17:15 / 03.07.2018
3 934

“Chinozlik ahmadboy”ning andijonlik “izdoshi” jazoga tortildi

"Чинозлик аҳмадбой"нинг андижонлик “издоши” жазога тортилди
Ikki yil avval butun mamlakat bo‘ylab tilga tushgan “Ahmadboy mashmashasi” hali-hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmay turib, yana bir bor xuddi shunday holat Andijonda kuzatildi.

Jori yil 10 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘z tuman sudi Guyoxon Umaraliyeva, Bahodir Sattarov, Alisher Hamidov, Gulbahor Ismoilova, Zafarbek Tolibjonov ustidan o‘z hukmini o‘qidi.

Aniqlanishicha, 1969 yilda Andijonning Qo‘rg‘ontepasida tug‘ilgan Go‘yoxon Umaraliyeva 2014 yilda “Gold Star Capital Lombard” MCHJni tashkil etib, uni boshqarib kelgan.Ma’lumki, lombard mijozlardan qimmatbaho buyumlarni garovga olib, muayyan foiz evaziga qarz berish bilan shug‘ullanadi. Aholidan dividend to‘lash va’dasi bilan omonatlarni qabul qilib olish lombardlar faoliyatiga kirmaydi.

Ammo ko‘proq daromad qilish, mo‘may foyda ko‘rish ilinji G. Umaraliyevaga tinchlik bermay qo‘ydi. U o‘g‘li Z. Tolibjonov, qizi G. Is­moi­lo­va, tanishlari B. Sattarov, A. Ha­­midov, bilan til biriktirib, odamlardan yillik 36-72% foizlik ustama to‘lash va’dasi bilan omonatlarni qabul qilishni boshlaydi.

G. Umaraliyeva o‘sha paytdayoq “ho­tam­toyligi” va “katta daromad”­ va’dasi bilan dong taratgan Ahmad­boydan ibrat olganmi, yo undan ham avval jahon miqyosida dong chiqargan Mavrodi, Meydoff singari “piri murshid”lar izidan bordimi, harqalay qisqa fursatda o‘nlab insonlarning ishonchiga kirdi. Foiz umidida ko‘plab hamyurtlarimiz yiqqan-terganlarini qo‘sh-qo‘llab “Gold Star Capital Lombard”ga keltirib bera boshlashdi.

Bunday “moliyaviy ehromlar” bir kunmas bir kun, albatta, qulaydi. Biz hikoya qilayotgan voqealar jarayo­ni ham avvalgilarga o‘xshab ketadi. Boshida pul topshirganlar “bir nimalik” bo‘lib qoladi. Keyingilar esa foyda tugul o‘z pullarini ham ololmay, ku­yib qolaverishadi.

G. Umaraliyeva 2014-2016 yillar mobaynida jami 105 kishini chuv tushirib, yuqori foizli ustamalar va’dasida sodda odamlarning millionlab miqdordagi pullarini o‘zlashtirgan. Bu pullarning bir qismiga yaqinlari nomiga turli hududlardan ko‘chmas mulklar sotib olgan. U o‘z sheriklari bilan birgalikda o‘zi boshqarib turgan jamiyat balansidagi avtomashinalarni naqd pulga sotib, bu borada ham huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan.

Sud hukmi bilan jinoiy guruh rahbari G. Umaraliyeva olti yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Uning sheriklariga ham tegishli tartibda qonunda belgilangan choralar ko‘rildi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov-surishtiruv jarayonida “Gold Star Capital Lombard” MCHJ balansidan undirilgan 114.691.404 so‘m hisobidan jabr­lanuvchilarga yetkazilgan zararlar qisman bo‘lsa-da qoplandi. Fuqarolarning qarz evaziga lombardga topshirgan tilla taqinchoqlari ham qaytarib berildi. Shuningdek, G. Umaraliyeva jinoiy daromadlar hisobidan yaqinlari nomiga sotib olgan ko‘chmas mulk­lar savdoga qo‘yilib, sotilganidan tushgan pullarni jabr­lanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratish belgilandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Chinozlik ahmadboy”ning andijonlik “izdoshi” jazoga tortildi