Kimlarnidir, garchi uchinchi shaxs sifatida bo‘lsin, gapirish, muhokama qilish niyatidan butunlay uzoq bo‘lgan holda, ba’zi masalalar yuzasidan fikrlarimni bildirishdan o‘zimni tiya olmadim. O‘ylaymanki, fikr erkinligi va uni ifodalash mening konstitutsiyaviy haqqimdir.
Qishlog‘imiz azaldan odamlarining xush xulq, ziyoli va madaniyatliligi bilan tanilgan. Qishloqdoshlarimizning oriyati, bir tanu bir jonligiga hammaning havasi keladi. Nomussizlik, yuz qarolikka yetaklovchi illatlar, alhamdulilloh, kuzatilmaydi.
Kuni kecha bu yerda g‘alati hodisa yuz berdi. Azonda namozni o‘qib, eshik oldini kun chiqmay supurib olish uchun chiqqan kelinchak darvozasi oldida turgan sport sumkasini ko‘rib, bir cho‘chib tushibdi. Oldiga borib, nima ekanini ko‘ray desa, TVdan har kuni ko‘rsataverib, odamlarni ogoh, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqoq qilib qo‘ygan reklama esiga tushib, ikkilanib qolibdi: haliginday bomba bo‘lsa‑chi? Kelin shu holatda qotib tursa, orqadan bomdodni ado etib kelayotgan qaynotasi va bir yosh yigitchaning sharpasini sezib, ularga sumkani ko‘rsatadi. Chol yaqinlashishga qo‘rqib turganida, yigit borib sumkani ochadi. Skotch bilan o‘rab tashlangan bu sumkada bomba emas, hayhot, chamasi ikki haftalik o‘g‘il chaqaloq uxlab yotar edi...
Yonida "mehribon ona"si tomonidan tayyorlangan "NAN" bolalar ozuqasi, qo‘shimcha tagliklari bor ekan. Bu hodisa qishloqni larzaga soldi: ayollar bolaga achingan bo‘lsa, erkaklar bunday razolat sabab qishloq nomiga dog‘ tushishidan g‘azabda edi. Bolani chetdan kimdir olib kelgani aniq, chunki u katta yo‘l bo‘yidagi xonadonlar yaqiniga tashlangan...
O‘ylab qoldim: bu razolatni kim qildi ekan? Ota-onasining boshini eggan, o‘z nomusini yerga urgan, ayol zotiga, ona degan nomga isnod keltirgan bu maxluq kim? Zurriyotini tan olishga jur’ati yetmagan, oniy lazzatning quli bo‘lgan, otalik nimaligini bilmaydigan bu nomard, nobakor kim ekan? Javob aniq: umrida masjid ostonasidan hatlamagan, jumaga borib ma’ruza tinglamagan, hech qursa, halol-haromning farqiga bormaydigan kollej bitiruvchisidir, hoynahoy! Mana shu yigitning qalbi masjidga oshno bo‘lganida, shu ishni qilarmidi?
Onasi-chi? Momolari ming yillardan beri egnidan qo‘ymay kiygan bejirim, ham ruhini, ham jismini omon saqlaovchi liboslardan nafratlanib o‘sgan bir o‘zbek qizidir, albatta.
Go‘dakning issiqda bo‘g‘ilib yoki ochlikdan o‘lib qolmaganiga Alloh kimni sababchi qildi? Saharlab ko‘chalarni supurayotgan muslimani, masjiddan qaytayotgan chol va yigitni...
Ajabo, chaqaloqning ota-onasi aqalli bir dona oyat yoki hadis bilarmikin? Yo‘q, agar bilganida, bu musibat boshiga tushmas edi.
Hadis o‘qish uchun maktabga bormagan ‒ bu narsa bor gapmi, yoki kimlarningdir ijodimi, Alloh biladi ‒ bolalarning aqalli birortasi shu ishni qilarmikin kelajakda? Agar buning ota-onasi bo‘lgan yoshlar ham hadis bilan mashg‘ul bo‘lganida, kelajaklari go‘zal bo‘larmidi...
