
Yaqinda tvitterda qirg‘izistonlik jurnalistlardan biri Toshkentdan Bishkekka avtobusda borgani haqida yozib qoldi. Yozishicha, u avtobusda Qirg‘izistonda ishlash uchun ketayotgan o‘zbekistonliklar bilan birga ketgan. U, ayniqsa, Qozog‘iston chegarasidan o‘tayotganda til bilmaydigan yoshlarimizga nisbatan chegarachilarning munosabatidan dili og‘riganini yozgan.
Darvoqe, Qirg‘izistonda ishlash uchun O‘zbekiston va Tojikistondan mehnat migrantlari tashrif buyuradi. Ularning aksariyati mavsumiy ishlarda — qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohalarida ishlashadi. Qirg‘izistonga, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 150-200 ming atrofida mehnat migrantlari tashrif buyuradi. Ayniqsa, chegaralar ochilgach Farg‘ona vodiysidagi chegaradosh hududlardan kunlik, bir necha kunlik ishlash uchun qatnashlar ancha ko‘paygan.
Shundan bo‘lsa kerak, Qirg‘iziston parlamentida mehnat migrantlari uchun patent joriy qilish haqida qonun loyihasini ko‘rib chiqish boshlangan. Hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, hujjat asosan yurtdoshlarimizga qaratilgan, desa ham bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, agar migrant jismoniy shaxslar qo‘lida, tomorqa yoki dalalalarda ishlasa, 500 som (7$) atrofida patent haqi to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar yuridik shaxslar yollaydigan bo‘lsa, korxona 57$, migrant esa 28,5$ atrofida haq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Kimdir yurtdoshlarimizning yo‘ldagi azoblaridan dili og‘riydi. Kimdir yurtdoshlarimizning uzoq va yaqin yurtlarda haq-huquqsiz nasibasini terib yurganidan dili og‘riydi. Kimdir g‘ururi toptalayotganidan noliydi. Lekin nolishlar, dili og‘rishlar muammoni hal qilganida edi...
Nimagadir xalqimizning tadbirkorligiga juda ishonaman. Bu xalqqa imtiyoz, kredit yoki yordam kerak emas. Faqat teginilmasa bo‘ldi. O‘zimizni ham boqadi, o‘zgaralarga ham sotadi. Davlatning ish o‘rinlarini yaratish dasturlari esa shunchaki quruq gapdan boshqa narsa bo‘lmay qoldi. Balki shunchaki xalqimizga umuman xalaqit bermaydigan tizimni yo‘lga qo‘yarmiz.
Qobil Xidirov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar