date
views 4 286

Mahkum Akrom Malikning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bayram tabrigi

Mahkum Akrom Malikning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bayram tabrigi
Bizni Islom-u iymonda yaratgan Alloh taologa adadsiz hamdlarimiz bo‘lsin!
Odamzodga Islom va iymon ne’matini keltirgan Rasululloh Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga durudu salovatlarimiz bo‘lsin!

Muhtaram Shavkat Miromonovich!


O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligiga 28 yil to‘lish arafasida bu yurt uchun, xalq uchun joni kuyadigan bir o‘g‘lon sifatida Sizga ushbu bayram tabrigini yo‘llamoqdaman.

Men 2016 yilning 22 iyul kunidan buyon qamoqdaman. Siyosiy ayblovlar bilan 26 yoshimda 6 yilga qamaldim. “Ichkari“ o‘sha paytlar jahannamni eslatar edi. Inson zotidan biror himoyaching bo‘lishi mumkin emas edi bu makonlarda. Har qanday inson iztirob va ko‘zyoshlar ila: “Qamoqlar tiriklar qabristoni ekan!“ – deb yuborar edi. Tushkunlik to‘la yuraklardan yorug‘ kunlar umidi sham kabi o‘chardi. Menda ham shunday bo‘ldi. Qalbim zulmatda qoldi go‘yo.

Oradan bir yil o‘tdi. Tashqaridan ko‘ngillarga taskin beruvchi mujdalar kela boshladi. Biz mahkumlarda ham tiriklikka, hayotga umid uyg‘ona bordi. Chunki Siz boshlagan siyosatning epkinlari qamoqxonalarga ham kirib borgan edi.

Jumladan, birdan qamoq militsiyalarida muomala o‘zgardi, siyosiy-diniy mahkumlar guruh-guruh bo‘lib ozodlikka chiqa boshladilar. Kaltakka uzangan qo‘llar kesildi. Qamoqda hammani zir titratib: “Mahkum odam emas!“ – degan zotlar qo‘qqisdan: “Mahkum ham odam!“ – deb e’lon qildilar.

Bizlar bunga ishonaylikmi, yo‘qmi der edik. Xushmuomala militsiyaga tush ko‘rayotgandek boqardik. Televizordagi gaplar amalda joriy bo‘lyaptimi der edik pichirlab.

Xayriyat, shunday bo‘lib chiqdi! Tuhmat bilan intizomiy bo‘linmaga qamash to‘xtadi. Eski jazolar bekor qilindi. Endilikda bo‘hton ayblar bilan qamoq muddatini uzaytira olmay qoldilar.

Men ham 2018 yilning sentyabr oyida yopiq qamoqdan manzil-muassasaga keldim. Joynamoz ustida ko‘zda yosh ila ibodatlar qildim, sog‘inganim – Qur’oni karimni ko‘zlarimga surib tilovatlar qildim. Muassasa rahbariyati va xodimlari mahkumlarning qonuniy huquqlarini ta’minlashga qat’iyan intilayotganlarini ko‘rdim.

Ramazon ro‘zalarini tutdik, saharlarda duolar qildik, bir paytlar qamoqlarda namozlarimizni ataylab buzar edilar, og‘zimizga majburlab suv quyib ro‘zamizni ochardilar, janob Prezident!

Bu kunlarni tushlarda ham ko‘ra olmasdik. Buni eski tuzum qamog‘ida o‘tirganlar yaxshi biladilar boshqalar bilmasa ham. Men bularning hammasi Allohning inoyati, musulmonlarga kelgan ofiyat deb bildim.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Alloh taolo bu xayrlarni, bu inoyatni, bu ofiyatni Sizning qo‘llaringiz ila bizga tutdiki, bu hech kim inkor eta olmaydigan haqiqatdir.

Mamlakat siyosatidagi liberal boshqaruv, iqtisodiy turg‘unlikdan iqtisodiy harakatga erishish jarayonidagi mashaqqatlar, yutuq va kamchiliklar, jamiyatning kundalik muammolari doimiy normal hodisadir. Fikriy erkinlik rang-barang jarayonni yuzaga keltiradi. Men bugun “tashqari“da qanday islohotlar kechyapti, odamlar o‘zini qanday his qilyapti – buni bilmayman, chunki uch yilki qamoqdaman. Lekin “ichkarida“ tiklangan adolat va yo‘qotilgan zulm misolida “tashqari“dagi yaxshiliklarni tasavvur qilmoqdaman.

Men bu ishlarda adolatparvar Insonning qat’iyatini ko‘rdim. Ya’ni bemalol, uyalmay: “Qamoqlarda insoniy muhit paydo bo‘lgani, mahkumlar haqlarining tiklangani – Shavkat Mirziyoyev siyosatining muhim g‘alabasi, yuksak natijasi!“ – deb ayta olaman.

Yaqinda zulm qo‘rg‘oni bo‘lmish “Jasliq“ning kuni bitirildi. Bu ish ham Sizning shijoatingiz va xalqparvarligingiz mevasi ekaniga hamma guvoh.

Amalga oshgan bunday yirik ishlar ortimizdagi uch yilning yuzini yorug‘ qilib turgan bo‘lsa, kelajakda olamshumul loyihalar, yanada xayrli va zalvorli vazifalar kutmoqda, inshaa Alloh.

Kamina tez kunlarda ozodlik nasib etib, bu sharafli ishlarga hissa qo‘shishni Allohdan duo qilib so‘ramoqdaman.

Alloh taolo O‘zbekistonimiz mustaqilligining har yilini, xususan, yigirma sakkizinchi yilini, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, muborak – barokatli, fayzu fazilatli qilsin!

Xalqimizga Siz bosh bo‘layotgan bu yillar hurriyat va erkinlik, barokat va xayr yillari bo‘lib tarix sahifalaridan joy olishiga chin dildan tilakdoshman.

Ehtirom ila mahkum Akrom Malik,
Toshkent viloyat Ohangaron tuman 48- manzil-muassasa mahkumlari nomidan.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mahkum Akrom Malikning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bayram tabrigi