Ikkinchi voqea. Ertalab ishga ketayotib chiqindilarni tashlab o‘tish uchun axlatxonaga mashinasida borgan yigit tushishga erinib, to‘g‘ri axlat idish oldigacha mashinasini haydab boradi. Chiqindini uloqtirib, tezlik bilan orqaga burayotib, bir narsaga tegib ketadi. Tushib qarasa, qora sellofan paketga o‘rab, axlatxonaga tashlab ketilgan chaqaloqni moshinasida bosib, ezg‘ilab qo‘ygan ekan...
Buni eshitishga inson bardoshi yetmas ekan, ammo ibrat uchun aytish kerak.
Muhtaram masjidofobiya dardiga yo‘liqqan janoblar, bolalarni Alloh azza va jallaning uyidan, U Zot bilan bo‘ladigan suhbatdan to‘savermay, yon‑atrofga ham qaranglar. Musulmonlar tinchliksevar, andishali odamlar bo‘ladi, nima desak ham «Sizlarga salom bo‘lsin!» deb indamay qo‘yadi, deb barcha yiqqan-tergan toshinglarni otavermay, musulmonlik nima, masjid nima, iffat nima, millat nima, din, nomis, mas’uliyat nima ekanini bilmay o‘sib qolgan mana shunday "kelajak egalari" bilan ham shug‘ullaninglar. Ular ham odam, ular ham shu mamlakat fuqarosi, ular ham sizlarning e’tibor va tarbiyangizga muhtoj.
Kelajakda bag‘ringizni to‘ldirishi lozim bo‘lgan, o‘zlaringiz og‘iz to‘ldirib namuna qilayotgan Ibn sino, Bobur, Xorazmiy va boshqa daholar ulardan tug‘ilmasligi aniq. Zero, biz faxr etayotgan bobolarimiz sport sumkalarida sarson, axlatxonalarda xor bo‘lib o‘smagan. Ularning ota‑onalari halol nikoh bilan oila qurgan. Ular allaqaysi kavakda, mushuk yoki boshqa bir jonivor singari xilvat joylarda emas, mehribon doyalar qo‘lida dunyoga kelgan. Ular hayvon bolasichalik ham mehr topmay, hatto ismga ham loyiq ko‘rilmay ko‘chaga uloqtirilmagan. Ularni onalari imkon qadar tahorat bilan ozuqalantirgan. Pokiza beshiklarga belagan, sehrli allalar aytib o‘stirgan.
Xo‘sh, ayting-chi, Alloh ko‘rsatmasin, siz da’vo qilayotgan o‘sha urushlar mana shunday pok oilaning pokiza bolalari tomonidan bo‘ladimi yoki na ota‑ona, na oila mehrini bilmay, alamzada bo‘lib o‘sgan tashlandiq bolalar bunga ko‘proq moyil bo‘ladimi? O‘zinglar ham o‘sha chet mamlakatlarga chiqib ketgan kimsalarning asli tag-tugi yo‘q, na ota-ona va na mahalla tarbiyasini olgan ko‘chabezorilar ekanini ta’kidlaysizlar‑ku!
Qur’on yod olgan, namoz o‘qigan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi, buni hammangiz yaxshi bilasiz, ammo nega e’tirof etmaysiz? O‘zlaringiz emasmi maktab va kollej talabalarining qilmishlaridan yozg‘irib, tarbiya zarurligini aytib jon kuydirayotganlar? Islomdan yaxshiroq tarbiya bormi? Nahot bir gaplaring ikkinchisiga to‘g‘ri kelmasa? Nahot bugun boshqa, ertaga boshqa gap aytishga uyalmaysizlar?
Eh, gapirsam dard ko‘p, ammo...
Turkistoniy
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xitoy tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi
Lukashenko ukrainalik generallar taslim bo‘lish uchun unga qo‘ng‘iroq qilishganini aytdi
Mayk Tayson: "Kasalxonada o‘lgandan ko‘ra, ringda o‘lganim afzal"
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
“Hizbulloh” rahbari: Urush qancha davom etmasin, o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaymiz
Yuk mashinalari haydovchilari uchun yangi tartib kuchga kirdi
Vengriya hukumati Ukrainaga noqonuniy qurol yetkazib berishning oldini olganini ma’lum qildi
Hande Erchel turk madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi