date
views 6 325

Ukraina prezidenti Zelenskiyning o‘zbekistonlik qiyofadoshi bilan suhbat (foto)

Ukraina prezidenti Zelenskiyning o‘zbekistonlik qiyofadoshi bilan suhbat (foto)
Yaqinda rossiyalik jurnalistlar Moskva metrosida Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Zelenskiy “egizagini” topishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Zelenskiyga juda o‘xshash kishining metroda uxlab ketayotgani aks etgan surat virus kabi tarqaldi...

Ushbu suratni ilk bor Facebook foydalanuvchisi Dmitriy Kovalenko o‘z sahifasiga joylagan edi. “Mana u, haqiqiy prezident. Kortejsiz, qo‘riqchisiz va hatto velosipedsiz. Oddiy va kamtar... metroda ishga ketyapti”, deb yozgan edi u surat izohiga. Shundan keyin suratdagi Ukraina prezidenti emas, balki uning qiyofadoshi ekanligi va u o‘zbekistonlik Umid Isaboyevligi ma’lum bo‘ldi. Rossiyalik jurnalistlar uni ko‘rsatuvlariga chaqira boshlashdi. Biz ham hamyurtimiz bilan yaqindan tanishdik.

— Dastlab sizni tanitgan o‘sha surat haqida gaplashsak. O‘shanda sizni kimdir suratga olayotganini sezganmidingiz? O‘zingiz birinchi marta qayerda ko‘rdingiz?
— Bu suratni menga uyimdagilar internetdan jo‘natishdi, ular ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganida ko‘rib qolishgan. Shunda birinchi marta ko‘rdim. Avvaliga hayron bo‘ldim, kim va nega olgan ekan, deb. Keyinroq bilsam, ukrainalik jurnalist Dmitriy Kovalenko olgan ekan. U bilan hozirda internet orqali muloqot qilib turamiz. Uning aytishicha, Moskvaga ish bilan kelganida meni ko‘chada ko‘rib qolgan va Zelenskiyga o‘xshatgan. Keyin ortimdan kuzatib borgan, metroga ham tushgan. Ro‘paramga o‘tirib, suratga olgan. Bu ishni ko‘zim ilinib, biroz uyquga ketgan chog‘imda qilgani uchun hech narsani sezmaganman.

— Vladimir Zelenskiy Ukraina Prezidenti bo‘lmasidan avval uni tanirmidingiz? Axir u taniqli qiziqchi edi...
— Ha, qiziqchiligini, shu yo‘nalishdagi ko‘rsatuvlarda chiqishini eshitib yurardim, lekin unchalik qiziqishim bo‘lmagani uchun ko‘rmaganman.

— Birinchi marta unga sizni kim o‘xshatgan?
— 2016 yili Moskva shahrida bir hamyurtimizning tug‘ilgan kuniga yig‘ilgandik. Uning Ukrainadan kelgan qo‘shnilari ham mehmon bo‘lishdi. Shunda qo‘shnilardan biri menga: “Sen qiziqchi Zelenskiyga o‘xshar ekansan”, dedi. Bu gapni hazilga yo‘yib, kulib qo‘ygandim. Metrodagi suratim tarqalgach, ko‘pchilik o‘xshata boshladi va Zelenskiyning “egizagi"ga aylandim-qoldim (kuladi).

Rossiya telekanallarida ham ko‘rina boshladingiz...
— “Rossiya 1” telekanalining “60 daqiqa” dasturida, NTV telekanalining “Markaziy televideniye” dasturiga taklif qilishdi. “Pervыy kanal”(“Birinchi kanal”)da men haqimda maxsus lavha tayyorlandi. Mashhur boshlovchi Andrey Malaxov bilan ko‘rishdim.

Ko‘rsatuvning birida menga: “Ukraina prezidentiga qanday savol bergan bo‘larding?” deb savol berildi. Men esa hayajondan: “Nega Siz menga bunchalik o‘xshaysiz?” degan bo‘lardim, deb yubordim(kuladi). Tabiatan so‘zga chechan emasman.

Hozirda metroda, transportda yursam ham odamlar tanib qolishgan, ishxonada meni hazil qilib Dima Zelenskiy deb chaqirishadi. Umuman, dunyoda o‘xshash insonlar ko‘p, deb o‘ylayman. Men ham shular qatorida bo‘lsam kerak.

— Asli Namangandan ekansiz? Moskvaga sizni nima yetakladi?
— Namanganning Chortoq tumani Alixon shaharchasida tug‘ilganman. Bolalikdan televizorlarda Moskvani ko‘rib, bir marta bo‘lsa ham borishni, Kreml maydonida rasmga tushishni orzu qilardim. 1998 yil birinchi marta sayohatga otlandim. Poyezdda ketayotib, derazadan uzun-uzun gumbazlarni ko‘rib, shu Moskva bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, poyezddan tushib qolganman. Keyin bilsam bu Samara shahri ekan...

2008 yil Moskvaning o‘ziga keldim. Bu yerda avtoservisda ishlaydigan vatandoshlarni uchratib qoldim. Ular bilan biroz ishladim. Avtoservis rahbarlari ishimni ko‘rib yoqtirib qolishdi va shu yerda qolib ishlashni taklif qildi. Shu tariqa 10 yildan beri Rossiyadaman.

Shu o‘rinda aytmoqchimanki, men bu yerga ishsizlikdan yoki moddiy jihatdan qiyinchilikdan kelmaganman, chunki Namanganda ham ustachilik qilardim, doimiy mijozlarim va shunga yarasha daromadim ham bor edi. Yaxshi odamlar taklifini rad etolmadim.

— Kelgusi rejalaringiz qanday?
— Oilaliman, ikki farzandim bor. Ularning kamolini ko‘rishni istayman. Albatta, o‘ylab qo‘ygan rejalarim yo‘q emas. Namanganda hamma qulayliklarga ega, zamonaviy avtoservis ochmoqchiman. Ko‘pchilik yoshlarimiz o‘qishga topshiradi, kirolmasa, ish topolmay bekorchi bo‘lib qoladi. Maqsadim — mana shunday vaqtincha ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash. Yana fermerlikka qiziqaman, chorvachilik yoki tuyaqushlik fermasini tashkil qilish rejam bor.

Munisa ALIYeVA suhbatlashdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ukraina prezidenti Zelenskiyning o‘zbekistonlik qiyofadoshi bilan suhbat (foto)