date
views 2 664

Farg‘onada “qo‘l”da benzin narxi o‘n mingga chiqdimi?

Farg‘onada “qo‘l”da benzin narxi o‘n mingga chiqdimi?
Ma’lumki, noyabr oyining oxirlarida respublikamiz viloyatlarida metan quyish shaxobchalarida navbatga turgan mashinalar kilometrlarga cho‘zilib ketdi. Bu holat oddiy fuqarolar tomonidan havo sovishi bilan magistral quvurlarda gaz bosimining tushib ketishi bilan bog‘lasa, ayrimlar tabiiy gaz aholi xonadonlariga berilishi sabab tunda “metenzaprafkalari” ning ishlashiga ruxsat berilmayotganligi bilan izohlashmoqda. Haqiqatdan ham vodiy viloyatlarida metan quyish shaxobchalarining tongi 7:00 dan tungi 18:00 gacha ishlashiga ruxsat berilgan deyilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarning aksariyati bugungi kundagi shu holatlardan noroziliklar bilan bog‘liq.

Achinarli holat shundaki, metan quyish shaxobchalarida kuzatilayotgan bu holat bevosita boshqa sohalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

– Mashinamga bir haftadan buyon “qo‘l”dan litrini 10 ming so‘mdan benzin quyyapman,- deydi Bag‘dod shaharchasida istiqomat qiluvchi Inomjon Usmonov. – Tasavvur qilyapsizmi 10 ming so‘m-a?! 7 soatlab keladigan metandagi navbatlarga esa vaqt yo‘q, tirikchilik qolib ketadi. Bir do‘stimning maslahati bilan kechadan buyon Toshkentga qatnovchi taksichilarga benzin “zakaz” qilyapmiz. Ilojimiz qancha, qimmat bo‘lsa ham shaxobchalarda benzin bo‘lsa quyamiz.

Lekin qani o‘sha benzin? Fikrimcha, yaqinda poytaxtda ham metan shaxobchalari u yog‘ida tursin men kabi iltimos qilganlarning hisobiga benzin quyish shaxobchalarida ham turna qator “ochered”lar yuzaga keladi. Bilasizmi, bu holatlar nimani bildiradi? Ming marta OAV,internet nashrlarida bong urganimiz bilan, har yili shu holat takrorlanaversa ham, ayni haqiqat shu - biz kuz-qish mavsumiga tayyor emasmiz. Bu achchiq haqiqat!

Erta tongdan ishga otlanarkansiz Farg‘onaning tuman va shaharlari yo‘l chetlarida o‘z manzillariga vaqtida yetib bora olmayotgan minglab fuqarolarni, talabalar, o‘quvchilar, oddiy ishchilarni ko‘rasiz. Taksilar, avtobuslar, mikro avtobuslar allaqachon yo‘l kira haqlarini teng barobariga oshirib olgan.

–Rishton-Bag‘dod tumaniga damaslar 1500 so‘m edi. Har kuni o‘qishga qatnayman, –deydi Nilufar Qozoqova. – Bir hafta bo‘ldi. Yo‘l haqlari 3000 ming so‘mga “chiqib oldi”. Har doimgidek, metandagi ocheredlar, benzin, svet,gazning yo‘qligi kasofati oddiy xalq bo‘yniga tushadi. Rishton-Farg‘ona shahar yo‘nalishlari taksilari ham birdaniga 10 ming so‘mdan 20 ming so‘mga chiqib oldi. Ularning ham iloji qancha, “qo‘l”dan benzin quyishyapti. Metan quyish shaxobchalarida esa ularning umri o‘tib ketishi tayin. Odamlar ham boriga shukr qilib, taksi kamligi uchun darrov o‘tirib olishadi. Ayrim mashinasi bor qishloqdoshlarimiz allaqachon ulovlarini garajga olib kirib qo‘ygan.

–Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesiga ketaverishdagi yoqilg‘i quyish shaxobchasi bir oydan beri tumonat odamlar bilan gavjum. Navbatingiz bir yarim ikki soatda keladi, –deydi Farg‘ona shahri Beshbola mahalla fuqarolari yig‘inida istiqomat qiluvchi Aliqul ota Safoyev. -O‘g‘limning mashinasini minib chiqdim. O‘zi taksida ishga ketdi. Men ularga yordam bo‘lsin, deb benzinga navbatga turibman. Metan quyish navbatiga esa yaramayman. Nima qilardik... Doimgidek sabr qilamizda. Bu kunlar ham o‘tib ketar?!

Yoqilg‘i quyish shaxobchalaridagi navbatda turgan aholi benzin “zaprafka”larida terminallarning ishlamayotgani va faqat naqd pulga xizmat ko‘rsatilayotganligini aytishmoqda. Bu esa bank kiraverishlaridagi bankomatlarda ham uzundan uzun navbatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi holatlarning yakuni bormikan? Beshbolalik Aliqul otaning aytganidek, nima qilardik... Doimgidek sabr qilamizda. Bu kunlar ham o‘tib ketar?!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada “qo‘l”da benzin narxi o‘n mingga chiqdimi?