date
views 3 193

MIB xodimlari ijro hujjatlari koʻpligidan 16 baravar yuklama bilan ishlamoqda

MIB xodimlari ijro hujjatlari koʻpligidan 16 baravar yuklama bilan ishlamoqda
Joriy yilning oʻtgan davrida 3 million 700 ming ijro hujjatidan 2 million 700 mingining ijrosi taʼminlandi. Bir million hujjat esa oʻz ijrosini kutmoqda. Bu haqda Majburiy ijro byurosi va Oliy sud masʼul xodimlari ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun uyushtirilgan brifingda bu alohida qayd etildi.

Ijro hujjatlari koʻpligidan tizim xodimlari 16 baravar yuklama bilan ishlamoqda. Aholining 80 foizi qarzlarini bir marta ogohlantirishdan keyin toʻlayotgan boʻlsa ham ijro intizomi boʻyicha muammolar yoʻq emas.

Tadbirda Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 12-martdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi ijrosiga eʼtibor qaratildi.

Byuro direktori oʻrinbosari Shavkat Haydarov joriy yil 1-apreldan boshlab sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etilishini taʼkidladi. Bu institut sud qarorlari boʻyicha tomonlarning mediator orqali oʻzaro kelishish, masalani ixtiyoriy rozilik asosida hal qilish imkonini bermoqda.

Qaror bilan 1-iyundan boshlab ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida ijro ishi qoʻzgʻatilishi yoʻlga qoʻyildi (muqaddam ijro ishi 3 kun ichida qoʻzgʻatilardi).

Yana bir jihat — ijro harakatlari koʻpi bilan ikki marta kechiktirilishi mumkin, oldinlari necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda koʻrsatilmagan edi. Bu esa ijro hujjatlarining koʻp bora toʻxtalib, undiruvchi tomonlarning noroziligiga sabab boʻlardi.

Endilikda ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishi qatʼiy belgilangan.

Hozirga qadar ijro hujjatlari davlat ijrochilari oʻrtasida boʻlim boshligʻi tomonidan taqsimlanar edi. Biroq odatiy taqsimlash tizimi davlat ijrochilarining ish hajmini nomutanosib belgilanishiga, ayrim hollarda ishlarni taqsimlashda guruhbozlik va tanish-bilishchilikka sharoit yaratishi mumkin.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ijro hujjatlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat ijrochilari oʻrtasida taqsimlash tartibi joriy etilmoqda.

Davlat ijrochilari tomonidan qabul qilingan qarorlari va ijro harakatlari haqidagi xabarnomalarni avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) koʻrinishida yoʻllash choralari koʻrilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » MIB xodimlari ijro hujjatlari koʻpligidan 16 baravar yuklama bilan ishlamoqda