14:40 / 02.07.2019
3 454

Sherzod Kudbiyev Farg‘onada «sahnalashtirilgan qabul» o‘tkazdimi?

Sherzod Kudbiyev Farg‘onada «sahnalashtirilgan qabul» o‘tkazdimi?
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zA tomonidan e’lon qilingan «Sahnalashtirilgan qabul yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Farg‘ona viloyatiga nega kelgandi?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Maqolada vazir Sherzod Kudbiyevning Farg‘onada 28 iyun kungi sayyor qabuli yuzaki o‘tkazilgani, vazir asli qarindoshining to‘yiga borgani ta’kidlangandi.

«Bizga 2-3 nafardan odam olib kelasan vazir qabuliga, degan topshiriq berishdi. Kudbiyev va o‘rinbosari bir-ikki soatda biz olib kelgan odamlar bilan gaplashib bo‘ldi», — deya vazirlikning ismi oshkor etilmagan tuman mutasaddi rahbari so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Ta’kidlanishicha, asli ish joyi tayin bo‘lgan ayollar ham ishga joylashtirilgani hisobotga kiritilgan.

«Biz aniqlagan holatda esa Zarifa Xolmuhamedova bu bolalar muassasasiga 2019 yil 1 mart kuni № 11-son buyruqqa asosan ishga olingan, Ziyoda Shamsutdinova esa 2018 yil 1 fevraldan buyon ishlar ekan. Vazir Farg‘onaga aslida ishsizlarni qabul qilish uchun kelgani yo‘q. Shu kuni uning Vodildagi ammasining o‘g‘li to‘y qilayotgandi. Qabul bahona edi xolos», — deyiladi maqolada.

Maqolada vazirning qayerda ovqatlanib, mashinada qanday ketganigacha bo‘lgan holatlar haqida ham yozilgan (ayni paytda O‘zA maqolaga tuzatish kiritgan).

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maqolada ta’kidlangan ko‘zbo‘yamachilik holati o‘rganilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ushbu holat Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari aralashuvisiz bevosita vazirlik mutasaddi rahbarlaridan tashkil topgan guruh tomonidan tekshirilishi aytildi.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu qabul jarayonida Farg‘ona aholisidan kelib tushgan bandlik, mehnat huquqi, imtiyozli kreditlar va mehnat migratsiyasiga doir savol va muammolari o‘rganilgan. Tadbir doirasida 53 nafar fuqaro murojaati bilan bevosita vazir tomonidan qabul qilingan.

«Mazkur maqolada qabul jarayonida ayrim fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etilmagani hamda qabul natijalari haqiqiqatdan uzoqligi aytilmoqda. Maqolada keltirilgan dalillar vazirlik rahbariyati tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Tekshiruv natijalari xususida yana batafsil axborot beriladi.

Boshqa viloyatlarda o‘tkazilgan sayyor qabullar chog‘ida bunday holatlar umuman kuzatilmagani va 28 iyun kuni o‘tkazilgan tadbirda aholidan tushgan murojaatlar natijalariga Farg‘ona viloyati Bandlik boshqarmasi rasman javobgarligini inobatga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53ta murojat ustidan vazir o‘rinbosari B.Umurzoqov boshchiligida ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazish qarorini qabul qildi», deyiladi vazirlik izohida.

Vazirlik bayonotida to‘y haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherzod Kudbiyev Farg‘onada «sahnalashtirilgan qabul» o‘tkazdimi?