12:33 / 17.06.2019
4 229

Byuro “MIB buzgan toʻy”ga izoh berdi

Byuro “MIB buzgan toʻy”ga izoh berdi
Rosti, bu mavzuga qaytmoqchi emasdik. Boʻlar ish boʻldi, buyogʻi gʻisht qolipdan koʻchgan, byuro nima demasin, xuddiki oʻzini oqlashga urinishdek tuyulishi mumkin. Qolaversa, “Xabar.uz” saytida chiqqan “MIBning ishi toʻyni buzish boʻlib qoldimi?” maqolasi ijtimoiy tarmoqlarda ham faol muhokama qilinyaptiki, ularda byuro xodimlari yoppasiga qoralanayotgani yoʻq. Muhokamada bildirilgan fikrlar ham saytda berilganidan minnatdormiz, albatta.

Albatta, muallifning mulohazalarini batamom inkor qilish fikridan yiroqmiz. Masalaga maʼnaviy-ahloqiy jihatdan qarab, tizim xodimlarining oʻz ishiga yondashishi borasidagi mulohazalarini bosh ustiga qabul qilamiz.

Endi “buzilgan toʻy” masalasida ikki ogʻiz izoh.

Oltinsoylik Joʻrabek Murodov (ism, familiyasi oʻzgartirilgan) nikoh toʻyida nega muammoga duch kelganini bilasiz. Avvalgi ikki oilasidan koʻrgan farzandlari uchun aliment toʻlovidan qarzdorligi jami 19 mln. 207 ming soʻmni tashkil etadi. Bu otaning yillar davomida norasida farzandlari taʼminoti haqida hatto oʻylab koʻrmaganini bildiradi. Shu faktning oʻziyoq uning oila oldidagi, farzandlar oldidagi masʼuliyatni his etmasligini anglatadi.

Masʼuliyatsizlik shu darajadaki, u uchinchi bor uylanar ekan, toʻyni oʻz uyida emas, balki kelinnikida oʻtkazadi. Chunki, MIB xodimlari taʼqib kelayotganini bilgan, qoʻlga tushsa, qanday muammoga duch kelishini tasavvur qilgan. Oʻz pushti kamaridan boʻlgan farzandlarining taʼminoti qolib, yana xotin olishga mablagʻ topgan ota haqida, mayli, koʻp gapirmaylik. Biroq toʻy kuni uning sobiq xotinlari MIBga kelib, arz-dod qilgani, ota uchinchi bor kuyov boʻlayotgan xonadon esa uning bunday muammosi borligidan bexabarligi eʼtiborga olinsa, xodimlarimiz keskinroq (biroq qonuniy) chora koʻrishga majbur boʻlgani bir qadar oydinlashadi.

Kim bilsin, ehtimol, bunday keskinroq chora sabab tirik yetimlar soni koʻpayishi oldi olinib, otaning zimmasidagi majburiyati teran his ettirilgandir?! Takror aytishga toʻgʻri keladi, bu chora qonuniy boʻlishi barobarida majburiy ham edi. Qolaversa, alimentdan qochib yurgan otaning yangi kelinchakni-da tashlab ketmasligiga kafolat bormi?

Besh qoʻl barobar emas, tizim xodimlari orasida ish jarayonida baʼzan “chuqur ketib” qolayotganlari ham uchraydi. Bundan taassuf bildirgan holda profilaktik ishlar izchil davom etayotgani, nomunosiblarga nisbatan keskin choralar koʻrilayotganini alohida taʼkidlaymiz.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Byuro “MIB buzgan toʻy”ga izoh berdi