date
views 4 128

Omonatga xiyonat (Feleton)

Omonatga xiyonat (Feleton)
Kattagina korxonada o‘g‘irlik avj olib ketibdi. Har kuni u yoki bu narsa yo‘q bo‘lib qolaveribdi. O‘g‘rilar uni devordan olib chiqib ketishayotgan bo‘lishlari mumkin, deb o‘ylab, nazoratni kuchaytirishibdi. Ammo har qancha urinishsa ham birorta o‘g‘rini tuta olishmapti. Odamqo‘yib tunlari ham kuzatishibdi. Biroq bundan ham natija chiqmapti.

- Xo‘sh, yo‘qolgan narsalarni kim, qachon va qayerdan olib chiqib ketmoqda? Axir, ularni darvozadan olib chiqib ketayotgan bo‘lishlari ham mumkin-ku, - deb o‘ylabdi va xuddi shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida korxona egasi darvozabonni so‘roqqa tutibdi:
- Bu korxonada o‘g‘irlikka qachon chek qo‘yiladi? Men senga nega maosh to‘layapman?
- Menda nima ayb, xo‘jayin? Darvozani tashlab ketolmasam, korxona maydoni katta bo‘lsa, ilojim qancha?
- Menga qara, har kuni korxonaga nechta mashina kirib chiqadi?
- Aniq sanamaganman-u, taxminimcha o‘ttiz-qirqtacha bor.
- Ana shularni yaxshilab tekshir! Yukxonasidan tortib, to o‘rindiqlarining ostigacha ko‘rib, keyin darvozadan chiqar. Agar biror narsani beso‘roq olib chiqib ketayotgan bo‘lsa, kimligidan qat’iy nazar, darhol darvozani mahkam berkitib, menga qo‘ng‘iroq qil.

- Xo‘jayin, bu yerga mashinada kirib chiqadiganlarning hammasi ham o‘zingizning ishongan odamlaringiz-ku! Shunday bo‘lgach, mashinalarini tintuv qilsam qanday bo‘larkin!
- Qo‘rqmay tintiyver! Faqat bu mening topshirig‘im ekanligini gullab qo‘yma. Agar o‘g‘rilarni tutib bersang, har biri uchun naqd yuz ming so‘mdan mukofot olasan.
- O, rahmat, xo‘jayin! Qani endi omadim yurishib o‘g‘rilar kundan kunga oshib ketaversayu, men ularni ushlab mukofotiga yuz ming so‘mdan qurtdek qilib sanab olaversam.
- He nafasingni yel o‘chirsin! Bor, aytganimni qil.

Xo‘jayin o‘ylab topgan tadbiridan mamnun holda o‘z-o‘zicha “Mana endi o‘g‘irlikka chek qo‘yiladi. Bu yaramas ishga qo‘l urayotganlarning sharmandasini chiqaraman” deb xotirjam uyiga ketdi. O‘z navbatida darvozabonning ham quvonchi ichiga sig‘masdi. Buning boisi uning birinchi o‘g‘ri bilan yuzma-yuz kelganidayoq ma’lum bo‘ldi.

Mashina yaqinlashgach, kutilmaganda darvozabon uni to‘xtatib, mashinani tekshirishini aytganida haydovchi taajjubga tushdi:
- Ha, nima bo‘ldi, tinchlikmi?
- Men o‘g‘rilarni tutib berishim kerak. Har bir o‘g‘rini tutganim uchun bugundan boshlab yuz ming so‘mdan mukofotim bor. Xo‘jayin shunga va’da bergan.
- Axir, men ham har bir ish uchun senga yuz ming so‘mdan berib turibman-ku!
- To‘g‘ri, lekin men shu pulni o‘g‘irlik uchun emas, o‘g‘rini tutib berganim uchun olganim yaxshi-da! Halol bo‘ladi.

- Qo‘y, gapni cho‘zavermay, indallosini ayt. Tag‘in bitti-yarimta kelib qolmasidan bu yerdan juftakni rostlab qolay.
- Ikki yuz ming!
- Voy-bo‘y, esing joyidami? Birdaniga yuz foizga oshirasanmi, noinsof, haromxo‘r!
- Kim haromxo‘r, kim insofsiz? Mana, mashinangda tayyor daliliy ashyo turibdi. Hozir xo‘jayinni chaqirsam tezda yetib kelib, kim haromxo‘ru kim noinsofligini aytib beradi.

Darvozabon shunday deyatelefon raqamini tera boshlagan edi, o‘g‘ri uning qo‘lidan tutib to‘xtatdi.
- Bo‘ldi, galvars, men rozi!
- Bu boshqa gap! Qani, cho‘z aytganimni!

O‘g‘rilardan har kuni yuz ming so‘mdan olib turgan darvozabon bugun boshlamasiga ikki yuz ming so‘mni qurtdek qilib sanab olgach, haydovchining qulog‘iga boshini engashtirib:
- Darvoza haqi oshganini boshqalarga ham aytib qo‘y. Tayyorlanib, keyin bu yerga kelishsin, – dedi-dadarvozani kattakon qilib ochib qo‘ydi.

Murod Kalonxon
Rassom: Husan Sodiqov.

Manba: Darakchi.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Omonatga xiyonat (Feleton)