21:20 / 01.05.2018
5 077

Dahriyni mot qilgan talabalar

Dahriyni mot qilgan talabalar
ToshDUda bir professor bizga falsafa fanidan dars berardi. Ateist edi...

Bizdan bir kurs oldin o‘qiyotgan o‘shlik yigitga baho qo‘yib bermay, o‘qishdan haydalishiga sabab bo‘lgan ekan.

Sochlari oppoq yetmish yoshlardagi odam desam ko‘z o‘ngingizda nuroniy siymo gavdalanadi, ammo uning na yuzida, na ko‘zida nur bor edi...

Kursdoshlarim guvoh, odatda leksiyalarida jon bo‘lmagan o‘qituvchilarning darsiga kirmas – vaqtimga achinardim. Kutubxonada yo yotoqxonada kitob o‘qib o‘tirardim. Ammo o‘sha ateistning hayotdan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lgan tuzsiz gaplarini eshitib o‘tirishga mahkum edim...

O‘zining bir kitobi bor edi, xoh ishoning, xohi yo‘q, uni bizga yoddan--so‘zma so‘z darajada leksiya qilib berardi. Shu qadar o‘lik gaplar ediki, o‘lgudek zerikarli dars edi. Gohida o‘ta siqilganimdan, qolaversa, ball olish uchun domlaning gapini bo‘lib, savollar yog‘dirib tashlardim. Kursdoshlarim ham bir o‘zlariga kelib olardi.

Bir kuni o‘ta jonga tekdi, sabrim tugadi:

– Domla, bizga ateistik ruhda dars o‘tishga haqqingiz yo‘q. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga to‘rt yil bo‘ldi, vijdon erkinligi haqida qonun qabul qilindi, bu yerda o‘tirgan qora ko‘zlar hammasi musulmon, biz Xudoga ishonamiz, – dedim...

– Men ko‘rmagan narsamga ishonmayman, – dedi domla.

Doska yonida chiroq yoqadiganning ochiq kabeli bor ekan, ko‘rsatib:

– Bu nima, – deb so‘radim.

– Sim, – dedi.

– Ushlangchi unda, – dedim.

– Yo‘q, tok uradi, – dedi.

– Shu tokni ko‘rolmagan ko‘zingiz Allohni qanday ko‘radi, – dedim.

Mehdi degan turk kursdoshimiz:

– Domla, ongingiz bormi, bo‘lsa, ko‘rsating, – dedi.

Domla “ong bu...” deb opqochayotgandi, Mehdi “ko‘rsatasizmi”, desa domla “ong ko‘rinmas”, dedi.

Mehdi “menam ko‘rmagan narsamga ishonmayman, demak siz ongi yo‘q ahmoq ekansiz”, devordi shartta. Auditoriya kulgidan portladi.

Shartta chiqib ketdik va dekanatga arz qildik, ammo boshqa muallim yo‘qligi bahona, yana o‘zi dars o‘tadigan bo‘ldi.

Hamma biz haqimizda xavotirda tushib qoldi. Endi domladan baho ololmaydi deb. Ammo...

Menga birinchi bo‘lib 4 baho qo‘ydi, o‘zbekchani arang tushunadigan Mahdiy esa besh baho oldi...

Endi...Ming professor bo‘lsayam, Alloh hidoyat bermasa, qiyin ekan...

Dunyodagi eng aqlli millat deya e’tirof etiladigan yaponlar quyoshga sig‘inadi.

Hindistonliklar sigirga...

...va hokazo...

Odam ming yil o‘zini rosa odobli ko‘rsatishi, hatto o‘zicha ahloq normalarini ishlab chiqarishi, birovga aql bo‘lishi mumkin. Ammo iymonu taqvo bo‘lmasa, kishi munkillagan chol bo‘lgandayam o‘zini o‘zi sharmandali holatga solib qo‘yadi. Chunki qalb – palag‘da....

Undaylar faqat galdir odamlargagina ibrat – etalon bo‘ladi...

Qurbaqaga mahliyo bo‘lib, botqoqqa tushdingmi, endi bulbulga tosh otma!!!

Battar sharmanda bo‘lasan, o‘zingni johilligingni, dovdirligingni oshkor qilib qo‘yasan. Do‘stu yoronlar ham yuz buradi senday nodondan...

To‘g‘ri bulbulniyam, qurbaqaniyam Alloh yaratgan, xuddi jannatu do‘zaxni yaratganday, ammo bulbulni sev, unga intil, albatta bo‘stonga borasan...

Ahli iymonni sev, kerak bo‘lsa, jon nisor ayla! Dunyoyu oxiratda martaba bo‘ladi...

Allohim, barcha do‘stlarimizni sen uchun sevish saodatini nasib et, ikki jahonda o‘z do‘stlaringni sevdir va ular bilan birga qil!

Amiyn!..
Abdulaziz MUBORAK

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dahriyni mot qilgan talabalar