07:30 / 12.05.2018
4 458

Biz uzoq vaqt kutgan kunlar kelyapti!

Biz uzoq vaqt kutgan kunlar kelyapti!
So‘zni nimadan boshlashga hayronman. Keling, shu kunlarda bo‘lib o‘tgan voqe’larni doimgiday oddiy, sodda bayon qilib qo‘ya qolay.

Besh kun avval qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ertaga soat to‘qqizda falon joydagi so‘lim oromgohlardan biriga borishimni so‘rashdi. “Safarga chiqishim kerak edi” deb uzrimni aytdim. Bormasam bo‘lmasligini, juda muhimligini tayinlashdi. Ertasiga bordim, Norin daryosi bo‘yiga, majnuntollarning salqin soyasiga dasturxon solinibdi. Bilsam, diyorimizga Diniy Idora xodimlari Muftiy Hazrat boshchiliklarida tashrif buyurishibdi. Ikki soatlarcha chiroyli, dildan suhbat bo‘ldi. Peshin namoziga yaqin vaqtda xayrlishib hammamiz tarqadik.

Men uyga kelib, safarimga chiqib ketdim. Oradan yana ikki kun o‘tdi. Kecha uyga kelsam, muftiy Usmonxon domla hazratlari, ustoz Abdulhay domla va bir necha ilm ahllari, ulamolarimiz xonadonimizga tashrif buyurishibdi (afsuski, o‘zlari qadam ranjida qilgan mehmonlarimga mezbonlik qilolmadim). Hol-ahvol so‘rab, “qanday kamchiliklaringiz bor? Qay ishingizda ko‘makchi bo‘laylik? Farzandaringizni o‘qitasizmi, yordam beraylik? Uy kerakmi? Joy kerakmi? Bizdan ne xizmat?” deb lutf qilishibdi… MashaAlloh! Bu ne kunlar-ki, kattalar kichikka iltifot qilsa!? Ne davr-ki, xizmat so‘rab eshiging qoqsa…

Ishonasizmi, bundan bir yarim, ikki yillar avvalgi kunlarim esimga tushib ketdi. Bu –birinchisi.

O‘sha kuni maktabda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya, axloq, odob haqida majlis bo‘libdi. Maktab direktori qizimning ismini aytib, o‘rtaga chaqiribdi. Kelayotgan yaxshi kunlar bilan tabriklabdi. Bir necha kitob va Oyati Karima yozilgan Harami Sharif suratini hadya qilibdi. “Bitta senga xolosmi, qizim?” deganimga, “Yo‘q, falon yerda yashaydigan, falonchiga ham” deb javob berdi. "Sovg‘ani berayotganda domlamiz negadir yig‘ladi" dedi. “Ha, Yurt Rahbarining diyorimizga qadam qo‘yishlari, muftiy hazratning tashriflari sharofatiga biz kabilarni qadrlab qo‘yishyapti” deb qo‘ydim ichimda... Bu hali hammasi emas.

Kuni kecha qarindoshlarimiz kelishdi. Ular ham eshitishibdi. “Taklif qilsangiz kelishga vaqt ajrata olmaydigan kishilar o‘zlari kelishsa-ya!?” deb hayron bo‘lishdi. Ichlarida o‘qituvchilari bor edi. “Prezident Namanganga kelganlarida bizni majlisga chaqirishdi, bordik. Hali maktablarda diniy darslar o‘tish yo‘lga qo‘yiladi, o‘qituvchilar, harakatingizni qiling, alohida o‘qituvchilar tayyorlanadi dedilar” deyapti-yu, ko‘zidan yosh oqdi. “Ha” dedim, “qon bo‘lib, tashna bo‘lgan kunlariga xalqim yuz tutyapti. U kunlardagi ahvolni-yu, bu kundagi holni qarang” deb qo‘ydim o‘zimga o‘zim.

Bu ham hali albatta, hammasi emas...
Salim AYYuBIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz uzoq vaqt kutgan kunlar kelyapti!