Qadimiy an’analarimiz, unutilmas qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizning ijod mahsullarini o‘zida jamlagan dostonlarni o‘rganish va baxshilikni davom ettirish kelajak avlodni Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, do‘stga sadoqat, mard va oqil qilib tarbiyalashga xizmat qiladi. Baxshilikning yana bir jozibasi shundaki, u faqat jonli ijro qilinadi. U ko‘zbo‘yamachiliklardan yiroq bo‘lgan sof ijod mahsulidir.
Joriy yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatidagi “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida baxshilar maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda o‘quvchilarga Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Ilhom Norov, Shodmon Egamberdiyev kabi taniqli baxshilar saboq bermoqda, deb yozadi O‘zA.
“Alpomish” dostonining yangi, surxondaryocha variantini yaratishni niyat qilgan Shoberdi Boltayev shu kunga qadar “Malla savdogar”, “Suluvxon”, “Avazxon”, “Oyparcha”, “Cho‘pon chertish”, “Oxuvon” singari 25 dan ortiq doston va termalarni kuyladi. U “O‘zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoniga birinchilardan bo‘lib sazovor bo‘lgan. Besh qiz, ikki o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazgan, 30 dan ortiq shogirdning sevimli ustozi. Ko‘plab milliy va xalqaro festivallar, anjumanlarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Yetti yoshidan dostonlardan parcha yodlab, do‘mbira chertib ijod qila boshlagan baxshilarimizdan.
– Boysun tumanidagi Kofirun qishlog‘ida katta bo‘lganman, – deydi Shoberdi baxshi. – Maktabda 4 soatlik darsning oxirida uyga qarab qochardim. Sababi otam ishdan kelguncha do‘mbirasini chertib qolish edi. Bir kuni otam ishdan qaytgach, do‘mbiraning joyida yo‘qligini ko‘rdi-da, “kim tegindi”, deb baqirdi. Shunda enam “besh ulingiz bor, bittasi chiqsin-da sizga o‘xshab”, dedi. Shu-shu mening jonim ham, qonim ham, hayot-mamotim ham shu baxshilik bo‘lib kelyapti. Otamning tog‘alari, otam, men, endilikda to‘rtinchi avlod bo‘lib o‘g‘lim Ro‘ziqul ham bizning yo‘limizdan ketyapti.
Mamlakatimizda asosan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida baxshilik rivojlangan. Xususan, Surxon vohasida ellikka yaqin baxshi ijod qilmoqda. Qadimiy qishloqlarning to‘yu tantanalari, Navro‘z, hayit bayramlari hali-hanuz lapar, baxshi, ko‘pkarilarsiz o‘tmaydi. Istiqlol yillarida baxshilikka yuksak e’tibor bu san’atning ixlosmandlari uchun ayni muddao bo‘ldi.
– Shunchalar baxtli inson ekanmanki, ikki Prezidentimiz bilan uchrashish nasib qildi, – deydi Shoberdi baxshi. – 1999 yil 25 dekabrda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Surxondaryoga tashrif buyurdi. Saylovoldi uchrashuv edi. “Islom Abdug‘aniyevich, tashrifingizni eshitib, do‘mbiram bilan yetib keldim, ruxsat bersangiz, to‘rtta terma aytib bersam”, dedim.
Yaxshi otni qancha chopsang horimas,
Vatan ichra Sohibqiron qarimas,
Siz tomonda – al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy,
Biz tomonda – So‘fi Olloyor, at-Termiziy.
Buni eshitib, zaldagilar qarsak chalib yubordi. Shunda Birinchi Prezidentimiz “quruvchi unvoni bor, shifokor unvoni bor, xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bor, nimaga xalq baxshisi unvoni yo‘q” dedi. Keyin birdaniga unvon ta’sis etish xususida taklif kiritdi. 2000 yil 14 mart kuni “O‘zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis etilib, birdaniga 3 kishiga topshirildi.
Xudoga shukrki, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham ko‘rishish baxti menga nasib qildi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-20 yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Amudaryo sohilidagi maktabimizga keldi. Ancha vaqt baxshilik haqida suhbatlashdik. Shavkat Miromonovich baxshilikning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘zlab, bu san’atning qadriga yetib, uni rivojlantirib, shogirdlarni ko‘proq tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Baxshilikni “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali nominatsiyasiga qo‘shish kerakligini aytdi.
Prezidentimiz baxshilar maktabiga asos soldi. 125 o‘ringa mo‘ljallangan bu muassasaga o‘quvchilar 2-sinfdan qabul qilinadi.
– Bugun xorij yoshlari ham o‘qib-o‘rgana boshlagan milliy san’atimizni o‘zimiz yaxshi bilmasak, kim degan odam bo‘lamiz, – deydi Shoberdi aka. – Ijodiy faoliyatim orqasidan ko‘p davlatlarda bo‘ldim. Ayniqsa, 1998 yilda ro‘y bergan bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qirg‘iz, qozoq, turkman baxshilari bilan birga Parijga bordik. Shunda Suratbek ismli eronlik muxlis menga qarab, “Hamin konserta tu meguzaroni, bahad tuba yak padarka hast” (“O‘zingiz bosh bo‘lsangiz”) dedi. “Xo‘p” dedim. Ishtirokchilarga birma-bir navbat berib, dasturni olib bora boshladim. Parij ahli bizni juda yaxshi qabul qildi. Navbat o‘zimga kelganda do‘mbiramni qo‘lga olib:
"Daryodayin toshib keldim,
Ilhom olib, jo‘shib keldim,
Yetti tovdan oshib keldim,
Yellar kabi jo‘shib keldim", deya kuylay boshladim.
Zaldagilardan savol tushdi: fransuzchami, nemischami, biron so‘z aytishim kerak ekan. 1956 yil darsligidagi nemischa bir she’rni aytib berdim. She’rning ma’nosi – “O‘z ona Vatanimni ko‘z qorachig‘idek asrayman, joyi kelsa, ham qonimni, ham jonimni berishga tayyorman”. Zalni “Bonjur”, “O-key” degan hayqiriqlar tutib ketdi. Shundan keyin olimlar nemis darsliklariga dostonlarimiz haqida ma’lumot kiritdi. Ular o‘zbek xalq og‘zaki ijodini o‘qib-o‘rganyapti.
Yoshlarimizni milliy kadriyatlarimiz, azaliy odatlarimiz ruhida tarbiyalash lozim. Ularni dostonlar, maqom va laparlarni tinglashga o‘rgatish kerak. Shundagina Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan hamda Islom shoir Nazar o‘g‘li singari xalqimiz e’zozlaydigan yangi baxshilar yetishib chiqadi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi