date
views 4 175

Chiroqchida jarimaga tortilgan YPX xodimining mast bo‘lgani tasdiqlanmadi, haydovchi esa tuhmatda ayblandi

Chiroqchida jarimaga tortilgan YPX xodimining mast bo‘lgani tasdiqlanmadi, haydovchi esa tuhmatda ayblandi
Katta serjant Nasibali Yarmatov
11 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilgan YPX katta inspektori Nasibali Yarmatov mast holda bo‘lgani haqidagi gumonlar tasdiqlanmadi.

Ichki ishlar vazirligi YHXBBdan ma’lum qilishlaricha, shu kunning o‘zida viloyat narkologiya dispanserida o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida xodimning hushyor holda ekani aniqlangan.

Bosh boshqarma avvalroq viloyat IIB tomonidan berilgan axborotni tasdiqlab, ba’zi qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

«11 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIB YHX boshqarmasi YPX bataloni 2-YPX otryadi 2-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori, katta serjant N.Yarmatov soat taxminan 14:20larda Chiroqchi tumanidagi «Mikrokreditbank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisi talablariga amal qilmasdan to‘xtab turgan «Labo» rusumli (davlat raqami 70 J 787 OA) avtomobil haydovchisi Shohrux Nurimovdan hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan.

Haydovchi avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqarib yurganini ma’lum qilgan. Xodim ushbu qoidabuzarlik bo‘yicha haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Ushbu avtomobilni jarima maydoniga olib ketish vaqtida inspektorning «Spark» rusumli (davlat raqami 70 G 878 OA) shaxsiy avtomobili majburiy to‘xtash chiroqlari yoqilgan holda «Mikrokreditbank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisi ta’sir doirasida qolgan.

Haydovchi Sh.Nurimov qoidabuzarligi uchun jazolanganidan jahllanib, Mustaqillik ko‘chasiga qaytib kelgan va inspektorning avtomobilini ko‘rib, unga chora ko‘rish kerak, deb to‘plangan olomonga murojaat qilgan va xodim sha’niga har xil tuhmat gaplar yog‘dirgan.

Chiroqchi tumani IIO FMB YHHB boshlig‘i kapitan F.Yangiboyev katta serjant N.Yarmatovga «Yo‘l harakati qoidalari»ning 92-bandi talablarini buzgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Serjant N.Yarmatov «Spark» rusumli avtomobilning majburiy to‘xtash chiroqlarini yoqib qoldirganligi uchun akkumlyator quvvati tugagani sababli ushbu avtomobil evakuatorga ortib ketilgan.

Shuningdek, to‘plangan odamlar YPX inspektorini spirtli ichimlik ichganlikda ayblab, videotasvirga olgan.
11 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati narkologiya dispanseri tomonidan serjant N.Yarmatovning mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra N.Yarmatov hushyor holda ekanligi aniqlangan», – deyiladi respublika YHXBB bildirishida.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan tekshiruv ishlari ketmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chiroqchida jarimaga tortilgan YPX xodimining mast bo‘lgani tasdiqlanmadi, haydovchi esa tuhmatda ayblandi