date
views 3 581

G‘arbda Islomni ko‘rdim…

G‘arbda Islomni ko‘rdim…
Islom adolati shu darajada-ki, jinoyat qilgan inson jazoga loyiq deb hisoblansa ham avval voqelik o‘rganilgan. Ochlik va u orqali tahdid qilib turgan o‘lim hukmning o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Umar roziyallohu anhu qahatchilik davrida o‘g‘rilarning qo‘lini kesish hadini bekor qilib turganlar, chunki ochlik, farzandlarni to‘ydirish muammosi insonni har narsaga majbur qiladi, buni Islom hisobga oladi, buni Umar roziyallohu anhu bilardi...

Kuni kecha internet tarmog‘idagi bir xabarga ko‘zim tushib qoldi. AQShning kichikroq bir shahrida istiqomat qiluvchi ayol – Jonson xonim farzandlarini ochlikdan saqlab qolish uchun jinoyatga qo‘l uradi, supermarketdan tuxum o‘g‘irlaydi. Buni supermarket xodimi payqab qolib, darhol politsiya chaqiradi. Lekin... politsiyachi va supermarket xodimi ayolning nima uchun bu ishni qilganini bilganlaridan so‘ng ko‘zda yosh bilan uni uyga kuzatib qo‘yishadi. Kambag‘al ayol uyda qolgan farzandlari va nevaralari bilan 2 kundan beri tuz totmagan va shu tufayli bu jinoyatga qo‘l urgan ekan. Uyga kuzatib qo‘yish asnosida politsiya ofitseri Jonson xonimning gaplari to‘g‘riligiga amin bo‘ladi.

Ertasi kuni politsiya ofitseri ayol va uning oilasidan xabar olgani keladi, lekin quruq qo‘l bilan emas, ikkita avtomobilning yukxonasini to‘ldirib oziq-ovqat bilan tashrif buyuradi. Avvaliga olib ketishlaridan qo‘rqib turgan Jonson xonim hamshahar politsiyachining bu muruvvatidan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, tashakkurlar aytib, buncha yegulikni oxirgi marta u 12 yoshida ko‘rganini aytadi... Buncha mahsulotning pulini qanday to‘lash haqidagi savoliga politsiya ofitseri “boshqa o‘g‘rilik qilmang, shu sizning to‘lovingiz bo‘ladi”, deb javob beradi.

Shu voqeadan keyin politsiyachilar alohida fond tuzishadi va Jonson xonimga odamlardan xayriyalar kelishni boshlaydi…

“G‘arbda Islomni ko‘rdim, musulmonlarni ko‘rmadim, o‘zimizda musulmonlar ko‘p, Islomni esa izlayapman”.

Manba: "Toshkentdan gapiramiz" telegram kanali
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘arbda Islomni ko‘rdim…