
Odatda odamlar gunohlarini yuvish, Allohning farzlarini ado etish uchun masjidga keladilar. Bu maskanda bo‘lar-bo‘lmas so‘zlardan, g‘iybat qilib qo‘yishdan tiyiladilar. Chunki, masjid ramziy ma’noda Allohning uyi deb hisoblanadi.
Buni qarangki, ko‘cha-ko‘yda, o‘z uyida qilayotgan gunohlari, huquqiy nuqtai nazardan katta-kichik tartibbuzarlik, huquqbuzarlik va ba’zan jinoyatlari kamlik qilganidek, Allohning uyi, ya’ni masjidda ham o‘g‘irlik qilishdan cho‘chimaydiganlar ham bor ekan. Velosipedda namozga keladiganlarni kuzatib yurgan kishining bunday nopok maqsadiga “ulov”ini qulflamay kirib ketadiganlarning ishonchi ayni muddao bo‘ldi.
Xullas, ilk bor bu xunuk ish sodir etilganda, darhaqiqat odamlar yoqa ushlashdi. Hatto ishonishmadi. “Nahotki?! Astag‘furilloh, bolalaringiz olib ketgandir-ye”, deyishdi. Shu bilan na arz qilishini, na qilmasligini bilgan jabrlanuvchi o‘g‘rini xudoga solib qo‘ya qoldi. Oradan bir oy o‘tib o‘tmasdan esa...
Yana takrorlangan o‘g‘irlik kishilarni endi hayratga solibgina qolmay, xushyorlikka xam chorladi. 1.100.000 so‘mlik qimmatbaho velosipedi yo‘qolgan fuqaro esa ichki ishlar bo‘limiga murojaat qildi. Nazoratga olingan ob’ektda roppa-rosa bir oydan so‘ng uchinchi bor o‘g‘irlik sodir bo‘ladi.
O‘g‘irlangan velosipedlarni Uchqo‘rg‘on bozorida arzon-garov sotib yuravergan, Uychi tumanida yashovchi fuqaro, bir necha nabiralar bobosi, aybdor M.M. sudda shunday iltijo qildi: “Qilmishim tufayli bolalarimning turmushi notinch bo‘ldi, men bilan murosalari ketdi, sharmanda bo‘ldim, shuning o‘zi katta jazo menga. Iltimos yengillik beringlar. Barchasini to‘layman, qaytaraman...”
- Darhaqiqat, o‘g‘irlangan velosipedlar topilib, egalariga qaytarildi, - Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi Sud amaliyotini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i A. Aripov. - Jabrdiydalar esa da’volaridan kechdilar. Insonparvarlik, kechirimlilik va albatta odillik prinsiplari bilan yo‘g‘rilgan sud, bularning barchasini inobatga oldi. M. M. ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo bilan kifoyalandi.
Ammo uning bu ishdan topgani (agar bo‘lsa) yo‘qotganlari o‘rnini bosa olarmikan?..
Xulosa sizdan. Xar xolda siz bunday ko‘yga tushib qolishni istamasdingiz, to‘g‘rimi?!
Voqeani bayon qilishdan muddao ham shu - nopok yo‘lning oqibatini his ettirishu, unday ko‘rgulikdan sizni, farzandingizni, oilangiz va mahallangizni, demakki jamiyatni asrash!
Akramjon Sattorov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar