12:22 / 27.06.2019
2 986

“Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan yoxud senator Toshqulovga bildirilgan e’tirozga e’tiroz” maqolasiga munosabat

“Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan yoxud senator Toshqulovga bildirilgan e’tirozga e’tiroz” maqolasiga munosabat
Bugungi o‘zbek jamiyatida sog‘lom munozaraga kirishmoqchi bo‘lgan kishi o‘zi xomtama, sha’ni va qadri “xomtalash” bo‘ladi. Lekin nachora? Siz gapirmasangiz, olamni o‘ylamay so‘ylaydiganlarning ovozi tutib ketadi. Bu uzoq sukunatdan keyin tabiiy yuzaga kelgan bir vaziyat. Shunday ekan, tushunilmasangiz-da gapirmoq haqqingiz, ham insoniy burchingizdir. Yo‘qsa, kelgusi avlod o‘shalarning baqiriqlari ostida ulg‘ayadi.

Senator, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovning “Xalqaro press klub”dagi fikrlari “faol fuqarolik pozitsiyasini ifoda etgan” nomi noma’lum 58 kishining sovetcha siyosiy aybloviga nishon bo‘ldi. Go‘yoki senator konstitutsion tuzumni bekor qilib, o‘rniga sha’riy ahkomlar hukmron davlat qurishni taklif etayotgan emish. Beixtiyor miyiqlaringda zaharxandalik paydo bo‘ladi. Bunday deyish uchun kimsa haqiqat qonini simirib, tuhmat quchog‘ida tong ottirgan bo‘lishi kerak!

Munosabat yozmoqqa chog‘landim-u, yana hafsalasizlik bilan qo‘l siltab qo‘ydim. Sadqai suxan ketgurlarga sarflagan vaqting hayf! Ko‘p o‘tmay “Azon.uz” saytida Ubaydulloh Adhamovning ayni mavzuga bag‘ishlangan “Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan yoxud senator Toshqulovga bildirilgan e’tirozga e’tiroz” maqolasini o‘qib qoldim. Ko‘nglimdagini yozibdi. Shundan so‘ng eng yuqorida bayon etgan o‘ylarim va Ubaydulloh Adhamovning maqolasiga ayrim qo‘shimchalarim borligi meni yana qog‘oz qoralashga undadi.

“Faol fuqarolar” murojaatida avval-adoq senatorning fikrini noto‘g‘ri talqin qilish yo‘lidan borgan. Shuncha gapning ega-kesimini o‘rniga qo‘yib yozishga aqli yetganlar Abduqodir Toshqulovning aslida nima deganini tushunmasliklariga, rosti, men ishonmayman. Unda bunday yo‘l tutishlarining sababi nimada? Bu “faol fuqarolar” kimlar bo‘lishi mumkin?

Birinchi – senatorning dushmanlari (bu haqiqatdan yiroqroq).

Ikkinchi – O‘zbekistonda rus tili rasmiy til bo‘lsin degan tashabbuskorlarning toifasidagilar – milliy tuyg‘u-yu qadriyatlardan, ajdodlar ma’rifatidan bebahraligi va yana qayerlardandir manfaatdorligi tufayli ma’naviy merosimizga qarshi kurashadi ular.

Uchinchi – islom dinining oddiygina, ammo g‘addorgina dushmanlari. Bunday qarasangiz, ulardan bag‘rikeng odam yo‘q. Aslida esa din va dindorlarga o‘lgudek toqatsiz. Maqsadi yo‘lida har ko‘yga tushishga rozi. Parlamentda dindor kishining borligidan va u islom ma’rifatidan bahramandlik xalqimiz, yosh avlod uchun foydaliligini ochiq aytganidan junbushga kelishdi. Qachondir martaba pillapoyalaridan yanada yuksalmasligi uchun hoziroq obro‘sizlantirish, yakson qilishga urinmoqda. Chunki davlat miqyosidagi boshqaruvda islom dini mohiyatini yaxshi anglagan, unga muhabbatli kishining ishtirok etishini aslo istashmaydi.

“Xalqaro pres klub”dagi nutqni so‘zma-so‘z tushuntirib berishga hojat yo‘q, ozgina esi bor odam yaxshi biladi, chunki hammasi aniq aytilgan. Eng mohir so‘z san’atkori ham ming urinib o‘sha gaplarni konstitutsiyaviy tuzumga qarshilikka olib borib taqamoqchi bo‘lsa-da, iddaolarining ortida mantiqsizlik so‘ljayib turgani ayon ko‘rinadi. Qolaversa, Ubaydulloh Adhamov maqolasida nutqdagi ko‘pgina fikrlarga jo‘yali izohlar berib o‘tibdi.

Abduqodir Toshqulovga kelsak, uning senator va rektor sifatidagi faoliyatini anchadan buyon kuzatib kelyapman. Termiz davlat universitetini qanday botqoqdan chiqarib olganini ham bilaman. Hali hamon o‘sha botqoqning nuqsini butkul tozalash ilinjida ovora.

Demokratik muloqotga kirishadigan kam sonli siyosatchilardan bo‘lgan, o‘qituvchining bahosini talaba bersin, rivojlangan davlatlar ta’lim tizimidan ulgi olaylik, deb turgan kishidan radikal dinchi yasash uchun naqadar insofsiz bo‘lish kerak?! O‘qibdi, o‘rganibdi – poraxo‘rlik, o‘g‘rilik, mas’uliyatsizlik, jamiyat taraqqiyotiga kushandalik kabi illatlarning davosini islom ma’rifatidan bahramandlikda ko‘ribdi. Shu ma’naviy xastaliklarni tuzatib olsak, rivojlanamiz, hammasi yaxshi bo‘ladi, deyapti-ku. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Shu niyat ortida konstitutsion tuzumni istamaslik bormi? Bunga “yo‘q” deb mardona javob berish uchun inson faqat xolis bo‘lishi kerak.

Nima bo‘lganda ham senator quvonaversin, agar 37-yillardagi siyosat hozir hukm surganda “faol fuqarolar”ning murojaatidan so‘ng hech shubhasiz qatog‘on bo‘lib ketardi. Meni esa boshqa o‘y qiynaydi, niqob kiyib xalq manfaatiga zid ish qiluvchilar bizdan keyin ham bo‘ladimi? Eng dahshatlisi, avval kuzatilganidek qulay payt topib, maqsadlariga erishadimi ular? Xalqning o‘zi bir vujud ekanligini qachon anglaydi?!

Sirojiddin IBROHIM

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan yoxud senator Toshqulovga bildirilgan e’tirozga e’tiroz” maqolasiga munosabat