08:30 / 10.06.2018
3 025

Maktablarda remont uchun pul yig‘ilishi to‘g‘rimi?

Maktablarda remont uchun pul yig‘ilishi to‘g‘rimi?
Foto: «Huquqiy axborot» kanali
Farzandi maktabga boradigan har qanday ota-onaga turli pul yig‘imlari masalasi juda yaxshi tanish. Sinf fondi, maktab fondi, ta’mirlash, obuna, metallolom va hokazo uchun bir yilda ancha-muncha summa berib qo‘yiladi. Hech bir mezonlarda ko‘rsatilmagan va hech qayerda qayd qilinmaydigan ushbu mablag‘larni ota-onalardan talab qilish qonuniymi? Shunday sharoitda fuqarolar qanday yo‘l tutishlari kerak? Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali ushbu savollarga oydinlik kiritdi.

Savol: Maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilardan ta’mirlash uchun pul talab qilishga haqlimi? Maktabda 1200 nafar o‘quvchi o‘qiydi, 25 ta o‘qituvchi dars beradi. O‘quvchilardan 15 000 so‘m, o‘qituvchilardan 10 000 so‘mdan mablag‘ yig‘ib olinyapti. Yana ota-onalarning ayrimlari ko‘ngilli ravishda homiylik yordami sifatida qurilish mollari ham keltirib beryaptilar. Bu yig‘ilgan pullar maktabning hisob raqamiga o‘tkaziladimi yoki maktab rahbarlarinng cho‘ntagiga borib tushadimi?

Maktablar va boshqa ta’lim muassasalari tomonidan ta’mirlash uchun o‘quvchi va o‘qituvchilardan pul yig‘ilishi noqonuniy hisoblanadi.

Konstitutsiyaning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy ta’lim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Ayrim ota-onalar bu pulni og‘rinmay bersa-da, ko‘pchilikda norozilik tug‘iladi. Lekin atrofdagilarning bosimi va farzandiga o‘qituvchining munosabati o‘zgarmasmikan degan o‘y bilan ota-onalar ushbu asossiz to‘lovlarga rozi bo‘ladi.

«Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston hududida qancha vaqt yashayotganidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Aslida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan yetarlicha mablag‘ ajratiladi. Prezidentning 2017 yil 24 avgustdagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni, shu jumladan, idoraviy bo‘ysunuvdagi, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, jumladan, zarur hollarda o‘quv korpuslarini o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarni hamda boshqa infrastruktura ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida nizomga muvofiq maktablar faoliyatini moliyalashtirish tegishli xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

«O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida»gi 1998 yil 13 mayda qabul qilingan Hukumat qaroriga muvofiqXalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 avgustga qadar maktablar moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, o‘quvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini ta’minlashi zarur.

Shunday ekan, ajratilgan mablag‘larning o‘z manziliga to‘liq yetib borishida nafaqat davlat nazorat organlari, balki jamoatchilik, xususan, ota-onalarning ham hushyorligi va masalaga mas’uliyat bilan yondashuvi talab etiladi. Pul so‘ralganda asos talab qilish, ajratilayotgan mablag‘lar qayerga ketayotgani bilan qiziqish, zarur o‘rinlarda tegishli organlarga murojaat qilish orqali ota-onalar jamoasi mazkur maishiy korrupsiyaga qarshi qonuniy yo‘l bilan kurashishlari va ushbu illatga uzil-kesil barham berilishiga hissa qo‘shishlari mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)