekin hamkorlik uchun yetarli darajada imkon topa olmagan. Bugungi o‘zgarishlar hammamizni ezgu ishlarga chorlamoqda. Yangi O‘zbekistonga yangicha ko‘z bilan qarayapmiz.

O‘zbekiston uzoq yillar mobaynida mintaqa va bugun dunyoga ochilishni istamadi. Mintaqaviy hamkorlik yo‘lidan bormadi. Endi yangi yo‘l tuta boshladi. Bu O‘zbekiston ravnaqiga xizmat qiladi, albatta. Sarmoyadorlarga yo‘l ochib, mamlakatni ham o‘z qudrati, ham chet ellik hamkorlar yordami bilan rivojlantirish payti keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan hamkorlikni kengaytirishga intilayotgani, chegaraviy masalalarni yecha boshlagani, boshqa yo‘nalishlardagi aloqalarni yaxshilashga harakat qilayotgani nafaqat biznes uchun, balki mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham juda e’tiborlidir.

– Mintaqada AQSH faol ishtirokchi emas, balki kuzatuvchi, deydiganlar ko‘p. Rossiya o‘z iqtisodiy va siyosiy ta’sir vositalariga ega. Xitoy milliardlab dollar sarmoya olib kirmoqda. Bu ham ta’sir vositasiga aylanishi mumkin. AQSH bu vaziyatga real tarzda qanday ta’sir qila oladi?
– Biz Markaziy Osiyo bilan chegaradosh emasmiz. Ta’sir o‘tkazishni ham istamaymiz. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari erkin, suveren, hududiy jihatdan yaxlit davlatlar bo‘lib qolishi tarafdorimiz. AQSH bilan hamkorlik boshqalar bilan sheriklikka daxl qilmasligi kerak.

AQSH mintaqada faol emas, deyish noto‘g‘ri. Biz qatnashgan eng uzoq urush dunyoning shu qismida. Qancha odam yo‘qotdik, moddiy zarar ko‘rdik. Bu mintaqa keyingi 4-5 nafar prezidentimizning diqqat markazida bo‘lib keldi.

Markaziy Osiyo biz uchun muhim. Prezidentlar – aloqada. Tashqi ishlar vazirlari – aloqada. O‘zbekiston mintaqadagi muhim davlat sifatida hamisha bizning e’tiborimizda. Markaziy Osiyo bilan rishtalarimizda, mintaqa istiqbolida uning o‘rni beqiyos. Biz hamkorlikning yangi yo‘llarini izlashdan to‘xtamaymiz.

Ijtimoiy tarmoqlar hukmron asrda yashayotganimizni inobatga olib, buning ijobiy va salbiy jihatlari borligini ta’kidlash kerak. Odamlar bir-biri bilan doimiy aloqada. Bu aloqadan yovuz kuchlar ham foydalanmoqda. Ekstremizm va shafqatsizlik yoshlarni yo‘ldan ozdirmoqda. Markaziy Osiyoda ham. Bu baloga qarshi birga kurashishimiz kerak. Kurashayapmiz ham. Oldimizdan misli ko‘rilmagan muammolar chiqmoqda. Ularni bartaraf etish uchun hamkorlik zarur.

– AQSHning Markaziy Osiyodagi Shimoliy ta’minot tizimi ishlab turibdi. Bu borada yangi kelishuvlar kutilyaptimi?
– Savdo va transport aloqalariga hamisha jiddiy e’tibor beramiz. Mintaqadagi mamlakatlar bilan shu sohada ishlashni davom ettirish niyatidamiz.

Markaziy Osiyo davlatlari hamisha ekstremizmga qarshi bo‘lgan, terrorchi tashkilotlar ildiz otmasligi yo‘lida harakat qilgan. Biz bu borada hamkorlikdan manfaatdormiz. Terrorizm va ekstremizmga qarshi hamkorlik biz uchun ustuvor vazifa.

– Iqtisodiy sohada AQSH kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi qanchalik oshdi?
– Qiziqish katta. Yangiliklar kutsak, arziydi. Shaxsan o‘zim uchun bir yo‘nalish juda ahamiyatli – ikki xalq bir-birini yaqindan tanishi, anglashi, bir-biridan o‘rganishi uchun biznes, ta’lim sohasida, malaka oshirish, nohukumat tashkilotlarni rivojlantirish borasida yo‘lni katta ochish kerak. Hukumatlar aloqasi bilan xalqlar o‘rtasida rishtalar boshqa-boshqadir. Biz O‘zbekiston bilan rasmiy hamkorlikka urg‘u berib kelganmiz, lekin norasmiy, ya’ni, madaniy va ijtimoiy aloqalarni ham rivojlantirish tarafdorimiz. Biz davlatlarimiz o‘rtasida insoniy qadriyatlarga asoslangan hamkorlik rivojlanishini istaymiz. Bu borada qilinadigan ishlar ko‘p.

Alisher Navoyi nomidagi Milliy kutubxonaga bordim. Ingliz tili darsliklarini ko‘rdim. Ularni chop etishga homiylik qilamiz. Talabalarni ko‘rib, lol qoldim. O‘zbekistonning mag‘rur fuqarolari o‘zlari global hamjamiyatning bir bo‘lagi ekanini anglaydi. Mamlakatlarimizda yangi avlod vakillari bir-birini tanishi lozim va buni ta’minlash dolzarb vazifa, deb hisoblayman.

– AQSHda o‘qish uchun yangi dasturlar ishga tushadimi, oldin yopilganlari qayta ochiladimi?
– AQSHda o‘qishni istaganlar elchixonamizning jamoatchilik bilan ishlaydigan bo‘limiga murojaat qilishi mumkin. Biz ayrim dasturlarni qayta tiklamoqchimiz. Yangilarini ochmoqchimiz. Birgalikda yangi loyihalar boshlash niyatidamiz. Turli soha egalarini AQSHga olib kelib, bizning tizim va jamiyat bilan yaqindan tanishtiradigan dasturlar bor. Bir-birimizni yaqindan tanishimiz, anglashimiz muhim ahamiyatga ega. Bu yangi g‘oya va takliflar paydo bo‘lishiga imkon yaratadi. Birgalikda ezgu ishlar qila olishimizga ishonchim komil.

Bugun O‘zbekistonga nisbatan qiziqish, ayniqsa, kuchaygan. Davlat departamenti hamkorlikni qaysi yo‘nalishlarda rivojlantirish haqida bosh qotirayapti. Toshkent – yaxshi sherik.

– O‘zbekiston, xususan, Prezident o‘zini sinab ko‘rayotgandek. Siz ham O‘zbekiston bilan bog‘liq siyosatda o‘zingizni sinayapsizmi?
– Xuddi shunday. Bilasizmi, islohot – juda murakkab jarayon. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar juda katta va shu sababli ham nihoyatda qiyin. Nafaqat tizim, balki mentalitet o‘zgarishi kerak. Muhimi, buning uchun xohish-iroda bor. Nazarimda xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. BMT, Jahon banki, umuman, hamma yordamga shay.
Navbahor Imomova,
“Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevning islohotlari sabab AQSH Markaziy Osiyoning yangi qirralarini kashf etmoqda