
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Quyidagilar:
a) 2019-2025 yillarda mahalliy xomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirish prognoz ko‘rsatkichlari hamda 2019-2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilarni nazarda tutgan holda:
geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasi hajmlarini ohaktosh bo‘yicha – 13,1 million tonnaga, gips toshi bo‘yicha – 1,8 million tonnaga, loysimon komponentlar, g‘isht xomashyosi, kvars qumi bo‘yicha – 1 million tonnaga, ko‘chgan tog‘ jinslari (bazalt) bo‘yicha – 0,1 million tonnaga, tosh-shag‘al materiallar bo‘yicha – 5,6 million metr kubga;
ishlab chiqarish hajmlarini oboylar bo‘yicha – 47 barobardan ortiq hajmga, yig‘ilgan parket panellari va plitalari bo‘yicha – 19 barobarga, yog‘och qirindili plitalar hamda yog‘och va boshqa yog‘ochbop materiallardan tayyorlangan plitalar bo‘yicha – 15 barobarga, gazbeton bloklari bo‘yicha – 7 barobarga, lak-bo‘yoq materiallari hamda energiya va issiqlikni tejovchi float-texnologiya asosida ishlab chiqarilgan arxitektura-qurilish oynasi bo‘yicha – 4 barobarga, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura bo‘yicha – 3 barobarga va sement bo‘yicha – 2 barobarga oshirish;
b) xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning kreditlarini jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan, 2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarning yig‘ma ko‘rsatkichlari hamda 2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar ro‘yxati;
v) 2019-2020 yillarda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Belgilanishicha:
vazirlik va idoralar rahbarlari Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan ma’lumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradilar va ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi;
Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning ijrosi natijasi va samaradorligi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish holati bo‘yicha hisobotlarini har chorakda eshitib borish amaliyotini joriy etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va takror hosil qilish davlat dasturini shakllantirishda yangi konlarni aniqlash uchun noruda foydali qazilma boyliklari maydonlarini geologik o‘rganish ulushini 15 foizga oshirishni nazarda tutadi;
b) bir oy muddatda noruda foydali qazilma boyliklar mavjud yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziyalar berish tartibini murojaatchilar zarur malakali mutaxassislarga ega bo‘lishi haqidagi majburiy litsenziya talabini joriy etgan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
v) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda quyidagilarni o‘z ichiga olgan qo‘shma chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi:
mineral xomashyoni geologik o‘rganish, qazib olish va qayta ishlashda yer qa’ridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishni, sanoat va tajriba-sanoat shaklda qazish uchun berilgan konlarda konchilik ishlarini marksheyderlik va geologik ta’minlash;
foydali qazilma boyliklarining selektiv tanloviga, foydali qazilma boyliklari joylashgan maydonlarda asossiz va o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurilishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida ahamiyat qaratgan holda yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq litsenziya talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilma boyliklarining me’yordan ortiq yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligi holatlarini aniqlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, shu jumladan, aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish orqali.
2019 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport qilinayotgan mahsulotini sertifikatlashtirish bo‘yicha xarajatlari “O‘zstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;
b) tadbirkorlik sub’ektlarining soliqqa tortish bazasi besh yil davomida teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘ladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish xarajatlari miqdoriga, biroq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Transport vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlarga muvofiq hisoblanadigan summadan ortiq bo‘lmagan miqdorga kamaytiriladi;
v) tegishli sinovlardan o‘tgan va belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikati berilgan qurilish materiallari qurilish ishlarida qo‘llanilishi mumkin;
g) texnogen mineral hosilalarning turi yoki ko‘rinishi, ularning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari hamda ularni saqlashning kon-texnikaviy shart-sharoitlarini tavsiflovchi ma’lumotlar tadbirkorlik sub’ektlariga ularning so‘roviga asosan bepul taqdim etiladi;
d) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
kredit summasidan qat’i nazar qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yil 1 iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan miqdorida, biroq 10 foizlik punktdan oshmagan miqdorda, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi miqdorida, biroq 4 foizlik punktdan oshmagan miqdorda qoplanadi;
qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yil 1 iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi.
2021 yil 1 yanvarga qadar olib kelinayotgan xomashyo ro‘yxatga muvofiq bojxona bojlarini to‘lashdan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va Uyushmaning quyidagi takliflariga rozilik berildi:
a) qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 2019-2021 yillarda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning 500 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish va foydalanish;
b) kredit liniyalari hisobiga qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi mexanizmini joriy etish:
kredit liniyalari mablag‘lari birinchi navbatda Ro‘yxatga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
loyihalar import orqali keltiriladigan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning qiymati miqdorida, biroq loyiha bo‘yicha umumiy kapital xarajatlarning 70 foizidan oshmagan miqdorda moliyalashtiriladi;
Ro‘yxatga kiritilgan loyihalarni kredit liniyalari mablag‘laridan moliyalashtirish hajmlarini ko‘zda tutilgan limitlardan oshirish hamda Ro‘yxatga kiritilmagan loyihalarni moliyalashtirish tijorat banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va Uyushma bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihani amalga oshirishning aniq mexanizmlari va muddatlari, shuningdek, loyiha tashabbuskorlari va mas’ul ijrochilarini ko‘zda tutgan holda har bir loyiha kesimida kredit liniyalari mablag‘larini jalb qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq kelmaydigan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni 2021 yil 1 yanvarga qadar ko‘mirdan va tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar