date
views 3 805

Bildirsoyda uch nafar snoubordchi qor ko‘chkisi natijasida halok bo‘ldi

Bildirsoyda uch nafar snoubordchi qor ko‘chkisi natijasida halok bo‘ldi
2018 yil 24 dekabr kuni Toshkent viloyati FVV tezkor navbatchisidan olingan ma’lumotiga ko‘ra, soat 16:00 larda Bo‘stonliq tumani «Bildirsoy» MFY hududida joylashgan «Bildirsoy» sport majmuasining «Dor yo‘lagi» (kanat yo‘li) hududida 3 nafar fuqaro (M.M. 1994 y.t., M.M. 1999 y.t., M.S. 1999 y.t.) snoubord sport turi bilan shug‘ullanish jarayonida, ta’qiqlangan xavfli hududda harakatlanishlari natijasida qor ko‘chkisi yuzaga kelgan, oqibatda ular qor uyumlari ostida qolib vafot etganlar.

Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida fuqarolarning jasadlari soat 19:05 da qor uyumlari ostidan olib chiqildi. Sodir bo‘lgan holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni tavsiya etadi.

Qor ko‘chkisida qanday harakat qilish kerak?

Qor ko‘chkisi – bu katta hajmdagi qorning 20 – 30 m/s tezlikda ko‘chishi yoki harakatlanishi.
Ko‘chki tushishining ko‘p zarar yetkazadigan jihati bu ko‘chkidan oldingi to‘lqin hisoblanadi. O‘zbekistonda qor ko‘chkisi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar bu tog‘li hududlardir.

Qor ko‘chkisining paydo bo‘lish sabablari: uzoq vaqt qor yog‘ishi, kuchli qor erishi, zilzila, portlash va tog‘ yonbag‘irlarining titrashi shular jumlasidandir. O‘zbekistonning iqlimi keskin o‘zgaruvchan bo‘lib, uzoq qor yog‘ishi va keyingi kunda issiq haroratning kuzatilishi qor erishiga olib keladi.

Qor ko‘chkisi ostida qolganda qanday harakatni bajarish lozim?

Burun va og‘zingizni sharf yoxud bo‘yinbog‘ bilan yoping; ko‘chki bo‘ylab harakatlaning, qo‘lingizni suzish holati kabi harakatlanib ko‘chkining sirtidan ushlab turishga va tezlik past bo‘lgan tomonga harakat qiling. Ko‘chish to‘xtaganda, yuz va ko‘krak yaqinida bo‘sh joy yaratishga intiling, u nafas olishga yordam beradi. Imkoningiz bo‘lsa, yuqoriga qarab harakat qiling.

Ko‘chki vaqtida baqirmang – sababi qor barcha tovushni o‘z ichiga yutib yuboradi, bu kabi samarasiz harakatlar kislorod va issiqlikdan mahrum qiladi. Oqibatda, holdan toyasiz. Eng asosiysi hushingizni yo‘qotmaslikka va uxlab qolmaslikka harakat qiling. Sizni qutqarishlariga va qidiruv ishlari olib borilayotganiga ishoning (bu kabi vaziyatlarda qor ko‘chkisi ostidan besh, hatto o‘n uch kun muddatgacha insonlar qutqarib qolingan).

Turli xil baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarda ayniqsa, ta’qiqlangan joylarda harakatlanmaslikni tavsiya etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bildirsoyda uch nafar snoubordchi qor ko‘chkisi natijasida halok bo‘ldi