14:54 / 03.06.2018
3 584

Rossiyaga ishga yuboradigan markazlar yana ikkitaga ko‘payadi

Rossiyaga ishga yuboradigan markazlar yana ikkitaga ko‘payadi
Foto: «Vedomosti». Dmitriy Cherneyko.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Samarqand filialida yuzlab fuqarolar saralash bosqichidan o‘tdi va Sankt-Peterburgga ishga yuborildi. Ayni paytda Peterburgga kelib ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 140 ming kishini tashkil etmoqda. Bu haqda shahar mehnat va bandlik qo‘mitasi raisi Dmitriy Cherneyko ma’lum qildi, deya xabar beradi Sputnik.

Samarqanddagi mehnat migrantlarini uyushqoqlik bilan Rossiyaga ishga jo‘natadigan markaz haqida to‘xtalar ekan, Cherneyko O‘zbekistonda yana ikkita shunday markaz ochilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Markazda rus tilidan imtihon topshiriladi, tekshiruvlardan o‘tiladi, jumladan, tibbiy tekshiruvlardan ham. Hujjat rasmiylashtirib, sug‘urta va chipta xarid qilinadi. 2015 yildan buyon xuddi shunday markazlar Tojikistonda ham faoliyat yuritib kelmoqda. Shu tariqa, O‘zbekistonda ushbu punktni ochib vizasiz mamlakatlardan kirib kelayotgan 90 foizdan ortiq xorijliklarni qamrab oldik, — dedi mansabdor.

Cherneykoga ko‘ra, O‘zbekiston viloyatlaridagi migrantlarni tayyorlash (kasbga o‘qitish) markazlari ular uchun koni foyda.

«O‘zbekistonda, saralash bosqichidan o‘tayotgan vaqtda ular aniq ish joylarga tayyorlanadi, kerak bo‘lsa, qisqa vaqt kasbga o‘qitiladi. So‘ngra aeroportda kutib olinadi va ish beruvchi bilan uchrashtiriladi. Ularga hujjat tayyorlashda ham yordam ko‘rsatiladi. Bu ishlardan biz ham foyda ko‘ramiz — qonunchilikka rioya etilishi kafolatini olamiz. Ya’ni barchaga tushunarli bo‘lgan yashil koridor vujudga keltiriladi. Keyingi bosqichda uyushqoqlik asosida kelgan chet ellik ishchilar boshpana bilan ta’minlanadi.

To‘g‘ri, qonuniy yo‘l bilan Rossiyaga kelgan migrantlar soliq to‘laydilar. Aks holda, ular baribir o‘rtakashlarga pul berishga majbur bo‘ladi. Ammo o‘rtakashga murojaat qilgan migrant nafaqat qonunni buzadi, balki 5—10 yilga Rossiyaga kirish huquqidan mahrum etilishi mumkin. Bundan tashqari, biror kor-xol ro‘y berganda, ish beruvchi yoki o‘rtakash tomonidan uning huquqlari poymol etilganda himoyaga ega bo‘lmaydi. Shu bois, qonuniy ishga kelishning afzalliklari ko‘p», — dedi Sankt-Peterburg mehnat va bandlik qo‘mitasi raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyaga ishga yuboradigan markazlar yana ikkitaga ko‘payadi