
Shul jannatning irmoqlari
Shul jannatning sof suvlari
Oqar “Alloh” deya-deya.
Chiqar Islom bulbullari
Sayrar “Alloh” deya-deya.
Tavba qiladi dillari,
Qur’on o‘qir ham tillari,
Jannat bog‘ining gullari
Gullar “Alloh” deya-deya.
Kimi yeydi, kimi ichar,
Malaklari rahmat sochar.
Idris nabiy hulla bichar,
Tikar “Alloh” deya-deya.
Oltindandir teraklari,
Kumushdandir yaproqlari.
Shovullaydi butoqlari,
O‘sar “Alloh” deya-deya.
Oydan yorug‘dir yuzlari,
Mushki anbardir so‘zlari,
Jannatning huri, qizlari
Kezar “Alloh” deya-deya.
Haqqa oshiq bo‘lgan kishi
Oqar ko‘zlarining yoshi.
Nurga to‘la ichu tashi,
So‘ylar “Alloh” deya-deya.
Ne tilarsan – Haqdan tila,
Hidoyat-la kir bu yo‘lga.
Bulbul oshiq bo‘lar gulga,
O‘tar “Alloh” deya-deya.
Ochildi ko‘k davozasi,
Rahmatga to‘liq hammasi.
Jannatning sakkiz eshigin
Ochar “Alloh” deya-deya.
Ridvon erur eshik ochgan,
Idris erur xulla bichgan.
Kavsar sharobini ichgan
Qonar “Alloh” deya-deya.
Miskin Yunus, bor do‘stingga,
Qo‘yma bugunni ertaga.
Erta Haqning huzuriga
Borgung “Alloh” deya-deya...
Karim BAHRIYeV tarjimasi
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar