date
views 2 963

Nurulloh Muhammad Raufxon murojaati: O‘zbek tilini rivoji uchun tashabbus guruhi tashkil qilish haqida

Nurulloh Muhammad Raufxon murojaati: O‘zbek tilini rivoji uchun tashabbus guruhi tashkil qilish haqida
Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon o‘zining feysbuk sahifasida o‘zbek tili doirasida bahslarga munosabat bildirar ekan, kelajakda Til qo‘mitasiga zamin bo‘ladigan Tashabbus guruhi tashkil qilish taklifi bilan chiqdi.

“Tilimiz, vatanimiz, davlatchiligimiz va mustaqilligimiz taqdiriga ichi achiydigan, tilning nazariy va ijtimoiy xususiyatlarini yurakdan his etadigan vatandoshlar!

SIZLARGA BIR TAKLIF bilan murojaat qilmoqchiman.

Davlatchilikning eng asosiy va muhim asoslaridan biri bo‘lmish til masalasi bugun o‘ta dolzarb muammo bo‘lib turibdi!

O‘zbek tili so‘nggi chorak asr davomida deyarli egasiz qolgani oqibatida tobora buzilib borayotgani, siyosiy va ijtimoiy mavqei tushib ketayotgani, zamon talabiga javob bera olmay qolayotgani tufayli taxminan o‘n yillardan beri davlat tuzilmasi o‘laroq bir TIL QO‘MITASI tuzish, til taqdirini davlat o‘z qo‘liga olishi lozimligini taklif etib kelaman.

Hozirgacha bu ishning ahamiyati to‘la his etilmadi, taklif pisand qilinmadi, natijada bugungi ahvolga tushib o‘tiribmiz: xalqdan uzilib qolgan, o‘zligini deyarli yo‘qotgan bir guruh "ziyoli" davlatchiligimiz asosiga - tilimiz mustaqilligiga orqadan xoinona hamla qilishga jur’at etdi!

Endi bu ishni shundayicha qoldirib bo‘lmaydi. Bugun davlat tuzilmasi o‘laroq Til qo‘mitasi tuza olmas ekanmiz, hech bo‘lmasa, JAMOATChILIK ASOSIDA BIR TAShABBUS GURUHI tashkil etish vaqti keldi!

Bu masalaga befarq bo‘lmaganlar sharhlarda munosabatlarini bildirishsin, ishtirok etmoqchi bo‘lganlar yozilishsin. Guruhning o‘n yo o‘n besh kishidan iborat o‘zak a’zolari bir-ikki kun ichida to‘planishga harakat qilamiz. Qo‘llab-quvvatlaysizlar deb umid qilaman.”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nurulloh Muhammad Raufxon murojaati: O‘zbek tilini rivoji uchun tashabbus guruhi tashkil qilish haqida