07:00 / 13.01.2020
2 726

Yangi joriy etilgan transport kartasi qanday ishlaydi?

Yangi joriy etilgan transport kartasi qanday ishlaydi?
Yangi yilning yangiliklaridan biri O‘zbekistonda yagona transport kartasi joriy etilishi bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan bunday turdagi kartalar qanday ishlaydi? U haqida nimalar bilishimiz kerak?

Birinchi navbatda yangi kartalar o‘rnatilgan NFC chipi tufayli kontaktsiz ishlaydi. Ularning narxi 11000 so‘mni tashkil etadi, shuningdek, ushbu summaga bir martalik transportdan foydalanish xarajati ham kiradi. Tizim jamoat transport narxida — bir martalik yo‘l uchun 1400 so‘mdan yechib olmoqda. Hali chiqqaniga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, bugungi kunga qadar 1000 ga yaqin kartalar sotilishga ulguribdi.

Yagona transport kartasi hozircha 30ta avtobus bekatlarida (gavjum va markaziy bekatlar asosan) va metro bekatlarida sotuvga chiqarildi. Kartalarni o‘sha sotuv joylarida, shuningdek, UzCard ilovasi orqali to‘ldirish mumkin. “AVTOMATLASHTIRILGAN TRANSPORT TOʻLOV TIZIMI OPERATORI” MCHJ kompaniyasi direktori Timur Azadovning ta’kidlashicha hozirda kartani Click, Payme, Paynet kabi to‘lov tizimlari bilan integratsiya etish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kelajakda ular ham ishga tushadi va kartani to‘ldirish imkoniyati oshadi.

Ko‘pchilikda imtiyoz evaziga oylik yo‘l chiptalaridan foydalanib kelganlarning kelajakda qanday yo‘l tutishi qiziqtirishi tabiiy. Azadovning ma’lum qilishicha, ular uchun alohida kartalar ochiladi. Masalan, o‘quvchilar-talabalar, nafaqaxo‘rlar ham o‘zlari uchun alohida kartalar chiqariladi. Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanadiganlar uchun ham alohida kartalar chiqariladi. Imtiyozga ega bo‘lganlar bir oylik o‘rtacha 130 marta transportdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Cheklovdan oshgan holatda ular ham odatiy tarif bo‘yicha to‘lovni amalga oshirib jamoat transportidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Yangi tizim qanday ishlaydi?
Hozirgi kunda 800 dan ortiq avtobuslar yangi to‘lov usulini qabul qiladigan mobil tasdiqlash (validator) uskunalari bilan jihozlangan. Qurilma yordamida siz soniyalar ichida to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, ketma-ket yoki boshqa birov foydalanmasligi ham hisobga olingan. Ya’ni xavfsizlik nuqtai nazaridan bitta karta orqali ketma-ket ikki marta to‘lov qilib bo‘lmaydi. Tizim bir marta to‘lovni amalga oshirganidan so‘ng 6 daqiqa davomida maxsus qulfga tushadi va faqat shundan keyingina siz tarif bo‘yicha qayta to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin.

Azadovga ko‘ra, shuningdek, mart oyidan boshlab statsionar validatorlar ham o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bunday holatlarda sizga konduktorlar kerak bo‘lmaydi. Yo‘lovchilar o‘zi mustaqil statsionar validatorga kartani qo‘yib to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bu tizim ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Metro yo‘l haqi
Yangi tizim metroda ham ishlaydi. Metro kassalarida siz yangi kartani sotib olishingiz va uni o‘sha yerdayoq to‘ldirishingiz mumkin. Yo‘lkira uchun to‘lovni qabul qilish turniketlarga o‘rnatilgan validator orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, metroda eski turniketlarning o‘rniga yangilari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

To‘lovni bekor qilish funksiyasi
Yangi tizim to‘lovni bekor qilish funksiyasiga ham ega. U transport vositalarining buzilishi holatlarida qo‘llaniladi, masalan siz to‘lov qilib bo‘lgansiz, ammo o‘sha transport ma’lum sabablarga ko‘ra, buzilib qolsa, harakatni davom ettira olmay qolsa, yo‘lovchilarning puli qaytarib beriladi.

Soatbay tariflarning joriy etilishi
Shuningdek, hozircha yo‘lovchilar uchun soatbay tariflar ham joriy etilishi kutilmoqda. Ya’ni yo‘lovchi yurgan yo‘li uchun emas, balki transportda yurgan vaqti uchun to‘lashi imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mas’ullar buni ikki yo‘l bilan amalga oshirishmoqchi:
- avtobusga (metroga) yo‘lovchilar kirish va chiqish joylarida ikkita validator moslamasini o‘rnatish. Bu tizimda vaqt va yo‘l haqi hisoblab chiqilgandan so‘ng (aniq narxi hozircha noma’lum) amalga oshiriladi;
- vaqtni hisoblab turadigan ilovadan foydalanish.

Universal karta
Loyihaga ko‘ra, yagona transport kartasining boshqa funksiyalarni ham bajarishi rejalashtirmoqda, masalan, bu karta orqali pullik avtoturargohlar uchun to‘lovlarni yoki zaruriy ehtiyoj uchun kichik tovarlarga (masalan non) to‘lovlarni ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Loyihani moliyalashtirish
Timur Azadov bergan ma’lumotga ko‘ra, loyihaga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 12 million dollarga baholanmoqda. Bunda asosiy investor UzCard — 6 million dollar, Aloqabank — 3 million va Transport vazirligi — 3 million dollar taqdim etishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi joriy etilgan transport kartasi qanday ishlaydi?