date
views 5 806

Prezident selektori: Sh.G‘aniyev, J.Artikxodjayev va «kun.uz» masalasi yopildi(mi?)

Prezident selektori: Sh.G‘aniyev, J.Artikxodjayev va «kun.uz» masalasi yopildi(mi?)
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi selektor bo‘lib o‘tgani, unda Prezident ochiqlik, amaldorlar mas’uliyati masalasiga alohida e’tibor qaratgani haqida xabarlar tarqadi.

Mamlakatimiz rahbaridan keltirilgan iqtiboslarga qaraganda, oxirgi kunlarda internetni larzaga solgan Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevning fermer ish yurituvchisiga qilgan muomalasi, ya’ni uning soqoli borligi uchun majlisdan haydab, unga tegishli loyihani dasturdan o‘chirib, kamiga qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbariga qarata “O‘rtoq polkovnik, buni sartaroshga olib borib, soch soqolini qirtishlab tashlang” degani, Toshkent shahar hokimining “kun.uz” sayti jurnalistlariga tahdidi haqida umumiy munosabat bildirilgan.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo‘lsa-da, uni tan olmaslikka bo‘layotgan urinishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda.

“...Afsuski, ba’zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo‘yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o‘z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘layapti.

O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalyapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda.

Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga, kibru havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda...”

Yuqoridagi fikrlar mamlakatimiz rahbarining qo‘lida yozilgan nutqdan keltirilgani ko‘rinib turibdi. Ammo bugun tarqalgan videoda Prezident bu masalaga ochiqroq to‘xtalib o‘tgan. Eng e’tiborga molik jihati, jurnalistlar bilan, xalq bilan yaxshi muomala qilmagan har qanday rahbardan voz kechishi haqida ham alohida ogohlantirgan. Albatta, bu gaplar hokimlarning xurmacha qiliqlaridan g‘azablangan fuqarolar ko‘ngliga taskin bera oldimi-yo‘qmi, deyilsa, bizningcha javob ijobiy bo‘lmaydi.

Eng qizig‘i, tajribali jurnalistlar, masalan, Farg‘ona viloyati hokimining soqolli tadbirkorni tahqirlashi, omma oldida izza qilishini oqlashga urinib, o‘zi xalqning haqli malomat va e’tirozlariga duchor bo‘lgan taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov ham Artiqxodjayevning o‘z kasbi va hamkasblarni haqorat va tahdid qilganiga OAV orqali munosabat bildirmadi. Viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari sifatida Sh.G‘aniyevni oqlashga, uning kirdikorlarini xaspo‘shlashga majburmi?

Agar shunday bo‘lsa, Toshkent shahri hokimi qaysidir ma’noda haq bo‘lib chiqadi. O‘sha “oqlov” videosida fermer va uning ish yurituvchisini soqolli kishilar ekani oydinlashadi va qaysidir ma’noda hokimning tahqirli so‘zlarini isbotlaydi. Ya’ni M.Obidov o‘zi istar istamas o‘z rahbarini fosh qilib qo‘yadi. Kamiga fermerga “Ozodlik” radiosiga qarata ritorik savollar aytishni o‘rgatib qo‘ygani ham ortiqchalik qilibdi. Qahhorona ta’bir bilan aytganda, bu “gajak yopishmadi”.

Yurtimizdagi xorijiy diplomatik korpus vakillarining-da xavotirlariga sabab bo‘lgan “tahdid va haqoratli audio” Artiqxodjayevga tegishli ekani oydinlashdi, hatto uning “kun.uz” bilan “kelishib olgani” haqida xabar e’lon qilindi. Shu bilan qozon yopilganga o‘xshadi, ammo...

Ammo Bosh prokuratura va AOKA bu ishni o‘z nazoratiga olgani haqidagi rasmiy bayonotlari hali kun tartibidan tushgani yo‘q.
Qolaversa, Sh.G‘aniyevga uch oy sinov muddati bergan Oliy Majlis Senati rahbariyati ham Farg‘ona viloyati hokimining navbatdagi mashmashasiga ham “miq” etgani yo‘q.

To‘g‘ri, hamma Prezidentdan munosabat va keskin chora kutayotgandi. Yumshoqroq va umumiy bo‘lsa-da, munosabat bildirildi, ehtimol jiddiyroq choraga ham hozirlik ko‘rilayotgandir. Lekin bu Senat, Bosh prokuratura va AOKA kabi idoralarning zimmasidagi vazifani soqit qilmaydi-ku?! Nega ular G‘aniyev va Artiqxodjayevning “ish”lariga yetarli baho bermayapti?

Rahbarlar xalqqa hisobot berishi kerak, degan Prezidentning topshirig‘i qayoqqa ketdi?!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident selektori: Sh.G‘aniyev, J.Artikxodjayev va «kun.uz» masalasi yopildi(mi?)