06:00 / 26.01.2019
3 877

MOQ Nafasov bilan bog‘liq mojaroga oydinlik kiritadi

MOQ Nafasov bilan bog‘liq mojaroga oydinlik kiritadi
Davlatimiz rahbari tomonidan jismoniy tarbiya va sportni qo‘llab-quvvatlash tizimini samarali shakllantirish, jahon andozalari darajasidagi sport infratuzilmasini yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, zamonaviy sport infratuzilmasini barpo etish hamda jismoniy tarbiya va sportni tashkil etishda qator tizimli muammolar, kamchiliklarning mavjudligi ushbu sohada davlat siyosatini samarali olib borishga va mamlakatning mavjud sport salohiyatidan to‘liq foydalanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Jumladan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy mablag‘lar sarflanishining asosliligi va haqqoniyligi ustidan nazoratning, eng avvalo ichki nazoratning moliyaviy mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan va ushbu sohada suiiste’molchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmdan amaliyotda noto‘g‘ri foydalanilayotganligi qator muammolarni yuzaga chiqarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5368-sonli Farmonida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar, trenerlar va boshqa sport mutaxassislarini tayyorlash hamda olimpiya sport turlarini rivojlantirish qismi bo‘yicha jismoniy tarbiya va sport sub’ektlari, shu jumladan, Vazirlikning faoliyatini muvofiqlashtirishi belgilab qo‘yilgan. Farmonga ko‘ra, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash doirasida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari uchun ajratilayotgan homiylik mablag‘lari O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida jamlanishi hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini maqsadli moliyalashtirishga va shu jumladan yetuk xorijiy sportchi va trenerlarni jalb qilish uchun sarflanadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi Rayosati Majlisining 2018 yil 2 apreldagi 35-sonli bayoniga muvofiq, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari uchun belgilangan mablag‘larning maqsadli va to‘g‘ri sarflanishiga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mas’ul hisoblanadi.

Ushbu talablardan kelib chiqib, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini tashkil qilish, ularni tegishli sport inventarlari bilan ta’minlash, mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro musobaqalarda milliy terma jamoa a’zolarining ishtiroki uchun ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri va maqsadli sarflanishi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining doimiy e’tibori va nazoratida.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ajratilgan mablag‘larni amaldagi qonunchilik talablari asosida to‘g‘ri va maqsadli ishlatilishi holatlarini sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan taqdim etilgan texnik va moliyaviy hisobotlar asosida doimiy ravishda tahlil qilib kelmoqda. O‘z navbatida, tahlil natijalari bo‘yicha hamda ayrim sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlarining xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarda bayon etilgan vajlarga baho berish va qonuniy qaror qabul qilish uchun taalluqliligi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilmoqda.

Xuddi shunday, O‘zbekiston Karate Milliy federatsiyacining sobiq rahbarlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan bir guruh sportchilarning shikoyatlari o‘rganib chiqilib, natijasiga ko‘ra, to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tomonidan 2018 yil 31 oktyabrda N.Iminovning murojaati yuzasidan yuborilgan so‘rov xatiga asosan mavjud hujjatlar prokuratura idoralariga taqdim etilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan O‘zbekiston Karate Milliy federatsiyasi sobiq rahbari Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167 va 165-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergovga tegishliligi masalasini hal etish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan.

O‘tkazilgan tekshiruvlarda N.Nafasovning 2018 yil 16 maydan boshlab, ya’ni O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi raisi lavozimiga tayinlangan kundan 2018 yil 1 dekabrgacha bo‘lgan faoliyati tekshirilganda 4 ta holatda 125,5 mln.so‘mdan ziyod pul mablag‘lari maqsadsiz va ortiqcha sarflanganligi aniqlangan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan bu kabi salbiy holatlarni kelgusida oldini olish, sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga ajratilgan moliyaviy mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash, xodimlar o‘rtasida ijro va mehnat intizomini mustahkamlash hamda sohada suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarini bartaraf etishga qaratilgan tegishli tushuntirish va profilaktik tadbirlar davom ettiriladi.

Manba : olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » MOQ Nafasov bilan bog‘liq mojaroga oydinlik kiritadi