
Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi degan naql bejiz aytilmagan. Jumladan, 1965 yilda tug‘ilgan Inobat Almatova o‘z jinoiy sheriklari bilan keksa va nogironlarning ishonchiga kirib, ularning mol-mulkini o‘zlashtirib, so‘ngra esa tuzog‘iga ilingan qurbonlarini vahshiylarcha o‘ldirib yuborishgan.
1996 yilning yanvar oyida u fuqaro Gulsara Safarovaga o‘zini Buxoro viloyatidan kelgan Guli ismli tadbirkor sifatida tanishtiradi. Jinoyatchi go‘yoki «Qo‘yliq» hamda «Mirobod» dehqon bozorlariga guruch va o‘simlik yog‘ini sotish uchun olib kelganligini aytadi. Vaqtinchalik yashab turish uchun uy so‘rab Gulsara Safarovaning ishonchiga kiradi. Ayol unga o‘z xonadonidan joy beradi. Oradan bir necha kun o‘tgach xonadon egalarining uyda yo‘qligidan foydalanib, Almatova Gulsara Safarova va uning oila a’zolariga tegishli jami 321 million so‘mdan ortiq qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlaydi. O‘sha yillari olib borilgan qidiruv-surishtiruv ishlari talonchini topishda hech qanday natija bermaydi.
Talonchi ayolning keyingi o‘ljasi 1921 yilda tug‘ilgan keksa yoshli Mariya Shishkina bo‘ldi. Uyda yolg‘iz yashaydigan qariya onaxon ham Inobat Almatovaning aldovlariga ishonadi. Kunlarning birida Almatova jinoiy sheriklari Sanjar Qo‘chqorov va Guli ismli juvon bilan Mariya Shishkinaning uyiga turli shirinlik va yeguliklar ko‘tarib keladi. Olib kelingan tort bo‘lagiga kuchli ta’sirga ega kuchli uyqu dori qo‘shilgan bo‘lib, qariya uxlagach o‘z rejalarini osongina amalga oshirishlari kerak edi. Ammo Shishkina shirinlik yegisi kelmayotganligini aytib undan bosh tortadi. Rejasi chippakka chiqishini xohlamagan jinoyatchilar vahshiylikka qo‘l urishadi. Keksa ayolning boshi va tanasining turli qismlariga qattiq jism bilan qayta-qayta zarba berishadi va oqibat uni bo‘g‘ib o‘ldirishadi. Uydagi qimmatbaho buyumlarni qo‘lga kiritishgach, jinoyat joyidan yashirinishadi va qo‘lga kiritilgan buyumlarni sotib pulini «arra» qilishadi.
Shundan so‘ng jinoyatchilir oson yo‘l bilan yana va yana pul topishga mukkasidan ketishadi.
O‘sha yillari yolg‘iz fuqarolar o‘z uylarini vaqtinchalik ijaraga berish odat tusiga kirgan bo‘lgan. Bu esa g‘araz niyatli kimsalar uchun ayni muddao bo‘ladi. 1996 yilning may oyida navbatdagi o‘ljani uchratishadi. Almatova Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi Aleksandra Xryukina bilan tanishib qoladi. Keksa ayol o‘z uyini o‘zini Xorazmlikman deb tanishtirgan Almatovaga berishga qaror qiladi. Shundan so‘ng Almatova xonadonda yashab o‘z razil rejasini amalga oshirish uchun payt poylay boshlaydi. Kunlarning birida Xryukinaning eri betob bo‘lib kasalxonaga tushib qoladi. Paytdan foydalanib sheriklar oldindan kelishib olingan rejaga ko‘ra jabrlanuvchining uyiga aldov yo‘li bilan kirib olishadi. Bu safar ham o‘z «o‘lja»larini avvalgidek shafqatsizlarcha o‘ldirishadi. Uy egasini gumdon qilib bo‘lishgach, unga tegishli buyumlarni olib xonadondan chiqib ketishayotganda sergak qo‘shnilar shubhali mehmonlarni cho‘chitib yuborishadi. Ammo jinoyatchilar hamma narsani tashlab, voqea joyidan yashirinishga ulgurishadi.
Ushbu guruh 1996 yildan 2004 yilga qadar xuddi yuqoridagi kabi o‘g‘rilik va vahshiy qotillik singari jinoyatlarni sodir etishadi. Uyushgan jinoiy guruhning sodir etgan jinoyatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan fosh etildi. Jinoyatchilar 38 ta holat yuzasidan sud qilinib, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum qilinadi. Yuqorida hikoya qilingan 3 ta holat esa 2018 yilga kelibgina ochildi. Zero hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar