18:35 / 27.01.2019
9 426

Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv topildi (video)

Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv topildi (video)
Foto: OʻzA
Moʻynoqdan 200, Nukusdan 400 kilometr olisda, Vozrojdeniye orolining Shagʻala deb nomlanuvchi joyida, yaʼni Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv topildi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

26 yanvar kuni suv koʻzining topilishi munosabati bilan tantanali marosim oʻtkazildi. Unga qator vazirlik va idoralar rahbarlari, moʻynoqliklar hamda Orolning qurigan tubida mehnat qilayotgan hasharchilar qatnashdi.

Ushbu chuchuk suv Janubiy Orololdi artezian basseynining Bor davri yotqiziqlaridan, yaʼni 260-280 metr teranlikdan topildi. Suv sarfi sekundiga 7 litrni tashkil qilayotgan bu suvning minerallashuvi 3 gramm, qattiqligi 6 milligramm ekvivalentga teng.

—Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari Chimboy, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak tumanlari hududlarini qamrab oladi. Foydalanishga yaroqli bunday suv koʻzlari ushbu tumanlarda ham topilgan, — deydi Orolboʻyi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi boshligʻi Shavkat Olimov. — Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlarini maxsus uskunalar yordamida chuchuklashtirib, ichimlik suvi sifatida foydalansa ham boʻladi. Hozirgi kunda Chimboy, Qoraoʻzak, Taxtakoʻpir tumanlarida shunday uskunalar yordamida aholi suvni isteʼmol qilib kelmoqda.

4-5 ta yarusdan tashkil topgan Bor davri yotqiziqlarining pastki qatlamlaridagi janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari termal va minerallashgan boʻlib, shifobaxsh xususiyat kasb etadi. Bu kabi 47-50 gradus issiqlikdagi suvlar Qozoqdaryo, Qoraoʻzak, Chimboy hududlarida mavjud.

— Chuchuk suv koʻzlarining ochilishi Moʻynoqda chorvachilik sohasini rivojlantirishga asos boʻladi, — deydi Moʻynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarov. — Shuningdek, ekologik vaziyat yaxshilanadi. Qushlar, yovvoyi hayvonlar keladi. Bioxilmaxillik rivojlanadi. Paydo boʻlgan vetlandlar esa tuzning havoga koʻtarilishiga ham toʻsiq boʻladi.

Orolboʻyi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi tomonidan joriy yilda Moʻynoq tumanida, yaʼni Vozrojdeniye oroli, Surgil, Axantay hududlarida shu kabi 40 ta suv koʻzlarini ochish rejalashtirilgan. Bu birinchisi boʻlib, suv koʻzlarining ochilishi Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlarida chorvachilikni rivojlantirishga zamin yaratadi.

Shuningdek, 2021—2023 yillarda Janubiy Orolning qurib qolgan qismini geologik jihatdan oʻrganish ishlari olib borilishi ham alohida dastur sifatida qabul qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv topildi (video)