19:00 / 18.10.2018
7 098

Gʻofur Rahimov va Gulnora Karimova oʻrtasida qanday ziddiyat yuzaga kelgandi?

Gʻofur Rahimov va Gulnora Karimova oʻrtasida qanday ziddiyat yuzaga kelgandi?
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi Gʻofur Rahimov “Around The Rings” nashriga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz.

“ATR”ga bergan eksklyuziv intervyusida Gʻofur Rahimov uyushgan jinoyatchilik bilan aloqador ekani haqidagi gap-soʻzlarni rad etgan.

Umuman olganda, Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA)ning xulosalariga qoʻshilmagan. Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) esa uning ishtirok etishini istashmayotgani haqida aniq bildirdi.

“Kelasi oy AIBA aʼzolari qurultoyimizda muhim tanlovni amalga oshirishmoqchi hamda ular asoslangan qarorni qabul qilishlari uchun barcha haqiqatni bilishlari lozim. Haqiqat shundan iboratki, men hech qachon transmilliy jinoiy tashkilotlarda ishtirok etmaganman”, – deya taʼkidlab oʻtdi u.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi Gʻofur Rahimovga 2018 yilgi Oʻsmirlar olimpiya oʻyinlariga tashrif buyurishni taqiqlab qoʻydi.

“Meni AQSH Moliya vazirligi sanksiyalar roʻyxatiga kiritish boʻyicha qaror Oʻzbekiston sobiq rasmiylarining diktatura rejimi tomonidan bosimi va repressiyalari oqibatida kelib chiqdi. Gulnora Karimova va uning atrofidagilar mening kompaniyalarim ularning loyihalarini moliyalashtirishi haqida soʻrashgan, ammo men rad etganman. Shunda ular menga bosim oʻtkaza boshlashdi, biznesimni yoʻq qilish maqsadida AQSH Gʻaznachiligi departamentiga jinoiy guruhlar bilan aloqalar borasida yolgʻon maʼlumot taqdim etishdi. Oʻsha vaqtlarda Gulnora Karimova mamlakatda katta taʼsirga ega edi, shuning uchun 2010 yilda oilam bilan vatanimni oʻz xavfsizligim nuqtai nazaridan tark etishga majbur boʻldim”, – dedi u.

Gʻofur Rahimovning taʼkidlashicha, oʻz nomi AQSH Moliya vazirligi “qora roʻyxati”dan chiqarib tashlanishiga erishishga harakat qiladi.

“Bu juda murakkab jarayon, ammo mening advokatlarim katta muvaffaqiyatlarga erishdi va «xato” kelgusi uch-olti oy davomida tuzatiladi», – deya taʼkidlab oʻtdi u.

Darvoqe, Oʻzbekiston hukumati bu jarayonda muhim oʻrin tutadi. Joriy yilning 18 sentyabr kuni respublika bosh vaziri oʻrinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan imzolangan maktub AIBA ijroiya qoʻmitasi va uning odob-axloq boʻyicha qoʻmitasiga yuborildi.

“Agar yetakchi olimpiya xalqaro federatsiyalaridan biri boʻlgan AIBAʻga Oʻzbekiston fuqarosi rahbarlik qilsa, bu mamlakatimiz uchun sharaf boʻladi. Agar noyabrda boks assotsiatsiyasining kongressida u prezident etib saylansa, unda Oʻzbekiston hukumati Gʻofur Rahimovni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, Gʻofur Rahimovning oʻtmishdagi jinoiy faoliyatiga oid barcha iddaolar asossiz dalillarga ega va adolatsiz hisoblanadi”, – deyiladi Oʻzbekiston hukumatining maktubida.

Ayni paytda Gʻofur Rahimov vaziyatni toʻgʻrilash uchun bir qator qadamlar qoʻydi. U AIBA qarzlarini yoʻqotdi va hakamlik sifatini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. U agar prezident etib saylanadigan boʻlsa, AIBAʻda keng koʻlamli islohotlar oʻtkazishni vaʼda qildi.

Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida Gʻofur Rahimov AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Oʻtgan yilning 20 noyabrida Ching-Kuo Vu tashkilot prezidenti lavozimini tark etdi, bu ijroiya qoʻmitaning 13 nafar aʼzosi unga ishonchsizlik bildirganidan soʻng yuz berdi.

1998 yildan buyon Rahimov AIBA ijroiya qoʻmitasining aʼzosi sanaladi, 2002 yildan – ushbu tashkilot vitse-prezidenti, 2006 yildan – ijrochi vitse-prezidenti boʻlib ishlagan. 2001 yildan 2012 yilgacha Rahimov Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining vitse-prezidenti lavozimini egallagan. 2010 yilda AIBA aʼzolarining ovoz berish yoʻli bilan Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti etib saylandi, hozirda Raximov Osiyo boks konfederatsiyasining faxriy prezidenti lavozimida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gʻofur Rahimov va Gulnora Karimova oʻrtasida qanday ziddiyat yuzaga kelgandi?